Skip to main content

7MEN tahririyati Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlaridan medallar bilan uyiga qaytgan barcha o‘zbekistonlik sportchilar bilan suhbatlashdi. Tariximizdagi eng yaxshi natijaga qanday yetib kelganimiz haqida hikoya qilamiz.

Parijdagi Olimpiada O‘zbekiston uchun mustaqillik yillari davomidagi eng muvaffaqiyatli o‘yinga aylandi: jamoamiz 13 ta medalni qo‘lga kiritib, 206 mamlakat orasida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni egalladi. Endi hech kim “13 omadsiz raqam” deb aytmasa kerak. Garchi kimlardir uchun bu irim qiladigan raqam bo‘lsa-da, biz uchun bu Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida birinchi hamda Osiyoda to‘rtinchi (oldinda faqat Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya) o‘rinni egallash imkonini bergan sakkizta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medalidir.

Erishilgan natijani hech bir mubolag‘asiz ilg‘or deb nomlash mumkin. Xususan, o‘zbekistonlik sportchi qiz yozgi Olimpiya o‘yinlarida ilk marta oltin medalni qo‘lga kiritdi, bokschilarimiz beshta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldilar, tarixda birinchi marta o‘zbek dzyudochilari Olimpiya o‘yinlarida uchta, txekvondochilar esa ikkita medal sohibiga aylandi.

Toshkentga qaytgan sportchilarni millat qahramonlari kabi qarshi oldilar. Hukumat, Senat rahbarlari va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etgan tantanali marosimdan so‘ng olimpiyachilarimiz qo‘llarida bayroq tutgan muxlislar olqishlari ostida ikki qavatli avtobuslarda poytaxt ko‘chalari bo‘ylab sayr qildilar.

7MEN tahririyati Olimpiada g‘oliblari va sovrindorlarini g‘alaba bilan tabriklash, ularning taassurotlari va kelgusi rejalari haqida bilish uchun qahramonlar bilan uchrashish imkoniyatini boy bermadi.

Olimpiada sovrindorlari

Oltin medallar

Diyora Keldiyorova (dzyudo, –52 kg)

Ulug‘bek Rashitov (txekvondo WT, –68 kg)

Razambek Jamalov (erkin kurash, –74 kg)

Hasanboy Do‘smatov (boks, –51 kg)

Abdumalik Xaloqov (boks, –57 kg)

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, –71 kg)

Lazizbek Mullajonov (boks, –80 kg)

Bahodir Jalolov (boks, +92 kg)

Kumush medallar

Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, –102 kg)

Svetlana Osipova (txekvondo WT, +67 kg)

Bronza medallar

Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, –100 kg)

Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg)

G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, –57 kg)

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Qozog‘iston va Kuba ortga cho‘kayotgan, AQSH esa 20 yildan buyon Olimpiada oltinini qo‘lga kirita olmayotgan bir vaqtda O‘zbekiston ishonch bilan yetakchilar qatoridan o‘rin oldi.

O‘zbekistonning 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarida erishgan yutuqlari ko‘proq yoqimli kutilmagan holat bo‘lsa, Parijdagi beshta oltin medalli zafar — haqiqiy qonuniyatdir. 2021-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan 2025-yilgacha “Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror O’zbekistonda sport yo‘nalishi tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

Parijdagi Olimpiadada o‘zbek bokschilari umumiy hisobda g‘olib bo‘ldilar. So‘nggi marta beshta oltin medalni 20 yil avval — 2004-yil qudratli Kuba Afinada olib ketgan edi. Har bir bokschimiz — superqahramon: Bahodir Jalolov ketma-ket ikkinchi marta Olimpiada g‘olibiga aylandi (bunday yutuqqa erishgan birinchi superog‘ir vazn), Hasanboy Do‘smatov ham ikkinchi oltinga erishdi (birinchisi Rioda bo‘lgan), Abdumalik Xaloqov raqiblariga birorta raundni boy bermadi, shuningdek, Lazizbek Mullajonov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev faoliyatlarida ilk marta Olimpiada shohsupasining eng yuqori zinapoyasiga ko‘tarilish sharafiga erishdilar. Har bir chempionga prezident tomonidan Chevrolet Tahoe avtomobili topshirildi.

