Azal-azaldan O‘zbekistonda choyxonalar (so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “choy ichiladigan xona”) mavjud bo‘lgan, u yerda erkaklar yig‘ilishib, uzoq vaqt gurung qilishgan, choy ichishgan, osh tayyorlashgan, o‘yinlar o‘ynashgan. Choyxonaga, taomilga ko‘ra, kelganlarni lovullatadigan jaziramadan himoya qiladigan chinor atrofiga o‘tirishga harakat qilishgan. Binoning old tomoni va devorlari jimjmador naqshlar bilan bezatishgan, gul tasviri tushirilgan suratlar hamda Sharqning buyuk allomalarining hikmatli so‘zlari bilan bezatishgan.
Choyxona yildan yilga o‘zgarishga uchragan, zamonaviylashgan, biroq mohiyat o‘sha-o‘shaligicha qolgan – ulkan gavjum davrada choy ichish. Shu asnoda, choyni ko‘plab xalqlar xush ko‘rishadi, ammo uni turlicha usulda damlab, turlicha ichishadi. Choy haqidagi eng qiziqarli faktlardan so‘z yuritamiz.
Bugungi kunda choy qayerda o‘stiriladi?
Choy muhim qishloq xo‘jaligi mahsuloti hisoblanadigan asosiy hududlarni sanab o‘tamiz.
Xitoy. Ming yillardan beri choy o‘stirib kelayotgan choyning vatani. U yerda juda ko‘p choy navlari yetishtiriladi, ustiga ustak har bir mintaqa o‘zining nodir navlariga ixtisoslashgan, masalan, Lunszina ko‘k choyi yoki Fuszyan provinsiyasining oq choyi.
Hindiston. Assam, Darjiling va Nilgiridagi yirik choy plantatsiyalari bilan mashhur. Masalan, darjilingni ko‘pincha xushbo‘y hidi tufayli “choylarning shampan vinosi” deb atashadi.
Shri-Lanka (Seylon). Shri-Lankada o‘zining tillarang tusi va boy ta’mi bilan tanilgan seylon choyi ishlab chiqariladi. Choy plantatsiyalari asosan orolning markaziy va janubiy qismlarida joylashgan.
Keniya. Afrikadagi eng yirik choy ishlab chiqaruvchilardan biri, uning katta qismi eksport qilinadi.
Yana qayerda?
Yaponiya. U yerda ko‘k choyning matcha va sencha kabi nodir navlari yetishtiriladi.
Turkiya. Xuddi o‘sha taniqli turk choyi Qora dengiz sohilidagi Rize mintaqasida yetishtiriladi.
Tayvan. Orol o‘zining yuqori sifatli ulun va ko‘k choylari bilan mashhur.
Eron. Asosan qora choy yetishtiriladi va uning plantatsiyalari mamlakatning shimoliy qismida, Gilyan provinsiyasida joylashgan.
Vyetnam. U yerda ham ko‘k, ham qora choy ishlab chiqarishadi, shuningdek, nilufarli choy yoki shan tuet kabi bir nechta maxsus navlar ishlab chiqariladi.
Argentina. U asosiy an’anaviy choy ishlab chiqaruvchi hisoblanmasa-da, Argentina texnik jihatdan o‘tli ichimlik sanaluvchi va iste’mol qilish taomilidagi o‘xshashlik sabab ko‘p hollarda choy madaniyati kontekstida tilga olinadigan yerba-mate ishlab chiqarish bilan tanilgan (u padub daraxti barglaridan tayyorlanadi).
Nepal. Hindiston bilan chegaradosh bo‘lgan bu davlat ham xushbo‘y hid xusuisyatlari uchun ko‘pincha darjiling bilan solishtirishadi.
Indoneziya. Indoneziyaning Yava va Sumatra orollarida o‘zining kuchli ifori bilan mashhur choy yetishtiriladi.
Braziliya. Braziliya o‘zining qahvasi bilan mashhur bo‘lsa-da, ayniqsa janubiy shtatlarida ko‘k va qora katta miqdordagi choy ishlab chiqariladi.
Gruziya. Bu yerda choy madaniyati post-sovet davrlaridan beri uzoq vaqt cho‘zilgan unutish davridan keyin qayta tug‘ilishni boshdan kechirmoqda. Choy mamlakatning g‘arbiy hududlarida yetishtiriladi va nodir mevali hidga ega.
Choy paketchalaridagi aslida choy emasligi haqiqatmi?
