Skip to main content

2024-yilgi futbol bo‘yicha Yevropa chempionati. Romelu Lukaku Belgiya uchun najotbaxsh golni uradi. O’yinchilar va murabbiylar shtabi bayram qilmoqda. Lekin hakam markazni ko‘rsatishga shoshilmaydi. Buning o‘rniga u havoda hayoliy to‘g‘ri to‘rtburchakni chizib, monitor tomonga yuguradi.

Monitorda u Belgiya jamoasining yarim himoyachisi Openda Lukakuga to‘pni uzatishdan ikki soniya oldin qo‘li bilan o‘ynaganini ko‘radi. Darvozaning ishg‘ol etilgani hisoblanmaydi. Ma’lum vaqt o‘tgach belgiyaliklar turnirdan chetlashtiriladi. To‘pga o‘rnatilgan va sport snaryadiga tegish qaysi vaqtda yuz berganini aniqlaydigan maxsus datchiklardan foydalanuvchi tizim esa foydali deya e’tirof etiladi.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

Yevro-2024 davomida yangi VAR tizimi tufayli Romelu Lukakuning biryo‘la uchta goli bekor qilindi: futbolchi ikki marta deyarli ikki santimetrga ofsaydga chiqdi.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

NFL BOSHLAB BERGAN

Insoniyat sport o‘yinlariga turli xil texnologik yangiliklarni joriy etishga darhol qaror qilgani yo‘q. Bir tomondan, odamlar bunday yangiliklarning katta maydonlar, maydonchalar, kortlardagi hodisalarni qabul qilishga qanday ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlanganlar, boshqa tomondan esa — bellashuvlarning o‘zi uchun tashvishlanganlar.

Bu masalada birinchilik amerika sport turlariga nasib qildi, xususan Amerika MFL futbol ligasi mutlaq yo’lboshchiga aylandi. Ligada nizoli holatlarni ko‘rish bilan bog‘liq dastlabki tajribalar 1970-yillarning o‘rtalaridanoq amalga oshirilgan. 1986-yilda esa tizim muntazam mavsum doirasida ishga tushirilgan.

Biroq yangilik hammaga manzur bo‘lmadi. 1992-yilda jamoalarning egalari tizimni bekor qilish uchun ovoz bergan, chunki u o‘yin sur’atini sekinlashtirardi, hakamlar qarorlarining bekor qilinishi esa atigi 10 foiz atrofida edi.

Biroq, 1998-yil mavsumi oxirida munozarali hodisa yuz bergan. “Sietl Sixoks” matchda “Nyu-York Djets”dan oldinda borayotgan edi. “Djets” kvoterbeki (hujumchi) Vinni Testaverdi to‘p bilan hisob hududiga sho‘ng‘igan. Referi tachdaunni qayd qilgan, ammo takroriy namoyishda teletomoshabinlar chiziqni to‘p emas, kvoterbekning shlemi kesib o‘tganini ko‘rganlar. “Sixoks” mag‘lub bo‘lib, pley-offga o‘tmagan. Shundan so‘ng 1999-yil bahorida jamoalarning egalari modifikatsiyalangan video-takrorlashlar tizimini qabul qilganlar. Lahzalarni ko‘rish vaqti tezlashtirilgan. Shu tariqa, video-takrorlashlar MFL matchlarining ajralmas qismiga aylangan.

MXLda ham video-takrorlashlar taxminan shu davrda paydo bo‘lgan. Lekin avvaliga hakamlar darvoza olingani yuzasidan shubha tug‘ilgan vaqtdagina ularga murojaat qilgan. 2016-yilda takrorlarning imkoniyatlari kengaytirilib, murabbiylarga “chellenj” uchun ruxsat berildi. Keyinchalik “chellenjlar” boshqa ligalarda ham paydo bo‘ldi. Murabbiy o‘z talabi asosida nizoli lahzaning oqlanmagan ko’rilishi uchun ortiqcha taym-autni qurbon qiladi.

QIRGIY NIGOHI

Boshqa sport turlari 2010-yillar boshida texnologik inqilob o‘tkazishga qaror qildi. Tennisda Hawk-Eye (inglizchadan “qirg‘iy ko‘zi”) tizimi o‘n yildan ortiq qo‘llaniladi. Uning asosiy vazifasi — to p chiziqqa tushgani yoki aut bo‘lganini aniqlashdan iborat.