Chamasi, bokschilar delegatsiyasi erishgan sport yutug‘ining bosh me’mori — bu To‘lqin Qilichev. Ortiqcha taqdimot va oddiy tavsiflarga ehtiyoji bo‘lmagan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiysi Parijdan qaytganidan bir necha kun o‘tganiga qaramay, quvonchini yashira olmasdan hazil qilib, atrofdagilarni ko‘tarinki kayfiyat ulashishda davom etdi.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha O’zbekiston terma jamoasi bosh murabbiysi:

“Bu tarixiy natija, bir jamoadagi beshta bokschi g‘alabaga erishgan holat hali bo‘lmagan. Albatta, men maksimalistman, shu bois yettitadan yettitasiga umid qilgandik, ammo, to‘g‘risini aytsam, hozirgacha erishgan yutug‘imiz ko‘lamini aqlga sig‘dirish qiyin kechmoqda.

Bizda katta ilgari surilish 2014-yilda Boks federatsiyasiga yangi rahbar tayinlangan vaqtdan boshlangan. Prezidentimiz ko‘magi oraliq natijalarni mustahkamladi: Shavkat Miromonovich sportni yaxshi ko‘radi va biz natijalarga erishishimiz uchun hammasini ta’minlashga tayyor. Biz ham bunday munosabatni ko‘rgach, yakdillikni saqlashga harakat qildik, ulkan jamoamizning har bir a’zosi shiddat bilan ishladi. Mamlakatimizga eng yaxshi mutaxassislar taklif qilindi, seminarlar o‘tkazildi, yig‘inlar tashkil etildi. Ayniqsa, juda kuchli bokschilarga ega Kuba va Rossiyaga safarlar katta yordam berdi.

Parijdagi natija umumiy ish ustida olib borilgan mehnatning qonuniy yakunidir. Hayotda hammasi silliq kechmaydi, parvozlar bilan birga qulashlar ham bo‘ladi. Biz o‘zimiz ustimizda ishlashda davom etib, yanada rivojlanishni hamda natijalarni yaxshilash orqali imkon qadar uzoq vaqt yuksaklikda qolishni istaymiz.

Professional sportchiga aylanish niyatida bo‘lgan barchaga aytishim mumkinki, birinchi navbatda hammasini intizom hal qiladi va shu o‘rinda men ota-onalar va murabbiylarga murojaat qilaman. Bolalarga esa murabbiysi va ota-onasiga quloq tutishi kerakligini ayta olaman xolos. Bundan tashqari, juda nozik jihat bor: eng muhimi, ota-onalar va murabbiylarni o‘zaro fikrlashi va tarbiya usullari bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Ota-ona “oq” desa-yu, murabbiy “qora” deb tursa, hech qanday natija bo‘lmaydi. Men qattiqqo‘l bo‘lishimga qaramay, sportchilarim meni yaxshi ko‘rishadi va hurmat qilishadi. Ularga chin dildan, qo‘ldan kelganicha yordam berishimni ko‘rishadi va his qilishadi.

Parijdagi Olimpiya o‘yinlari — bu butun umrga yodda qoladigan quvonch. Dunyoda mendan baxtliroq murabbiy bo‘lmasa kerak”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Bahodir Jalolov, boks bo‘yicha 92 kilogrammdan ortiq vazn toifasida Olimpiada chempioni:

“Parijdagi Olimpiada men uchun uchinchisi bo‘ldi. 2016-yilda Riodagi ochilish marosimida O‘zbekiston terma jamoasining bayroqdori bo‘lish sharafiga erishgandim, biroq o‘shanda men chorak final bosqichidan o‘ta olmagandim. Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida erishgan g‘alabam uzoq kutilgan muvaffaqiyatga aylangandi, bugun esa ikki karra chempion bo‘la olganimdan xursandman. Oilam, prezidentimiz, butun O‘zbekiston xalqining ko‘magisiz men uchun bular qiyinroq kechgan bo‘lardi, men bunday munosabatni juda qadrlayman, bu haqiqiy motivatsiya kuchi.

Erishilgan natijalarda to‘xtab qolmaslik zarur — sportda han, boshqa har qanday kasbda ham. O‘zingning eng yaxshi talqining qanday bo‘lsa, undan-da yaxshiroq bo‘lishga intilish kerak.

Boks bilan shug‘ullanish istagi menda otam tufayli yuzaga kelgan. Avvaliga hattoki bunga qarshilik ham qilganman, chunki futbolga qiziqardim, ammo vaqt o‘tgach, ko‘nikib qolganman va bokssiz yasholmaydigan darajaga yetganman. Menga Vladimir Klichkoning janglari ilhom berardi, o‘z uslubimni izlardim, detallarni qayd etardim — axir biz antropometriya bo‘yicha o‘xshashmiz.

