Aslida bizning qadimgi ajdodlarimiz, garchi erkaklar va ayollarning ijtimoiy rolini aniq taqsimlab olgan bo‘lsalar-da, atirlardan katta ehtimol bilan bir xilda foydalanishgan. XX asrning boshiga qadar hidlarni jinsga qarab hech qanday ajratishlar bo‘lmagan. Biroq ko‘p o‘tmay marketologlar ushbu mahsulotlarning erkaklar va ayollarnikiga ajratish savdoni oshirishini payqab qolishgan va mutlaqo yangi davr boshlangan.
Notalar juda aniq taqsimlangan: gullar va mevalar – ayollar uchun, ud, teri va sitruslar – erkaklar uchun. Muattar hidlar reklamasi endi parfyumeriya tarkibini emas, balki bu flakon bilan qanday – omadli, jiddiy, seksual insonga aylanishingizni sota boshladi. Biroq boshlang‘ich nuqtaga qaytamiz.
Misr moylari
Parfyumeriya tarixi an’anaviy tarzda qadimgi Misrdan boshlanadi, uning aholisi terini quyoshdan himoyalash sifatida, shuningdek, issiq iqlimda yoqimsiz hisni yashirish maqsadida turli muattar hidli moylardan foydalangan.
O‘sha vaqtlarda atirni qanday tayyorlashgan? Bu jarayonda foydalanilgan nisbatan ommaviy o‘simliklar mirra, ladan, kedr daraxti, dolchin, jasmin va aturgul bo‘lgan. Ularni hidi ancha to‘yingan vaqtlarda terib, quritishgan. Keyin esa ularni moy yoki yog‘ (ko‘pincha zaytun moyi yoki g‘oz yog‘i) ichiga solishgan va moy hidni o‘ziga singdirib olishi uchun bir necha haftaga ivitib qo‘yishgan. Keyin esa o‘simlik parchalaridan moyni tozalab olishgan – mana shu suyuqlik bugungi kunda bizga ma’lum bo‘lgan atirlarning prototipi bo‘lgan. Olingan moyni yana bir necha oyga qorong‘u joyga dam yeyishi uchun qoldirish mumkin bo‘lgan.
Qadimgi yunonlar birinchi bo‘lib suyuq atir qila boshlashgan, rimliklar esa muattar isli vannalar qabul qilish an’anasini kiritishgan. Sharqda bosqichma bosqich gullardan moy olishni o‘rganishgan, butun dunyoga mashhur atirgul suvi paydo bo‘lgan. Muattar aralashmalardan nafaqat “go‘zallik uchun”, balki tibbiy maqsadlarda ham foydalanilgan; Mesopotamiyada, masalan, o‘tkir hidli suyuqliklar meditatsiya va diniy marosimlar uchun tayyorlangan. Umuman olganda, atirlardan faqat shu tariqa o‘zining badavlatligini ko‘z-ko‘z qiluvchi oqsuyaklar foydalanishgan.
Sharq allomalari
Rim imperiyasining qulashi bilan parfyumeriya san’ati Yevropada amalda unutildi, biroq Sharqda saqlanib qoldi va rivojlandi. Qorong‘u asrlarning uzoq davri mobaynida (taxminan VI dan X asrgacha) Yevropa bir-biri bilan muttasil urushuvchi mayda davlatlarga parchalangan edi, bu esa savdo yo‘llarining uzilishi va uzluksiz iqtisodiy inqirozga olib kelgan: atir hidlarigacha ham oson bo‘lmagan. Xristian cherkovi o‘sha vaqtlarda hashamat belgisi sifatida parfyumdan foydalanishni qoralagan edi.
Sharqda bu vaqtda ilm-fan hukmronlik qilgan; Hindiston, Afrika va Janubi-sharqiy Osiyo bilan savdo aloqalari faol tarzda amalga oshirilgan, o‘sha yerdan turli-tuman ziravorlar, qatron va moylar keltirilgan; meditatsiya va teri parvarishi uchun muattar moddalardan foydalanilgan; hunarmandlik institute ham rivoj topgan: kulol va to‘qimachilar bilan bir qatorda iforlar bilan shug‘ullanuvchi butun oilalar ham bo‘lgan.
Arab va forslar, masalan, distillash usulini ishlab chiqqan holda, parfyumeriya san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shganlar. Olovga suv to‘ldirilgan qozonni qo‘yishgan, unga xilma-xil o‘simliklar tashlashgan, uning ustiga bug‘ni tutish quvurchasini o‘rnatishgan. Suv qaynaganda bug‘ o‘simliklardan hid molekulalarini ushlab, naychalarga tushgan, u yerda yana kondensatga yig‘ilib, suyuqlikka aylangan. Bu gidrolat, yoki “gul suvi”dan atirlar tayyorlashda foydalanishgan.