Tennisga tizim kriketdan so’ng tez orada kirib kelgan, ammo dastlab undan faqat televideniye vakillari foydalangan — ular shunchaki translyatsiyalarni vizual boyitishni xohlaganlar. Natijada, ayrim holatlarda hakamlar yanglishgan, tomoshabinlar esa buni ko‘rgan. Shu bois, tizimni o‘yinning o‘ziga ham joriy etishga qaror qilingan.

Hawk-Eye oddiy tamoyil asosida ishlaydi. Kortda o‘nta kamera (har tomonda beshtadan) o‘rnatiladi va ular soniyasiga 60 tadan kadr oladi. Kameralar ko‘p sonli ikki hajmli suratlar to‘p trayektoriyasi va tezligini hisoblash imkonini beradigan tarzda joylashtirilgan. Bu ma’lumotlarning hammasi parvoz modelini yaratadigan kompyuterga yuklanadi.

Aytish mumkinki, Hawk-Eye takrorlashlari — aslida bo‘lgan holat emas, balki aniq qayta yaratilgan haqiqatdir. Ya’ni, tizim hodisani aslida ko‘rgani uchun emas, balki ungacha bir necha lahza avval to‘p ma’lum parvoz holatida qayerga tushishi kerakligini hisoblab bo‘lgani uchun “aut” deb hayqiradi.

Keyinroq xuddi shu tizim futbolda ham qo‘llanila boshladi — aynan shu maqsadda: to‘p darvozani kesib o‘tgani yoki o‘tmaganini aniqlash uchun. Biroq, bu tizim ham ba’zida yanglishadi. APLda ham (Hawk-Eye kompaniyasi bir safar futbol bo‘yicha Angliya chempionatining “Sheffild Yunayted” va “Aston Villoy” o‘rtasidagi matchida hisobga olinmagan gol uchun rasman kechirim so‘ragan), tennisda ham.

Ushbu texnologiyani ishlab chiqqan kompaniyaning boshqaruvchi direktori Pol Xokins ayrim xatolarga qaramay, tennis bilan aloqador barcha odamlar bu tizim joriy etilganidan baxtiyor ekanligini aytgan: “Hawk-Eye xatolardan sug‘urtalanmagan, ammo, bizning hisoblarga ko‘ra, uning aniqligi 99,9 foizni tashkil qiladi”.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

Hawk-Eye video-qayd tizimining ishlashi (faqat tennisda emas): stadionda o‘yinni turli tomonlardan suratga olib, har bir alohida lahzada to‘pning parvozini prognoz qiluvchi bir nechta kamera o‘rnatilgan

ANANAVIY FUTBOL UCHUN

Futbol hammasidan uzoq qarshilik ko‘rsatdi. “Arbitrlar xatosi — o‘yinning bir qismi!” — FIFA va UYEFA uzoq vaqt shunday fikrda bo‘lgan. Arbitrlarga matchning nizoli vaqtlarida to‘g‘ri qaror qabul qilish imkonini beradigan video-ko‘mak tizimi xalqaro darajadagi qator sinovlardan keyin asta-sekin 2018-yilda joriy etila boshladi.

Shu tariqa, Hawk-Eye futbolda, aynan APLda ham paydo bo‘ldi. Lekin u yerda boshidanoq ikkita tizim raqobatlashgan: GoalRef va bizga tanish Hawk-Eye. Ular turlicha tuzilishga ega: ikkinchisining asosini stadion perimetri bo‘ylab o‘rnatiladigan (odatda tomda yoki uning ostida) va jarima maydonidagi holatlarni muntazam modellashtiradigan 14 ta yuqori tezlikka ega kamera tashkil qiladi. GoalRef esa kameralarsiz, elektr magnitli induksiya tamoyili asosida ishlaydi: shtanga va xarilarga magnit maydonni hosil qiluvchi maxsus datchiklar o‘rnatiladi. To‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tganida chip ovoz chiqara boshlaydi, arbitrning qo‘lidagi maxsus soatga esa urilgan gol haqida signal uzatiladi.