Choy paketchalarida ham choy qadoqlangan, shunchaki obdon maydalangan va klassik bargli choydek sifati bilan maqtana olmaydi. Ba’zan bu muayyan, nisbatan arzon navlar vilting (so‘litish), arqon eshish, fermentatsiya, quritish jarayonlaridan o‘tadi, keyin esa kerakli o‘lchamgacha maydalanadi. Shuningdek, tarkibi oddiy, klassik choy ishlab chiqarishdan qolgan qoldiqlar: ushoqlar, mayda donalar (fanning) va hatto “choy changi”dan iborat bo‘lgan paketlangan choy ham bo‘ladi.
Choy paketchalarini ommaviy ishlab chiqarish davrida o‘ylab topishgan. Birinchidan, asosiy ishlab chiqarishdan keyin qolgan xomashyodan shunday foydalansa bo‘ladi, ikkinchidan, hosil bo‘ladigan paketlar ancha arzon; uchinchidan, ular tezroq damlash, boring-ki, alohida stakanda foydalanish mumkin.
“Puer” nega bunchalik qimmat?
Bu choy ishlab chiqarishning o‘ziga xos usuli, ta’m sifati va foydali xususiyatlari sabab, choy madaniyatida o‘zgacha o‘rin egallaydi. Xitoyning o‘zida u “buyuk tog‘ choylari beshligi”dan biri sanaladi. Undan ko‘pincha sovg‘a sifatida yoki turli madaniy va diniy marosimlarning muhim elementi sifatida foydalanish mumkin.
U, hamma odatda yangiligida iste’mol qilishga harakat qiladigan boshqa choylardan vaqt o‘tishi bilan yaxshilanib borish xususiyati bilan noyob sanaladi. Puer ko‘p yillar yoki o‘nlab yillar davom etadigan noyob fermentatsiya jarayonidan o‘tkaziladi, shu vaqt mobaynida u faqat yaxshilanib boradi. Xuddi vinodek.
Turli davlatlarda choyni qanday ichishadi
Mo‘g‘uliston. Sut va tuzli choy
“Sutey say” nomi bilan mashhur mo‘g‘ulcha sutli choy dunyoning ko‘pchilik choy an’analaridan o‘zining nodir masalliqlar: qora choy, sut, suv va tuz uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Ba’zan choyga kaloriyalilik va to‘yimlilik baxsh etish uchun moy, yog‘ yoki seryog‘ go‘shtli bulyon qo‘shish mumkin.
Mongoliya – sarxil mahsulotlarni uchratish qiyin bo‘lgan sovuq iqlimli va ko‘chmanchi hayot tarziga ega mamlakat. Sutey say – masalliqlarini saqlash va tashish oson bo‘lganligi sababli asosiy ichimlikka aylangan. Choy nafaqat sovuq kunlarda tanani qizdiradi, balki ko‘chmanchilar uchun zaruriy bo‘lgan kaloriya va yog‘lar bilan ta’minlaydi.
Uni saynik deb ataladigan katta doshqozonda tayyorlashadi. Odati bo‘yicha, avval suv qaynatiladi, keyin qora choy (ko‘pincha taxtachoy yoki presslangan choy) barglari qo‘shiladi va bir necha daqiqa mobaynida qaynatiladi. Keyin doshqozonga sut va tuz qo‘shiladi. Nisbatda farq qilishi mumkin, biroq choyning bir qismiga sutning uch hissasi to‘g‘ri keladi.
Sutey say Mo‘g‘ulistonning ham shahar, ham qishloq hududlarida hanuzgacha mashhurligini saqlab qolgan, uni ko‘pincha yopgan non yoki mahalliy pishloqlar bilan dasturxonga tortishadi. U mo‘g‘ullar milliy o‘zligi va madaniy merosi ramzi bo‘lishda, shuningdek, ovqatlanish an’analari atrof-muhitga va hayot tarziga qay tarzda moslashishi mumkinligining tengi yo‘q namunasi bo‘lishda davom etmoqda.
Hindiston. Masala choyi
Masala choyi Hindistondagi eng ommabop va taniqli ichimliklardan biri sanaladi. U Britaniya mustamlakachiligi davrida paydo bo‘lgan deb hisoblanadi, biroq an’anaviy hind ziravorlari choyga ancha keyin qo ‘shilgan va uni biz bugungi kunda biladigan noyob ichimlikka aylantirgan.
