Arqon tortishdan ot ustida sirk tryuklarigacha: bir vaqtlar Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan eng g‘alati sport turlari. Va hozirgacha mavjud bo‘lgan yana bir turi.
Havo sharidagi parvozlar
Havo sharidagi parvozlar 1900-yildagi Parij Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Atletlar gaz to‘ldirilgan sharlarda havoga ko‘tarilishgan va balandlik, davomiylik, shuningdek qancha uzoq masofaga uchishga musobaqalashganlar. Eng so‘nggi punkt eng qiziqarlisi edi: eng omadli qatnashchilar Parijdan minglab kilometr uzoqqa uchib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. Jak For va Jak Balsan yakunda Polshada yerga qo‘nishgan (Jak Balsan buni hatto ikki nafar yo‘lovchi bilan amalga oshirgan), g‘oliblikni esa Anri de Lavo qo‘lga kiritgan – naq Shvetsiyaga qo‘ngan!
Arqon tortish
Tadbir 1900-1920-yillar davomida beshta Olimpiya o‘yinlarida o‘tkazilgan. Dastlabki ikki o‘yinlarda jamoa tarkibiga beshtadan oltitagacha qatnashchi bo‘lgan, nisbatan keyinroq o‘tkaziladigan o‘yinlarda har bir jamoada sakkiztagacha kishi ishtirok etgan. Arqon tortish bo‘yicha tarixda birinchi Olimpiya oltin medali Fransiyani mag‘lub etgan Shvetsiya va Daniyaning birlashgan jamoasiga nasib etdi. Arqon tortish bugungi kunda ham musobaqalarni o‘tkazadigan Assotsiatsiyasi bilan rasmiy tan olingan sport turi hisoblanadi. Ammo Olimpiadada u yo‘q – lekin aftidan, bo‘lganida juda tomoshabop bo‘lar edi.
To‘siqlar osha suzish
G‘alati to‘siqlar chizig‘ini tasavvur qiling, lekin suzuvchilar uchun! Shunga o‘xshash ikki yuz metrlik suzish ham faqat bir marta, o‘sha 1900-yili Parijda o‘tkazilgan. Qatnashchilar murakkab marshrutni bosib o‘tishgan: suvning bir qismini suzib o‘tgach suzuvchilar ustun va bir qator qayiqlardan oshib o‘tishlari, keyin esa, aksincha, boshqa qayiqlar ostida suzib o‘tishlari kerak edi. Darvoqe, suzib o‘tish o‘sha paytda ko‘p muammolarga sabab bo‘lgan Sena daryosida bo‘lib o‘tgan, bir qancha sportchilar hatto ichak infeksiyasini ham yuqtirib olishgan.
Ot ustida mashq
Gimnastika, raqs va ot minishni o‘zida mujassamlashtirgan sport turi. Biz bugun sirkda ko‘rishga o‘rganib qolgan narsa 1920-yilda Belgiyaning Antverpen shahrida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan va figurali uchish deb nomlangan. Sportchilar bir nechta seksiyalarda musobaqalashishgan: tik turgan holda otga sakrash, undan irg‘ib o‘tgan holda yurayotgan ot ustida erkin harakatlarni bajarish. Tadbirda faqat Belgiya, Fransiya va Shvetsiya ishtirok etgan, belgiyalik sportchi Daniel Bukar esa oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Tirik kaptarlarga o‘q uzish
Hozir sportchilar uchib ketayotgan tarelkalarga maxsus qurilmadan o‘q uzishadi, va bu 1900-yilgi O‘yindan tashqari har doim bo‘lgan, o‘shanda o‘q to‘g‘ridan to‘g‘ri tirik qushlarga otilgan. O‘shanda qatorasiga 300 ta qush o‘ldirilgan, g‘oliblik esa uchib ketayotgan nishonga 21 marta bexato urgan belgiyalik Leon de Lundenga nasib qilgan. XIX asrda tirik qushlarga otish ommaviy ko‘ngilochar mashg‘ulotning an’anaviy turi bo‘lgan, XX asrning boshiga kelib bu chetdan yovvoyilik bo‘lib ko‘rinadi. Jonivorlarni himoya qiluvchilarning talablaridan so‘ng bu musobaqalarni o‘tkazish to‘xtatildi.
Uzoqqa sho‘ng‘ish
Ehtimol, siz ham bolaligingizda do‘stlaringiz bilan xuddi shunday ko‘ngil ochgandirsiz, ammo 1904-yilgi o‘yinlarda buning uchun Olimpiya medalini qo‘lga kiritish mumkin edi! Ishtirokchilar suv havzasiga sho‘ng‘ib, havo yetmay qolgunicha, suvga chiqishlariga to‘g‘ri kelmaguncha oldinga suzishlari kerak edi. To‘g‘ri, o‘sha paytda musobaqaga faqat besh kishi qatnashgan, Uilyam Diki esa 62,5 fut (19 metrdan biroz ko‘proq) masofani bosib o‘tib, g‘alaba qozondi.
Arqonga tirmashib chiqish
Bu barcha maktab o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslariga bo‘lgan har qanday qiziqishni so‘ndiradigan dahshatli mashg‘ulot bitta ham Olimpiadada bo‘lmagan. Bu yo‘nalishda 1896, 1904, 1906, 1924 va 1932-yillarda medal uchun musobaqalashishgan. Eng birinchi tadbirda qatnashchilar o‘tirgan holda start olishlari va faqat qo‘l va panjalarini ishlatgan holda 14 metrlik arqondan tirmashib chiqishlari kerak edi. Bir vaqtning o‘zida ham tezlik, ham erishilgan balandlik baholangan: misol uchun, yakunda eng baland nuqtaga faqat ikki kishi chiqa olgan, grek Nikolaos Andriakopulos esa g‘olib deb topilgan. Keyingi o‘yinlarda arqon uzunligi 7,6 metrga qisqartirilgan.
