Skip to main content

Dunyodagi eng yirik tematik dengiz istirohat bog‘i

2023-yilda Abu-Dabida o‘lchamlari bilan Ginnes rekordlar kitobiga kirgan SeaWorld Yas Island yopiq tematik istirohat bog‘i ochildi: park besh darajani qamrab olgan – 176 kv.m dan ortiq (taxminan 25ta futbol maydonidek keladi).

Butun dunyo bo‘ylab dengiz hayvonot olamini namoyish qilish uchun mo‘ljallangan majmua dunyodagi eng yirik hayvonlar farovonligini saqlash tashkiloti Global Humane tomonidan sertifikatlangan. Ushbu muassasada kosatkalar yo‘q, ammo delfinlar, dengiz arslonlari, morjlar, akulalar va nurlar kabi 100 mingdan ortiq boshqa jonzotlar mavjud.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

Park sakkizta tematik zonaga ajratilgan, tashrif buyuruvchilar Yer yuzidagi turli okeanlar va mintaqalari bo‘ylab sayohat qiladilar va u yerda hayot kechiruvchi jonzotlar bilan tanishadilar. Masalan, tropik okean zonasida delfinlar va tropik o‘rmonni ko‘rishingiz mumkin, Antarktidaning qutb okeanida esa olti turdagi pingvinlarning o‘yinlariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Bu yerda dengiz arslonlariga yemak berish, delfinlar chiqishini kuzatish yoki Fors ko‘rfazining dengiz hayoti bilan tanishish mumkin bo‘lgan hayvonlar bilan yaqinroq aloqada bo‘lish uchun maxsus zonalar ham mavjud. Hududda 13ta do‘kon va 17 ta ovqatlanish shaxobchalari mavjud, ularning ko‘pchiligi suvda joylashgan.

Dunyodagi eng ko‘k suvli plyaj

CV Villas ingliz turistik agentligi Yer yuzidagi eng ko‘k suvli plyajni topishga kirishdi. Ular butun dunyo bo‘ylab 200 ta plyaj suratlarini jamlashdi va ularni tahlil qilib chiqishdi, suvning ranglilik kodini aniqlashdi va uni ko‘k rangning sertifikatlangan eng ko‘k tusi – 2009-yilda Oregon davlat universiteti olimlari tomonidan kashf etilgan YinMn Blue’ning rang kodi bilan solishtirishdi.

Natijada g‘oliblik unvoni Albaniyadagi Pasqyra plyajiga nasib etdi. Butun dunyoda Ko‘zguli plyaj nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu plyaj Albaniya sohilining marvaridi sanaladi, bu nomni esa u quyosh nuri dengiz yuzasiga tushganida suv ranglari ko‘zgu effekti hosil qilgani sabab olgan.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

Plyaj mamlakatning janubiy chekkasida, Korfu yunon oroli qarshisida joylashgan va uni shamoldan himoyalovchi qoyali shakllar bilan o‘ralgan. Nisbatan xilvat yerda joylashganligi sabab faqat bitta restorani mavjud. Ustiga ustak bu yerga yetib kelish oson emas, bu plyaj ancha mashhur, shunday ekan ko‘p sonli dam oluvchilarga duch kelishga tayyor turing.

Qisqa ro‘yxatga Gretsiyadagi Paralia Mpouka (“Uzun plyaj”), Fransiyadagi de la Vernet plyaji, Turkiyadagi Kaputash plyaji ham kiradi.

Dunyodagi eng baland sharshara

Bu Venesuelaning “Kanayma” parkidagi Anxel sharsharasidir. Uning balandligi suvning 807 metrlik uzluksiz yerga tushishi bilan hisoblaganda 979 metrni tashkil etadi. Sharsharaga uning mavjudligini ilk marotaba 1933-yilda hujjatlashtirgan amerikalik aviauchuvchi Jeyms Krouford Enjel ismi berilgan (shunday bo‘lsa-da, albatta, sharshara mahalliy pemon qabilalariga tanish bo‘lgan).

Anxel Venesuelaning sharqiy qismidagi Gran Sabana mintaqasida joylashgan. Sharshara ozmi-ko‘pmi ingichka, ammo kuchli oqimga ega bo‘lib, u tushganda mayda tumanga tarqalib, atrofida chiroyli suv pardasini hosil qiladi.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

Sharsharaga tashrif buyurish – uning uzoqda joylashganini hisobga olgan holda haqiqiy sarguzashtdir. Ungacha faqat havo yoki suv orqali yetib borish mumkin. Aksariyat sayyohlar Syudad-Bolivar yoki Kanayma shaharlaridan kichik  samolyotlarda uchishadi. Yana bir usuli — Kanaymadan daryolar bo‘ylab kanoeda ko‘p kunlik sayohat qilish. Shu tariqa siz milliy bog‘ning tabiatiga chuqurroq sho‘ng‘ishingiz mumkin.

Mahalliy qabilalar uchun Anxel sharsharasi ma’naviy va madaniy ahamiyat kasb etadi. Suv oqib tushadigan Tepui tog‘lari muqaddas hisoblanadi, sharsharaning o‘zi esa – qudrat va afsonalar makonidir. Darvoqe, Anxel Pixar’ning vaysaqi-sayohatchi haqidagi “Tepaga” multfilmidagi go‘zal sharshara uchun prototipga aylangan.