Bugungi kunda mening maqsadim professional faoliyatimni rivojlantirishdan iborat. Hozirgacha 14 ta jangda qatnashdim va hammasida g‘alabaga erishdim. Keyingi yilda maqom jangiga chiqishni rejalashtirganman. Kim bilan jang qilishni istayman? “Bunyodkor Arena”da Entoni Joshuaga qarshi. Lekin buning iloji bo‘lmasa kerak, chunki u qulay raqiblarni afzal ko‘radi. Bu orada men kuch to‘plab, ko‘payib qolgan ishlarim bilan bandman. Shu yili prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ko‘magi ostida Toshkentda boks maktabini ochdim. Bizda beshdan oʻninchi sinfgacha yoshdagi 150 ta bola mashq qiladi. Ehtimol, hozir mening maktabimda ishimizni davom ettiradigan bo‘lajak Olimpiya chempionlari boks asoslarini o‘rganayotganligi haqida o‘ylash men uchun yoqimli”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Hasanboy Do‘smatov, boks bo‘yicha 51 kilogrammgacha vazn toifasida Olimpiada chempioni:

“Rioda birinchi Olimpiada oltinini qo‘lga kiritganimdan so‘ng oldimga navbatdagi maqsadni belgiladim: ikkinchi Olimpiada medalini olish. Tokioda ishtirok eta olmadim, chunki turnirda mening vazn toifam bo‘lmagan. Sakkiz yil o‘tgach, men orzumni amalga oshirdim. Biroq erishganlarimda to‘xtash niyatim yo‘q: endi uchinchi Olimpiadani egallashni istayman! Albatta, to‘rt yil — rejalashtirish uchun katta muddat, o‘sha vaqtda qanday holatda bo‘lishimni aytish qiyin. Lekin odamga iste’dod berilgan ekan, u o‘z ustida ishlashi kerak va shunda imkonsiz narsaning o‘zi qolmaydi. Shuningdek, to‘rt-besh yil davomida Andijonda o‘z boks maktabimni ochishni rejalashtirganman”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Lazizbek Mullajonov, boks bo‘yicha 92 kilogrammgacha vazn toifasida Olimpiada chempioni:

“Men uchun bu birinchi Olimpiada bo‘ldi. Vatanimga oltin medal bilan qaytganimdan nihoyatda mamnunman. Men juda ko‘p mehnat qildim, ba’zan juda og‘ir bo‘ldi. Birinchi jangim jahon chempioniga qarshi bo‘ldi va men darhol yuqori darajadagi qarshilikka to‘qnash keldim. Biroq g‘alabadan so‘ng qolgan barcha janglar oson kechdi. Finaldan keyin tonggacha uxlamadim, qo‘ng‘iroqlarga va xabarlarga javob berdim. Albatta, bunday e’tibor juda yoqimli, bu hayotimdagi eng yaxshi kunlarimdan biri.

Bugungi kunda mening maqsadim — rekordni yangilash. Hozir O‘zbekistonda chempion bokschi ekanligining bilan hech kimni hayron qoldira olmaysan. (Kuladi.) Hasanboy va Bahodir allaqachon ikkita Olimpiya oltinini qo‘lga kiritgan. Mana shu haqiqiy motivatsiya beradi!”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Abdumalik Xaloqov, boks bo‘yicha 57 kilogrammgacha vazn toifasida Olimpiada chempioni:

“Olimpiada ajoyib tarzda o‘tdi, biz bu voqeaga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik, to‘rt yil davomida astoydil mehnat qildik. Ba’zida mashg‘ulotlar haqiqiy qiynoqqa aylanardi. Biz tongda ham, kechqurun ham mashq qilardik. Lekin muvaffaqiyat garovi aynan tayyorgarlikda — biz Parijga g‘olib bo‘lish uchun keldik. O‘zim uchun aytishim mumkin: menga hech bir jang murakkab bo‘lib tuyulmadi. Hayotimda shunday imkoniyat berilgani uchun Tangriga shukrona aytaman.

