Olti nafar o‘zbek polvoni – Bekzod Xudoyqulov, Sherzodbek Gaynazarov, Farxod Dadamuxamedov, Umid Xusanov, Baxshulla Sayfullayev va Abrorbek Fozilov – 13 tonnali ATR 72-600 yo‘lovchi samolyotini 100 metrdan ortiq masofaga siljitdilar. Bir daqiqadan kamroq vaqtda erishilgan g‘aroyib natija Ginnes rekordlar kitobi komissari Mbali Masechaba Nkosi xonim tomonidan tasdiqlandi.
Tadbir tashabbuskori sifatida O‘zbekiston Bodibilding va fitnes federatsiyasi 7Saber ko‘magida ishtirok etdi.
Polvonlar birinchi urinishdayoq rekord o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar. Dastlab Guinness World Records tomonidan 60 soniya vaqt belgilangan edi. Sportchilarimiz tayyorgarlik mashqlarida turli natijalarni namoyon etdilar, biroq 15-may kuni qayd etilgan 46,7 soniya eng yaxshi natijaga aylandi.