Rossiyalik astronom va ilm-fan targ‘ibotchisi Vladimir Surdin Toshkentga tashrif buyurdi va “Biz kosmik mag‘oralarga kirib borishimiz kerak!” mavzusidagi ma’ruzasini o‘qidi.
Tadbir noyabr oyining oxirida EDU Master konferensiya zalida bo‘lib o‘tdi va haqiqiy anshlag bo‘ldi. 7MEN tahririyati zamonaviy ilm-fan afsonasi bilan uchrashish imkoniyatini boy bermadi.
Biz ma’ruza oldidan Vladimir Georgiyevich bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘ldik va o‘zimizni qiziqtirgan savollar — birinchi navbatda O‘zbekistonning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi va koinotda o‘z ofisini ochishni (yoki aksincha) orzu qilgan insonlar istiqboli haqida so‘radik.
Vladimir Surdin — Rossiyada astronomiyaning yetakchi targ‘ibotchilaridan biri, fizika-matematika fanlari nomzodi, Moskva davlat universiteti fizika kafedrasi dotsenti va P.K. Shternberg Astronomiya institutining katta ilmiy xodimi. Ko‘plab ilmiy-ommabop kitoblar muallifi, nufuzli mukofotlar sovrindori — Belyayevskaya va “Prosvetitel”, “Nezemnoy Podkast” YouTube kanalining muallifi (2024–yil dekabr holatiga ko‘ra uning auditoriyasi 545 ming obunachi).

Vladimir Surdin
■ Vladimir Georgiyevich, Toshkentga xush kelibsiz! Hozirgi O‘zbekiston hududida qadim va nisbatan qadimgi davrlarda yashagan olimlardan zamonaviy astronomiyaning qarzi bormi?
Samarqandni qanday eslamaslik mumkin… Albatta, Amir Temurning nabirasi Ulug‘bekdan qarzdormiz. U siyosatdan ko‘ra matematika, astronomiya, she’riyatga ko‘proq qiziqqan, bu esa umrining oxirida uning o‘limiga sabab bo‘ldi — natijasini bilamiz. Shuni tushunish kerakki, o‘sha paytda oson bo‘lmagan, ilm-fan deyarli ming yil davomida muzlab qolgan edi.
Ammo Markaziy Osiyoda uni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlashdi. Mahalliy olimlar ilm-fanni saqlab qolishdi, buning uchun ularga rahmat! Hozir ham ba’zan Ulug‘bek tuzgan yulduzlar taqvimidan foydalanamiz. Olimlar ish olib borishlari barcha resurslarga ega bo‘lgan zamonda buni noyob holat desa bo‘ladi.
■ Sovet davri haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonning SSSR kosmik dasturiga qo‘shgan hissasini qanday baholaysiz?
Agar shimoliy hududlar haqida gap ketayotgan bo‘lsa, astronomlar uchun iloji boricha ekvatorga yaqinroq harakat qilish muhimdir. Moskva va Sankt-Peterburgdagi rasadxonalar O‘zbekistonga qaraganda unchalik yaxshi joylashmagan, bu zaminda purviqor tog‘lar bor. 1960-yillarning oxirlarida sovet olimlari Tojikiston va O‘zbekistondan mos joylarni qidira boshladilar. Shu tarzda Qashqadaryo viloyatidagi Maydanak cho‘qqisini topildi. Benazir logistika, yo‘l o‘tkazilgan, barcha shart-sharoitlar mavjud.
Keyinchalik yanada qiziqarli ishlar bo‘ldi: Maydanak baland tog‘li rasadxonani qurish uchun eng ma’qul keladigan joy ekanligi haqida maqola e’lon qilinganida, harbiylar uni o‘qib, o‘sha yerda birinchi bo‘lib o‘z rasadxonasini qurib olishdi. Shuning uchun olimlar pastroqqa joylashishlariga to‘g‘ri keldi. Lekin biz harbiylarga yordam berdik, ular ham bizga yordam berishdi.