Men juda baxtliman. G‘alabadan so‘ng darhol otamga qo‘ng‘iroq qildim, chunki ularga oltin medal olishni va’da qilgandim. Albatta, telefon mutlaqo tinchimadi. Ayniqsa, prezident qo‘ng‘irog‘iga javob berish juda yoqimli bo‘ldi. 2021-yilda bergan intervyumda Olimpiadada g‘olib bo‘lishni va davlatimiz rahbarining tabriklarini tinglashni chin dildan xohlashimni aytgandim. Hammasi aynan shunday amalga oshganidan keyin o‘sha intervyuda aytgan so‘zlarim takrorlangan postlar paydo bo‘ldi. Shavkat Miromonovich menga “Ko‘rdingmi, inson nimanidir qattiq xohlasa, bunga albatta erishadi!” deb aytdilar.

Kelgusi rejalarim, tabiiyki, navbatdagi Olimpiadada g‘olib bo‘lish bilan bog‘liq. Shuningdek, ikki karra jahon chempioni bo‘lishni istayman. Hozircha faol hordiq chiqaryapman, oktyabrda esa to‘yim va asal oyim rejalashtirilgan”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Ulug‘bek Rashitov O‘zbekiston tarixida Olimpiadaning ikkita oltinini qo‘lga kiritgan birinchi txekvondochiga aylandi. Sportchimizga 68 kilogrammgacha vazn toifasida tenglashadigani yo‘q. Chempion o‘z hissiyotlarini biz bilan o‘rtoqlashib, Tokio va Parijdagi chiqishlarini taqqosladi. Uning aytishicha, ularning o‘rtasida juda katta farq mavjud.

Ulug‘bek Rashitov, txekvondo bo‘yicha 68 kilogrammgacha vazn toifasida Olimpiada chempioni:

“Tokiodagi Olimpiadada tomoshabinlar bo‘lmagan — bunday sharoitda ishtirok etish qiyinroq. Shuningdek, men 19 yoshda edim va mas’uliyat darajasini hozirgidek his qilmaganman. Parijdagi o‘yinlar arafasida jahon reytingida birinchi raqam ostidagi favorit sifatida qayd etilgandim. Bu juda katta mas’uliyat, ruhiy jihatdan o‘zimni qo‘lga olishim juda qiyin kechdi. Har bir sportchi menga qarab tayyorgarlik ko‘rayotganini tushunardim. Men prezidentimizga ikkinchi oltin medalni va’da qildim. Xayriyatki, o‘z va’damda turib, xalqimizga g‘alaba olib keldim.

Mening chiqishlarim yozilgan videoni ko‘rsangiz, hammasi osondek, go‘yoki men muammosiz hammani yengib o‘tgandek, barcha janglar ikkita raund bilan tugagandek ko‘rinadi. Biroq o‘zimdagi qurollar, asosiy zarbalarimdan foydalanish juda qiyin bo‘ldi. Hamma allaqachon meni kitob kabi yodlab olgan. Juda qiynaldim, qayerdadir tajribaga, qayerdadir qaysarlikka tayanishga to‘g‘ri keldi. Men uchun eng katta motivatsiya — ota-onamning quvonchi. Bilasizmi, g‘alabaga erishganimda ularning faxrlanishini ko‘raman va bu menga nihoyatda katta motivatsiya beradi.

Yana txekvondoning yangi darajaga chiqqanligi meni quvontiradi. Men haqimda “O, txekvondochi oltin oldi!” deyishardi, ammo kamdan-kam odam buni tushunib yetardi. Bugun hammasi aksincha: odamlar qoidalarni tushunadi, turnirlarni kuzatib boradi, bolalar qiziqish bildirib, txekvondo klublariga qatnamoqda.

Men bo‘lajak avlodga nimani maslahat bergan bo‘lardim? Birinchi navbatda, hasadsiz sof, ochiq odam bo‘lishni; Tangriga ishonadigan, hech kimga yomonlik qilmaydigan va o‘rnak sifatida xizmat qiladigan odam bo‘lishni; yomon jamoalarga tushib qolmaslikka harakat qiladigan va atrofiga yaxshi odamlarni to‘playdigan odam bo‘lishni. Eng asosiysi — oxirigacha o‘ziga ishonishdir. Hattoki hammasi barbod bo‘layotgandek ko‘ringan vaqtda ham o‘ziga ishonish muhim, chunki hech qachon oson bo‘lmaydi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, intizom, iroda kuchi, xarakter va o‘ziga ishonchni namoyon etish zarur. Sportchi aynan shu sifatlarga ega bo‘lishi kerak. Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

O‘zbekistonga birinchi Parij oltinini dzyudochi Diyora Keldiyorova olib keldi. Samarqand viloyatida tug‘ilgan sportchi tatamida unga teng keladigani yo‘qligini yana bir marta isbotladi. Finaldagi ishonchli g‘alabadan so‘ng Diyoraga Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilib, tarixiy yutuq — O‘zbekiston ayollar dzyudosidagi ilk oliy mukofot uchun minnatdorlik bildirdi.