To‘pponcha bilan duel
Qo‘rqmang, bu hech qanaqa duel emas, balki hozirgi nishonga o‘q uzishning xavfsiz prototipi bo‘lgan, faqat rostakamiga duelga o‘xshashi uchun bu nishonlarni nima uchundir syurtuk kiygan manikenlarda o‘rnatishgan. Bu ilk marotaba 1912-yilda Stokgolmdagi O‘yinlarda bo‘lib o‘tgan, 20 va 30 metrlik ikki masofadan o‘q uzishgan. Shunchaki eslatib o‘tamiz: XIX asrda qoidaga binoan, o‘n qadam naridan, ya’ni taxminan yetti metrdan o‘q uzishgan.
Velosipedli polo
Velosipedli polo 1908-yilda Londonda Olimpiya o‘yinlaridagi namunali sport turi sifatida paydo bo‘lgan. Mohiyatan, bu aynan o‘z nomi bilan – an’anaviy polo, faqat ot o‘rniga velosipedlar bilan. To‘g‘ri, Irlandiya velosiped polosi assotsiatsiyasi vakillari nemis velosiped klubi Deutscher Radfahrer-Bund (ular bu O‘yinlarda velosiped musobaqalarida qatnashishgan)ga qarshi o‘ynashgan. Nemislarni 3:1 hisobda mag‘lub etgan irlandlar jamoasi g‘alabani naqd qilgan.
San’at
1912-yilda Stokgolmdagi Olimpiadadan boshlab 1948-yilgi Londondagi O‘yinlargacha medallar “sportdan ilhomlanilgan san’at asarlari” uchun topshirilgan. San’atning qo‘shilish g‘oyasi zamonaviy Olimpiya o‘yinlari asoschisi Pyer de Kyubertenning o‘ziga tegishli bo‘lgan, u jismoniy va aqliy tayyorgarlikka ega odamlarni ko‘rishni xohlagan – garchi medalni o‘zi sport bilan shug‘ullanmaydigan rassomlarga ham berilishi mumkin edi. Ya’ni bu adabiyot, musiqa, haykaltaroshlik vositasida sport g‘oyasi targ‘ib qilingani uchun shunday mukofotlash bo‘lgan. 1954-yilda musobaqalarning baribir bekor qilinishining yagona sababi rassomlarning professional bo‘lganligida edi, bu esa O‘yinlar ruhiga mutlaqo zid edi.
Zamonaviy beshkurash
Ro‘yxatimizga olimpiya dasturiga allaqachon kiritilgan sport turini qo‘shishdan o‘zimizni tiya olmadik – uni hech kim olib tashlamoqchi ham emas. To‘g‘ri, uning borligini kamdan kam odam biladi. Ildizlar dastlabki Olimpiya o‘yinlariga olib boradi, deb ishoniladi, unda beshkurash ham bo‘lgan, ammo boshqa sport turlari bilan. Yugurishdan tashqari, u yerda nayza va disk uloqtirish, kurash va uzunlikka sakrash ham bo‘lgan. Bugun jentelmencha to‘plamda faqat uzunlikka sakrash qolgan, qolgan barchasini suzish, qilichbozlik, konkur (notanish otda!) va o‘q otishga almashtirilgan.
Ayonki, sport turlari sportchi o‘zini har tomonlama namoyon qila olishi uchun ataydan nihoyatda xilma-xil tanlangan. Biroq bu miks shunchalik g‘alatiki, zamonaviy beshkurashda ayollar faqat 2000-yildan boshlab qatnasha boshladi. Afsonada aytilishicha, beshkurashning noodatiy tarkibi muhim xabarni yetkazish uchun barcha aql bovar qilmas qiyinchiliklarni yengib o‘tgan otliq askarga ishora qiladi. Zamonaviy marafon timsoliga aylangan, 42,5 km masofani bosib o‘tgan chopar hikoyasini juda eslatadi.
Darvoqe
Ba’zi Olimpiada tarixchilari 1900-yildagi O‘yinni Olimpiya o‘yini deb atab bo‘lmaydi, degan fikrda. O‘sha yili Fransiyaning Parij yaqinidagi Vensen shaharchasida Butunjahon ko‘rgazmasi o‘tkazilgan, unga Jismoniy mashqlar va sport turlari bo‘yicha Xalqaro musobaqalar ham shu vaqtga belgilangan. Aynan ularni ko‘pincha 1900-yilgi Olimpiada deb atashadi. Biroq, ochig‘ini aytganda, ular XOQ (Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi) shafeligida o‘tkazilmagan (u esa o‘sha vaqtga kelib 1896-yilda Gretsiyada o‘tkazishga ulgurgan); ularni fransuzlarning o‘zi tashkillashtirgan va unga xorijdan ko‘plab ishtirokchilarni taklif etishgan. Natijada musobaqalarda 22 mamlakat ishtirok etgan, bu esa ancha ta’sirli.
Keyingi AQSH da 1904-yilda bo‘lib o‘tgan o‘yinlar ham Butunjahon ko‘rgazmasiga to‘g‘irlangan, ishtirokchilar ham ikki marta kamroq bo‘lgan: ko‘pchilikning shunchaki boshqa qit’aga borishga qurbi yetmagan.
Matn: Dmitriy Lyagin