Masala choyini an’anaviy tarzda obdon qaynatilgan qora choy, ayniqsa assam yoki darjilingdan sut, shakar va ziravorlar qo‘shib tayyorlashadi. Bu kardamon, dolchin, zanjabil, qora murch va muskat yong‘og‘i bo‘lishi mumkin. Ziravorlar nisbati va turlari hududga qarab farqlanishi mumkin: masalan, bir qancha joylarda hid berishi uchun arpabodiyon yoki atirgul yaproqlari qo‘shilishi mumkin.
Masala choyi odatda katta doshqozonda yoki kastryulda tayyorlanadi. Avvaliga suvga choy va ziravorlar qo‘shiladi va aralashma qaynashgacha olib boriladi. Keyin sut va shakar qo‘shiladi va qaynab chiqmagunicha kutiladi. Shundan so‘ng ichimlik mayda elakdan o‘tkazib piyola yoki stakanlarga quyiladi.
Argentina. Yerba-mate
Yerba-mate – Argentina madaniyati, hayoti va jamiyatining markaziy elementlaridan biri. Umuman yerba-mateni Janubiy Amerikada o‘sadigan Ilex paraguariensis o‘simligining barg va shoxlaridan tayyorlashadi. Barglar quritib, maydalanadi va keyin ustiga qaynoq emas, issiq suv quyiladi. Ichimlik o‘zining kofein va antioksidantlarni o‘z ichiga oluvchi tetiklashtiruvchi xususiyati bilan mashhur.
Argentinada mateni qovoqdan yasalgan umumiy idish (kalebas)da bir vaqtning o‘zida ichimlikdagi barglarni filtrlab o‘tkazadigan metall naycha (bombilya) orqali ichishadi. Idish uchdan bir qismigacha maydalangan yerba bilan to‘ldiriladi, undan keyin u bukilib, taxminan Selsiy bo‘yicha 70–80 gradus issiqlikdagi suv quyiladi. Yerbani “kuydirib” qo‘ymasligi va ichimlikning ta’m sifatini buzib qo‘ymaslik uchun suv qaynoq bo‘lmasligi muhim.
Ichimlik idishi odatda qo‘ldan qo‘lga uzatiladi, bu ishonch va umumiylik ramzi hisoblanadi. Mate (sebador) xo‘jasi ichimlikni damlab, o‘ta issiq yoki achchiq emasligiga ishonch hosil qilish maqsadida uni avval o‘zi tatib ko‘radi, keyin uni yonidagi odamga uzatadi. O‘tirganlarning har biri idish ichidagini qultum-qultumlab, shoshmasdan ichadi, keyin esa navbatdagi qaynatish uchun xo‘jaga uzatadi.
Zamonaviy argentinaliklar ba’zan matega xilma-xillik va an’anaviy ta’m berish uchun yalpiz yoki sitrus po‘stlog‘i kabi turli aromatizatorlar qo‘shishadi.
Marokash. Yalpizli choy
Marokashning atay nomi bilan mashhur yalpizli choyi ko‘k choy, asosan, xitoycha ganpauderdan, yangi yalpiz va ko‘p miqdordagi shakar solib tayyrolanadi. Suv qaynashgacha olib boriladi, keyin unga choy barglari solinadi va bir necha daqiqa dam beriladi. Shundan so‘ng yalpiz va shakar qo‘shilib, tag‘in qaynashgacha olib boriladi. Ba’zan o‘zgacha ta’m berish uchun choyga o‘t va ziravorlar qo‘shiladi.
U qizil uzun jo‘mrakli metall yoki shisha choynaklarda dasturxonga tortiladi, bu choyni shisha chashkaga balanddan ko‘piklantirib quyishga imkon beradi. Bu uning ichidagi choyni aralashib, birmuncha muvozanatlashgan ta’m berishga yordam beradi.
Marokashda yalpizli choy tayyorlash va iste’mol qilish ma’lum marosimlar bilan kechadi. Masalan, birinchi qaynatilgan choyni choy barglarini “tozalash” uchun xizmat qiladi, deb to‘kib tashlashadi. Choyning eng sara ta’mi uchinchi qaynatishdan keyin ochiladi, deb hisoblanadi.
O‘zbekistonda qancha choy ichishadi?
Ko‘p. Biroq buni raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, masalan, 2023-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston dunyoning 23ta davlatidan, birinchi navbatda Xitoy, Hindiston, Eron, Keniya va boshqalardan 6,7 ming tonna choy import qilgan (bu 1100ta dengiz konteynerlaridan ko‘p).
Matn: Denis Ustyansev