Bundan tashqari, boshqa yangiliklar ham bo‘lgan. Masalan, hakamlarning simsiz aloqasi. Quloqchin, mikrofon va uzatgich — va asosiy referi o‘z yordamchilari bilan aloqaga ega bo‘ladi. Tizim Bluetooth orqali ishlaydi, qariyb bir kilometr masofani qamraydi, shu bois hakamlar maydon bo‘ylab xotirjam harakatlanishi va bir-biri bilan muloqot qilishi mumkin.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

To‘pning darvoza ichiga tushganini aniqlaydigan futbol darvozasidagi datchiklar; bunda to’pning o‘zida ham datchik bo‘lishi kerak.

XATOSIZ BOLMAYDI

Buning ortidan futbolda VAR paydo bo‘lgan. Tizim Niderlandiyada yaratilgan bo‘lib, birinchi marta 2011/2012-yil mavsumida mamlakatning bosh divizionida sinovdan o‘tkazilgan. 2016-yilda butun dunyo bo’ylab ikki yillik sinov davri boshlangan. Tizim yordamida o‘tkazilgan birinchi rasmiy match 2016-yilning sentabr oyida Niderladiya Kubogi doirasida “Ayaks” va “Villem II” o‘rtasidagi o‘yin bo‘ldi.

Aynan shu vaqtda hozirgacha amal qilib keladigan arbitrlarning harakatlari bayonnomasi ishlab chiqilgan. Agar arbitr xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, video-ko‘mak u bilan bog‘lanishi kerak. Hakam VAR so‘zlariga quloq tutishi, uni e’tiborsiz qoldirishi yoki epizodni mustaqil qayta ko‘rishi mumkin. Oxirgi holatda u dastlabki qarorni o‘z kuchida qoldirishi yoki o‘zgartirishi mumkin.

Tabiiyki, VAR paydo bo‘lgan vaqtidan boshlab tanqid qilingan. Tomoshabinlar va match ishtirokchilarining bir qismiga ko‘rishlar juda ko‘p vaqt olishi, inson omili istisno qilinmasligi va shaffof emasligi yoqmaydi: hakamlarning so‘zlashuvlari stadionda eshitilmaydi (ammo Rossiya premyer-ligasida ba’zan arbitrlar so‘zlashuvi audio shaklda uzatiladi va bu juda qiziq).

Yana statistika ham bor. U 2023/2024-yilgi mavsumda faqat Angliya premyer-ligasining o‘zida VAR bilan bog‘liq 31 ta xatoga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlamoqda. “Liverpul”, “Brayton” va “Nottingem Forrest” hammadan ko‘proq aziyat chekkan: bu jamoalarga qarshi to‘rttadan noto‘g‘ri qaror qabul qilingan.

Natijada, ayrim mamlakatlar VAR tizimidan voz kechish haqida o‘ylanib qoldi. Bunda, Shvetsiya ilk qaldirg‘och bo’ldi. Mahalliy futbol federatsiyasi rahbari birinchi va ikkinchi liga klublarining aksariyat qismi texnologiyaga qarshi chiqayotganini ma’lum qildi. VARning bekor qilinishi ko‘p jihatdan jamoalarni boshqarish tizimi bilan izohlanmoqda. Xuddi Norvegiyada bo‘lgani kabi, ularning hech bo‘lmaganda yarmi muxlislarga tegishli — muxlislar esa ko‘pincha texnologiya yuzasidan keskin fikr bildiradi. Lekin Angliyada avval tilga olingan “Nottingem” tomonidan muhokamaga qo‘yilgan bunday ovoz berish muvaffaqiyatli yakunlanmadi.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

Takroriy lavhalarni ko‘radigan va ko‘rganlari haqida bosh hakamga xabar qiladigan VAR-hakamlar xonasi

ENDI TOP HAM AQLLI

Faqat VAR haqida gapirishimiz noto‘g‘ri. Bu yilgi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida texnologiyalar yanada ilgariladi. Endi to‘p ham aqlli bo‘ldi! Uni Fussballliebe deb nomladilar, nemischadan bu so‘z “futbolga muhabbat” deya tarjima qilinadi. To‘p Adidas kompaniyasi tomonidan ishlangan bo‘lib, kompaniyaning o‘zi snaryadni maxsus chip bilan jihozlagan. Chip soniyasiga 500 marta to‘pning aniq holatini uzatish imkonini beradi. Ma’lumotlar arbitrlarga video-ko‘mak tizimi bilan ishlaydigan hakamlarga uzatiladi (VAR).