Men qurilish guruhi komissari va oziq-ovqat bilan ta’minlashga mas’ul edim. Bir kuni nonimiz tugab qoldi, vertolyot yetib kelmadi. Bo‘sh xaltani olib, harbiylar oldiga bordim va: “Menga yordam bering, u yerda aspirantlar och, oziq-ovqatimiz tugab qoldi”, dedim. Harbiylar har doim ta’minotga ega bo‘lishadi. Ular nimalardir berishdi, biz esa vertolyot kelguncha ikki hafta davomida o‘sha narsalar bilan tamaddi qilib turdik. Buning evaziga ular uchun nimadir qildik, albatta.
■ O‘zbekistonning yana qaysi shaharlarida bo‘lgansiz?
Toshkent, Buxoro, Samarqand sayyoh sifatida meni quvontirdi. Kitob va Shahrisabzda ishlaganman — bazamiz o‘sha yerda edi. Tog‘ etaklari, zilol suv, tekislikka qaragandagi salqinroq iqlim. Eng yoqimli xotiralarni qoldirgan ajoyib joylar edi. O‘zbekistonga qaytganimdan hamisha xursandchilik tuyaman.
■ Hayotini astronomiya bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan talaba va yoshlarga qanday maslahat berasiz? Ularning kasbiy istiqbollari qanday bo‘ladi?
Millioner bo‘lib ketishlari dargumon. Boshqa tomondan, hozirgi davr, ko‘pchilik o‘z oilasini boqish uchun ilm-fanni tark etishga majbur bo‘lgan 90-yillar emas. Bugungi kunda ilm bilan shug‘ullanib bemalol ro‘zg‘or tebratish mumkin. Iqtidorli talabalar yaxshi martaba yo‘lini qurishlari uchun barcha imkoniyatlar bor.
Men Moskva davlat universitetida dars beraman va talabalarimiz ko‘pincha chet elda o‘z o‘rnini qanday topganiga guvoh bo‘laman — ular Yevropaga, AQSHga ketishadi. Kam holatlarda esa Xitoyga, aslida hozir u yerda katta istiqbollar mavjud. Biz ulardan voz kechmaymiz, chorak stavkada, yarim stavkada ishda qoldiramiz. Kelganlarida qiziqarli uskunalarni olib kelishadi, u yoqqa esa g‘oya olib ketishadi — bu adolatli almashinuv. Ammo bu bilimi eng kuchlilar uchun.
O‘rtacha bilimli bo‘lganlar uchun asosiy ish — asosan kuzatishlar. Aslida busiz ilm-fanni tasavvur qilib bo‘lmaydi: hamma mana shunday mutaxassislarga bog‘liq. Ehtimol, ko‘p pul topib bo‘lmas, lekin odamga yoqadigan ish: shahar shovqinidan uzoqda, ekologik toza hududda, tog‘larda yashaysiz.
Agar bola astronomiyaga jalb qilingan bo‘lsa, bu juda yaxshi. Asosiysi, keyin hech qanday umidsizlik bo‘lmaydi. Kosmos haqida orzu qilish va teleskop orqali yulduzlarni kuzatish yetarli emas — matematika, fizika va ingliz tilini yaxshi o‘rganish kerak.
■ Bolalikda ko‘p odamlar kosmonavt bo‘lishni xohlashadi, agar inson ana shu orzusiga erishsa, uning yo‘li qanchalik qiyin?
Siz haqiqatan ham kosmonavt bo‘lishni xohlaganmidingiz?
■ Bolaligimda biroz muddat istaganman.