Dunyodagi eng katta g‘or

Vyetnamning Kuangbin provinsiyasidagi “Fognya-Kebang” milliy bog‘ida Shondong g‘ori joylashgan. 5 kmgacha uzunlik, 200 metrlik balandlik va 150 metrlik kenglik sabab ushbu g‘or dunyodagi eng katta g‘or maqomini olgan. G‘orda uzunligi 70 metrdan bsohlanadigan ulkan stalagmitlar va million yillar davomida shakllanib kelayotgan stalagnatlar qo‘nim topgan.

Eng yangi tarixda u ilk marotaba 1991-yilda mahalliy fermer Xo Xan tomonidan aniqlangan, ammo 2009-yilga qadar o‘rganilmaganligicha qolgan, o‘sha yili esa Britaniya speleologiya assotsiatsiya o‘zining birinchi tadqiqotini o‘tkazdi va uning o‘lchamlari va xususiyatlarini hujjatlashtirdi.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

G‘orlarning o‘z ekotizimi mavjudki, uning ichida daryolar, jungli va hatto bulutlari ham bo‘ladi. Bir nechta joylarda g‘or shifti o‘pirilib tushib, quyosh nuri kirishiga yo‘l ochiladi va o‘simliklar va daraxtlar o‘sishi uchun sharoit yaratiladi.

Mazkur muhitni saqlab qolish uchun g‘orga kirish cheklangan: ekskursiyalar yilda atigi bir-ikki marta o‘tkaziladi, turistlar soni chegaralangan. Lekin joyni band qila olsangiz, sizni haqiqiy haftalik detoks kutadi: yo‘nalishlar bir necha kun vaqtni oladi va junglida sayr qilish va yerosti daryolarini kechib o‘tish ham uning ichiga kiradi.

Dunyodagi piyodalari eng ko‘p shahar

Turli bozorlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan Compare the Market kompaniyasi shunday shaharni aniqlash uchun butun boshli tadqiqot olib borishdi (qolaversa, bu reyting birinchi yil olib borilayotgani yo‘q). Mutaxassislar ko‘pchilik omillarni baholashdi, ularning asosiylari piyodalar o‘tish yo‘laklari, o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori va yillik avtomobil halokatlari, shuningdek, yomon ob-havoda shaharning qay darajada xavfsizligi  edi. Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlari va velosipedda yurish infratuzilmasi tahlil qilindi.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

Natijada Germaniyaning Myunxen shahri birinchi o‘rinni egalladi. Tadqiqot tashkilotchilarining ta’kidlashicha, bu shahar katta umumiy – 1400 kilometrdan ortiq masofadagi velosiped yo‘laklariga ega (Amsterdamda atigi 400 kilometr). Shaharliklarning 86%i avtomobil yo‘llaridan holi bo‘lgan joydan bir kilometr narida yashaydi.

Myunxendan tashqari, eng yaxshi o‘ntalikka Varshava, Xelsinki, Parij, Madrid, Oslo, Kopengagen va yuqorida aytib o‘tilgan Amsterdam ham kirgan. Top-10talikdagi yagona Yevropada joylashmagan shahar – Tokio. Nyu-York AQSHdagi piyodalari eng ko‘p shahar hisoblanadi, lekin dunyo bo‘yicha u 34-o‘rinda turadi.

Dunyodagi eng katta sho‘rxok yer

Sho‘rxok yer – yuzasida ko‘p miqdorda tuz mavjud bo‘lgan tuproqning bir ko‘rinishi. Boliviyaning janubi-g‘arbida maydoni 10 ming kv.m keladigan dunyodagi eng yirik sho‘rxok cho‘l joylashgan (taqqoslash uchun: Toshkent shahrining maydoni taxminan 500 kv.km). Ilgari bu yerda ming yillar avval qurib bitgan Minchin oroli bo‘lgan. Yuzasi quyosh nuri va shamol ta’sirida tuzning kristallashuvi natijasida hosil bo‘lgan ko‘plab olti burchakli plitalarga bo‘lingan.

Turistik sayohat uchun siz xayolingizga ham keltirmagan 6 maskan, 7men.uz

Lekin Uyunining ajib xususiyatlaridan biri – uning yomg‘irdan keyin ulkan ko‘zguga aylanishidir. Yuza ingichka suv qatlami bilan qoplanganda, u osmonni aks ettiradi va odamlar go‘yo bulutlar uzra yurgandek taassurot uyg‘otadi.

Sho‘rxok yerning jami hududida alohida orollar ham bor, ulardan eng mashhuri – Inkauasi – bahaybat kaktuslar bilan qoplangan orol, kaktuslarning bir nechtasining balandligi 10 metrgacha boradi. Umuman, yeri unumsiz bo‘lib ko‘ringani bilan Uyuni ham yagona ekotizimga ega. Yomg‘irlar mavsumida sho‘rxok yer uch turdagi flamingolarning ko‘payadigan maskaniga aylanadi. Och pushtirang qushlar oppoq qorga o‘xshash cho‘l yuzasi bilan rang-baranglik kasb etib, aql bovar qilmas manzara hosil qiladi.

 

To‘pladi va tarjima qildi: Dmitriy Lyagin