Parfyum va “Kyoln suvi” modasi
Uyg‘onish davrida parfyumeriya Yevropada, ayniqsa, Fransiyada qayta ommalashdi. Buning “aybdori” Quyosh qiroli nomi bilan mashhur, atirlarning mukkasidan ketgan ishqibozi Lyudovik XIV va ulardan saroyda foydalanishni rag‘batlantirgan. U hatto “qirol parfyumeri” lavozimini ham joriy etgan.
Bungacha o‘tkir hidli moddalar Yevropada ishlatilgan bo‘lsa, maqsad faqat yoqimsiz hidlarni yashirish bo‘lgan. Erkaklar o‘zlari bilan xushbo‘y qopchalar va shishachalar taqib yurishgan; ushbu aksessuarlar kundalik garderobning ajralmas qismiga aylangan. Lyudovik esa XIV parfyumni estetik aksessuar, bezak sifatida urfga kiritdi.
Dunyo parfyumi tarixida XVIII eng boshlarida Kyolnda erkaklar odekoloni ishlab chiqarishni kash etgan italyan Jovanni Farinni tilga olib o‘tish muhimdir. Muvofiq tarzda, “odekolon” so‘zining o‘zi so‘zma so‘z “Kyoln suvi” – nemischadan Еau de Cologne degan ma’noni anglatadi.
O‘zida bergamot, limon va apelsin singari sitrus moylari asosida yengil va musaffo hidni namoyon etuvchi ayni shu “Kyoln suvi” butun Yevropa bo‘yicha tezda dong taratdi va xushbo‘y suvni anglatuvchi umumiy nomga aylandi. Biroq undan foydalanishga hammaning ham qurbi yetmagan. Odekolonning bir shishachasining bahosi o‘rta lavozimdagi amaldorning yarim yillik maoshiga teng bo‘lgan. Shu sabab Jovannining mijozlari faqat o‘ta davlatmand kishilar bo‘lgan.
Erkak va ayollarniki
XIX asrda organik kimyo faol rivojlana boshlagan, bu esa parfyumeriya rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. 1888-yilda Albert Bauer parfyumeriyada foydalaniladigan birinchi sintetik aromatik birikmaga aylangan nitro mushkni birinchi bo‘lib sintezlagan. Sal avvalroq, 1874-yilda vanilin sintezlangan, bu uning narxini salmoqli tarzda pasaytirgan. Parfyumeriya aholining nisbatan keng qatlamlarigacha kirib bordi; o‘shanda Guerlain va Houbigant singari atirlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ilk brendlar paydo bo‘ldi.
Biroq o‘sha paytlarda ham iforlar avvalgidek erkaklar va ayollarnikiga ajratilmagan. Bu XX asrdagina o‘ylab topilgan. Ustiga ustak qaysidir vaqt erkaklar uchun faqat oddiy, yengil odekolonlarni “qoldirishgan”, yangi atirlarning barcha palitrasi ayollarga mo‘ljallangan edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan va ommaviy madaniyat, xususan, Gollivud va uning xarizmatik erkak qahramonlari ta’sirisiz, brendlar erkaklar uchun ham alohida – shu jumladan, shubhasiz, marketing hiylasi bo‘lgan atirlar ixtiro qila boshlashdi.
Bugungi kunda biz uchun ancha-muncha tushunarli bo‘lgan farqlar tezda yuzaga keldi. Masalan, ayollarning gul hidlaridan farqli o‘laroq, erkaklarniki unchalik ham yorqin emas. Gulli komponentlar ayollar atirlarida ham foydalaniladi, biroq taniqli akkordlar yog‘och, o‘tkir hidli yoki sitrus notalari bilan bekitilgan. Ayollar iforlari nisbatan iliq va shirin, erkaklarniki esa – sovuq va neytral hisoblanadi.
Erkaklar atirining klassikasi
1920-yillarda fransuz parfyumeri Ernest Bo ayollar parfyumeriyasining timsoliga aylangan Koko Shanel uchun taniqli Chanel No. 5 iforini yaratdi. Fransuz parfyumeri Ernest Daltroff tomonidan 1934-yilda chiqarilgan Caron Pour Un Homme birinchi taniqli erkak iforlaridan biriga aylangan. Mazkur ifor o‘zida Provans lavandasi, Madagaskardan keltirilgan vanil va sintetik mushk isini uyg‘unlashtirgan holda hamohang va nafis kompozitsiyani yaratgan.
1966-yilda chiqarilgan Dior Eau Sauvage urushdan keyingi davrning chinakamiga taniqli erkaklar atiri iforlaridan biriga aylangan. Uni Dior’ning buyurtmasiga asosan, o‘sha davrlarning eng taniqli parfyumeri Edmond Rudnitska ixtiro qilgan. Bu tayyorlanish jarayonida xedion, jasmin hidli sintetik moddadan foydalanilgan ilk erkaklar atiridir. Umuman muattar hid tarkibi nihoyatda to‘yingan, sohada ma’lum novatsiya bo‘lgan: limon, bazilik, rozmarin, zira, kashnich, qalampirmunchoq, jasmin, atirgul, pachuli, dub moxi, sandal, vetiver (boshoqli o‘simlik) va mushk. Bundan tashqari, bu faol reklama kampaniyasi hamrohligidagi ilk erkaklar atirining hidi.