Diyora Keldiyorova, dzyudo bo‘yicha Olimpiada chempioni:

“Bu finalni hech qachon unutmayman. Men omadimga, hammasini eplashimga ishondim va kuchli hayajonlanmaslikka harakat qildim. Hammasi tugaganida men o‘zimga “Diyora, barakalla! Sen buni uddalading! Sen istagingga erishding” so‘zlarini aytdim. Hissiyotlarim to‘lib ketgandi. Xalqimizning duolarini, menga bo‘lgan ishonchini his qildim. Men bularning hammasini tom ma’noda energetik darajada o‘zimdan o‘tkazdim.

Prezidentimiz chiqishlarimizni diqqat bilan kuzatib, har bir jangchi tomosha qilganlar. Men ularning qo‘ng‘irog‘i va tabrik so‘zlaridan juda xursand bo‘ldim, ko‘maklari uchun minnatdorman. Men uchun bu o‘z ustimda ishlashda davom etish va erishilgan natijada to‘xtab qolmaslikka undovdir”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Txekvondochi Svetlana Osipovaga Olimpiada g‘olibiga aylanishi uchun bir qadam yetmadi. Finaldagi jangda uni o‘z sportchisini baland ovozda quvvatlagan fransiyalik muxlislar chalg‘itdi, hakamlar esa munozarali qarorlarni qabul qildi. Ha, Svetlananing Olimpiadagacha bo‘lgan yoʻli mutlaqo oson kechmadi: Parij-2024’gacha yarim yil avval u og‘ir jarohat olgan bo‘lib, musobaqalarni o‘tkazib yuborish xavfi yuqori edi.

“O‘tgan yil, yangi yil bayramlari arafasida litsenziya musobaqalarida men jarohat olgandim. Toshkentga kelgach, jarohat jiddiy ekanligi va jarrohlik aralashuvi talab etilishini bildim. Xayriyatki, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmadi, aks holda, men Olimpiadagacha qayta tiklanishga ulgurmasdim. Men hammasi shu darajada yaxshi tashkil etilgani uchun federatsiyamizdan minnatdorman — ularsiz men bu yo‘lni bosib o‘ta olmasdim. Yordam va ko‘mak Parijda erishgan natijamda asosiy ahamiyat kasb etdi.

Olimpiadada ajoyib muhit hukm surdi: barcha tribunalar to‘lgan edi. O‘zbekistondan ko‘plab muxlislar bordi: ularning tribunalardagi hayqiriqlari katta kuch va motivatsiya berardi. Finaldagi raqibim fransiyalik Alteya Loren bo‘ldi. Afsuski, jang mening foydamga hal bo‘lmadi va men oltin medalni qo‘lga kirita olmadim. Ayrimlarning fikricha, finalda hakamlik oxirigacha adolatli bo‘lmadi, ammo g‘oliblar hukm qilinmaydi. Prezidentimiz aytganlaridek, “Kumush medal biz uchun oltinga teng”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev dast va siltab ko‘tarishda umumiy 404 kg vazn ko‘tarib, Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida kumush medal sohibiga aylandi. Bu sportchi faoliyatida Tokiodagi oltindan keyin ikkinchi Olimpiada medali.

“Parijda, Tokiodan farqli ravishda, tomoshabinlar bor edi — bunday sharoitda chiqish yoqimliroq, hamyurtlarimizning ko‘magini his qildim. G‘alabaga biroz yetmadi. Afsuslanish holati bor, albatta, chunki ikkinchi Olimpiada oltinini qo‘lga kiritishni istagandim. Shunday bo‘lsa-da, men uchun kumush medal ham katta yutuq, negaki men jarohat olganimdan so‘ng musobaqalardan atigi ikki hafta oldin tosh ko‘tara boshlagandim. Kelgusi rejalarim qanday deysizmi? Albatta, jahon chempionati va keyingi Olimpiadada g‘alabaga erishish!”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Dzyudochi Alisher Yusupov 100 kilogrammdan ortiq vazn toifasida bronza medalini yutib oldi. Hal qiluvchi jangda u bronza uchun yaponiyalik Tatsuru Saytoga qarshi kurashib, 11:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Xorazmlik 25 yoshli sportchi uchun bu birinchi Olimpiada bo‘ldi. Uning aytishicha, asosiy sport turnirining shohsupasiga ko‘tarilishning o‘ziyoq takrorlanmas hislarni bag‘ishlar ekan:

“Quvonchimni so‘zlar bilan ta’riflay olmayman, men hattoki uchinchi o‘rin uchun jangdan keyin ko‘zimga yosh ham oldim. Olimpiada bronzasi — mening sport faoliyatimdagi bosh yutug‘im. Meni afsuslantirgan yagona narsa — bu mazkur Olimpiadada oxirgi marta ishtirok etgan besh karra Olimpiya chempioni, afsonaviy fransiyalik Teddi Riner bilan uchrasha olmaganligimdir.

Tashkilot bilan bog‘liq muammolar? Sportchilarda ovqatlanish bo‘yicha e’tirozlar bo‘ldi, ammo biz bu muammoni sezmadik: Olimpiya qo‘mitasi prezidentimiz ko‘magi ostida bizga an’anaviy taomlardan iborat o‘zbekcha oshxonani tashkil qildi. Kelgusi rejalarim — jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari va Olimpiadada g‘olib bo‘lish. Hozircha menda bronza medallari to‘plami bor, natijamni yaxshilashni istardim”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev ham 100 kilogrammgacha vazn toifasida O‘zbekistonga bronza mukofotini olib keldi. Taskin beruvchi finalda hamyurtimiz ispaniyalik kurashchi Nikoloz Sherazadishvilini ishonch bilan yengdi.

“Jamoamiz uchun Olimpiada ajoyib o‘tdi, menda yaxshi xotiralar qoldi. Birinchi navbatda mamlakatimiz rahbariyati, prezidentimiz va, albatta, biz uchun duo qilgan O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildiraman. Endilikda Los-Anjelesdagi Olimpiadada oltin uchun kurashni rejalashtiryapman”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Erkin uslubdagi kurashchi G‘ulomjon Abdullayev qirg‘izistonlik raqibini yengib, Olimpiadada bronza medali sohibiga aylandi. Tahririyat bilan suhbatda sportchi Tokiodagi achinarli mag‘lubiyatdan keyin shohsupaga intilganini va orzusiga erishganini so‘zlab berdi.

“Hissiyotlarimni ifodalashga til ojiz. Men o‘zimga maqsad belgilagandim — kamida bronza medali va buni uddaladim ham. Barcha oila a’zolarim qayg‘urardi, menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, hammasi ajoyib. Yaqinlarim bilan medal topshirilgunicha gaplashishga ulgurdim. Ular men uchun qanchalik quvongani va faxrlanganini tushuntirish qiyin.

Ko‘pchilik Parijdagi ovqatlardan shikoyat qildi, ammo bizning jamoamiz uchun prezidentimiz tomonidan alohida sharoitlar tashkil qilindi: o‘zbekona oshxona, har qanday masalalarda yordam. Boshqa delegatsiyalardan farqli ravishda bizda hammasi joyida bo‘ldi.

Men sovrindorga aylandim, navbatdagi vazifa Los-Anjelesdagi Olimpiadada oltin medalga erishishdan iborat”.

Olimpiada medalchilari: O‘zbek sportining yangi davri, 7men.uz

Har bir qahramonimizning medali — shaxsiy yetuklikka erishish, qat’iy mehnat va qiyinchiliklarni yengib o‘tish tarixi bo‘lib, bularsiz katta sportni tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘zbekistonlik sportchilar uchun yulduzlik kasali xos emas, suhbatdoshlarimizning har biri muloqotda kamtar, xushmuomala va yoqimli bo‘ldi. Bu insonlar O‘zbekiston nomini butun dunyoga taratmoqda. Parij-2024 atletlarimiz hayotidagi ulkan voqea va yutuqdan tashqari, butun millat g‘alabasiga aylandi.

O‘zbek sportida yangi davr boshlanmoqda: 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi O‘yinlarda muvaffaqiyatni mustahkamlash va g‘alabani ko‘paytirish zarur. Ularga tayyorgarlik esa hozirdanoq boshlangan.