Chipning ishi to‘pning qo‘lga tushishi bilan bog’liq holatlar munozarasini osonlashtirib, tegishning aniq vaqtini ko‘rsatadi hamda futbolchining ofsaydga chiqishi aniqlanishini yengillashtiradi. Hozircha Fussballliebe o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatmoqda.

VAR yechimi: Neyrotarmoq va datchiklar yuksak g‘alabalar sportini qay tariqa o‘zgartirmoqda, 7men.uz

Adidas kompaniyasi tomonidan maxsus Yevro-2024 uchun ishlangan ichida chipli to‘p

Aqlli to‘plar faqat futbolda emas. Basketbol uchun mo‘ljallangan Wilson to‘pi (“Odamlardan yiroqda” filmi yodingizdami?) maxsus datchik bilan ta’minlangan. U otish uzoqligi, to‘pning aylanish tezligi, tezlashishi va qabul qilingan uzatishlarni hisoblaydi. Datchik ichiga 200 mingta otishga yetadigan akkumulyator o‘rnatilgan. To‘pning barcha ma’lumotlari mobil ilovada aks ettiriladi, unda statistika ko‘rsatilgan. Undan foydalanish esa, albatta, pulli.

Shuningdek, Yevro-2024da avvalroq Qatardagi jahon chempionatida qo‘llanilgan ofsaydni yarim avtomat aniqlash bo‘yicha yangilangan tizim taqdim etildi. Bundan ikki yil oldin bu tizim uchun har bir arenada o‘ntadan kamera ishlatilgan bo‘lsa, Germaniyada bu son 12 tagacha o‘sdi. Ular sun’iy idrok yordamida har bir o‘yinchi tanasidagi 29 ta nuqtani kuzatib, futbolchi “o‘yindan tashqari” holatga tushganida video-arbitrlarga signal uzatgan. Bu o‘zgarishlarning jami video-takrorlashlarni o‘rganishga imkon qadar kamroq vaqt sarflanishini ta’minlashga qaratilgan.

BIZNI NIMA KUTMOQDA?

Aftidan, sportda texnologiyalardan foydalanish davom etadi. Nafaqat o‘yin yoki hakamlikni tahlil qilish, balki natijalarni yaxshilash nuqtai nazaridan. Xususan, AQShlik konkichilar uchun Under Armour Mach 39 sport formasi Lockheed Martin aviasozlik korporatsiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan. Uning asosida — poyga vaqtida sportchilarning tana holatini qayd etadigan 3D-modellar. So‘ngra ushbu modellar negizida shishali plastik matodan kiyim yaratilib, aerodinamik quvurda sinovdan o‘tkaziladi. Bunday forma havo qarshiligini kamaytirib, eng yaxshi natijalarni ko’rsatish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Speedo kompaniyasining LZR Racer suzish kostyumi ham bor. Uning tuzilishida NASAlik mutaxassislar ishtirok etgan. Kiyim suvda tezroq harakatlanish va manevr qilishga yordam beradigan suvni itaruvchi maxsus matodan tayyorlangan. Kostyumlar jiddiy ustunlik olib keladigan darajada yaxshi bo‘lgani uchun ma’lum vaqtdan so‘ng taqiqlangan.

Ehtimol, shuning uchun VADA va sport federatsiyalarida tobora ko‘proq “texnologik doping” haqida gapirilayotgandir. Bu ibora ostida sportchiga natijani yaxshilashga yordam beradigan moslamalar, gadjetlar va kiyimning xususiyatlari tushuniladi. Texnologiyalarning odam tanasiga o‘rnatilishi sportda alohida yo‘nalishga aylanishi mumkin. Ehtimol, yaqin vaqtda sayyoramizning sport maydonlarida yengil va og‘ir atletika bilan birga kiberatletika bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazilar?

Matn: Anton Ratnikov