1970-1980-yillar hasham va glamur davriga aylandi. Bu davrda Paco Rabanne Pour Homme (1973) va Yves Saint Laurent Kouros (1981) kabi mashhur iforlar paydo bo‘ldi. Erkaklar parfyumeriyasi uzil-kesil individuallik va uslubga urg‘u beradigan o‘z-o‘zini ifoda etish vositasiga aylandi.
Nima sababdan atir hamisha shisha idishda bo‘ladi?
Atirlarni shisha idishda saqlash – bu nafaqat qadriyat, balki sifat va hidning turg‘unligi saqlashga yordam beradigan ilmiy asoslangan tanlov.
Shisha – flakon ichidagi suyuqlik bilan reaksiyaga kirishmaydigan kimyoviy inert material. Plastik yoki metalldan farqli o‘laroq, u o‘zidan hidni buzishi mumkin bo‘lgan hech qanday modda ajratmaydi. Shu bilan birgalikda, shisha – aloqaga kirishganda atirning tarkibiy qismi oksidlanishi va bug‘lanishi mumkin bo‘lgan havoning ichkariga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Va nihoyat, shisha chidamli va uzoq vaqt mobaynida foydalanganda ham o‘z xususiyatlarini yo‘qotmaydi.
Parfyum tarixidagi eng ommabop masalliqlar: ambra, ud va mushk
Ambra – kashalotlarning ovqat hazm qilish tizimida hosil bo‘ladigan organik modda. U mazkur dengiz sutemizuvchilari oziqlanadigan kalmarlarning tumshuqlari kabi o‘tkir predmetlar tegib ketganda qichishish oqibatida kashalotlarning ichagida hosil bo‘ladi. Bu reaksiya natijasida kashalotning ichki a’zolarini shikastlanishdan himoyalashga yordam beradigan mumsimon modda ajraladi.
Vaqt o‘tishi bilan ambra kashalot tanasidan ajraladi va okeanga tushib, quyosh, tuzli suv va havo ta’sirida ko‘p yillar suzib, yetiladi. Dastlab u kuchli va yoqimsiz hidga ega, biroq vaqt o‘tishi bilan dengiz tuzi, yog‘och, shirinlik va mushkning nozik va turg‘un iforiga boyib boradi. Odatda u yuvilgan qirg‘oqqa yuvib chiqarilgan sohillarda topilagan, biroq uni topish ulkan omad edi, bu narsa uning yuqori narxini izohlagan. Hali XX asrda original modda o‘rniga sintetik o‘rnini bosuvchi ambroksan moddasi qo‘llanila boshlangan.
Udni bir vaqtning o‘zida aloy (yoki ud) daraxti, shuningdek, ushbu daraxt tanasi ichida hosil bo‘lgan aromatik qatron shunday ataladi, chunki u qo‘ziqorinning ayrim turlari orqali yuqadi. Keyin daraxt infeksiyadan himoyalanish uchun qatron ishlab chiqarishni boshlaydi. Tabiatda u faqat o‘rmonda o‘sadi, ammo bugungi kunda daraxtlar sun’iy ravishda yuqadigan butun plantatsiyalar yetishtiriladi.
Ud yog‘ochli, tutunli, xushbo‘y va boshqa hech narsa bilan chalkashtirib bo‘lmaydigan shirin notali o‘tkir, to‘yingan va ko‘p qirrali hidga ega. U juda turg‘un va chidamli, shuning uchun ham ko‘pincha kompozitsiyada bazaviy nota sifatida foydalaniladi, shu bilan birga qolgan masalliqlar uchun yaxshi fiksator hisoblanadi. Bir kilogram udning bahosi $20000 atrofida turadi, lekin atirlar ishlab chiqarish uchun yiliga yarim kilogramm yetarli.
Mushk Himolay va Tibetda istiqomat qiluvchi nar mushk kiyiklarining tashqi sekretsiya bezlaridan olinadi. Bu modda boshqa ingrediyentlar bilan uyg‘unlashtirish mumkin bo‘lgan hidining universalligi sabab ommalashdi. Bundan tashqari, u terining tabiiy hidi bilan ham yaxshi uyg‘unlashadi.
Moddani olish uchun kiyiklarning o‘zi ovlangan, ularni o‘ldirib, hayvonning pastki qorin qismida joylashgan sekretsiya bezlari kesib olingan. Ichida suyuqligi bo‘lgan qopcha shaklidagi bezlar quyoshda quritilgan, ularning hajmi kichraygan, shu tariqa ularni saqlash va tashish oson bo‘lgan. Biroq bu hidga ta’sir ko‘rsatmagan, u hatto vaqt o‘tishi bilan yaxshi saqlangan. Bugungi kunda tabiiy mushk ham muqobil sintetik nitromuskus bilan almashtirilgan.
Matn: Denis Ustyansev