Men kosmonavt bo‘lishni orzu qilgan odamni birinchi marta uchratishim (kuladi). Men ko‘proq tashqi kuzatuvchiman, lekin javobim shunday: men biladigan barcha kosmonavtlar juda ijobiy va tanlab olingan odamlardir. Ulardan hech qachon qo‘pol so‘z eshitmaysiz, hech qachon muvaffaqiyatsizligini ko‘rmaysiz. Ular yuqori malakali muhandislar, murakkab uskunalar bilan ishlashadi, kemada ularning atigi 3–4 nafari bo‘lishadi. Keng muhandislik bilimi va yorqin ingliz tili. Shuningdek, albatta, a’lo darajadagi sog‘liq. Dunyo bo‘ylab besh yuzga yaqin astronavt bor, ularning aksariyati amerikaliklardir.
■ Asteroidlardan biri sizning nomingiz bilan atalgan. Yerliklar undan qo‘rqishlari kerak, deb o‘ylaysizmi?
Bu allaqachon topilgan 1,5 million asteroiddan biridir. Undan qo‘rqishning hojati yo‘q, u Mars orbitasidan tashqarida uchadi va bu yerga hech qachon uchib kelmaydi. Buni yigitlar, astronomiya havaskorlari kashf qilishgan — ammo ular shunday havaskorlarki, ular ko‘plab mutaxassislardan kuchliroq. Ular mening kitoblarim va onlayn ma’ruzalarim bilan ulg‘ayishgan va, ehtimol, qariyani xursand qilishga qaror qilishgan.
■ Siz sobiq shogirdlaringizning ish yo‘lini kuzatib borasizmi? Ko‘p hollarda ilm-fanga universitet bitiruvchilari sarmoya kiritishadi.
Ortiqcha mablag‘i bo‘lganlargina sarmoya kiritishlari mumkin. Odatda olimlar o‘zidan orttirolmaydi. Agar bitiruvchi omadli biznesmenga aylangan bo‘lsa, u holda ha. Moskva davlat universitetining fizika fakultetini bitirgan milliarderlar bor, ular bizga pul mablag‘lari bilan homiylik qilishadi yoki texnik uskunalar sotib olib berishadi. Men ularning puliga “Maktab o‘quvchilari uchun 32 dars” deb nomlangan butun boshli serialni suratga oldim. Super bitiruvchilar ham bor, masalan, Yuriy Miller. U milliard dollarlik mablag‘ sohibi, ilm-fan rivojiga hamisha yordam beradi.
Milliarder Yuriy Milner Breakthrough Starshot loyihasini ishlab chiqmoqda — o‘lchami 4 ga 4 metr va og‘irligi atigi 1 gramm bo‘lgan yelkan, yorug‘lik nurlari bilan surilgan, yengilligi tufayli Alfa Syentavrga atigi 20 yil ichida yetib borishi mumkin; bu inson tomonidan yaratilgan qurilmaning kosmosga eng uzoq va eng tez (yorug‘lik tezligining 20% gacha) parvozi bo‘lishi kerak.
■ Ilon Mask samolyotlar o‘rniga kosmik kemalarni uchirmoqchi. Bunday rejalarga qanday qaraysiz?
O‘rniga demaylik-da, birgalikda desak: bu yerda gap uzoq davom etadigan parvozlar vaqtini qisqartirish haqida ketyapti. Ammo gap shundaki, bunday parvoz uchun siz Maskning hozircha yagona bo‘lgan AQSH janubidagi kosmodromiga borishingiz kerak bo‘ladi. U yerga borish uchun ancha vaqt ketadi! Samolyotda uchgan yaxshiroq.
■ Ularning ta’kidlashicha, bunday parvozlarda kuchli yuklama va radiatsiya bo‘ladi.
Bu o‘ta tezkor raketa emas, faqat tezligi samolyotdan bir yarim-ikki baravar ko‘p. Radiatsiyadan qo‘rqiladigan jihati yo‘q, ortiqcha yuklama esa o‘sha-o‘sha, bir xil.
■ Sizningcha, yo‘lovchilar skafandrlarda uchishadimi?
Bilmayman. Bu ishonchlilik darajasiga bog‘liq. Agar yuz marta parvoz qilinsa va hech narsa sodir bo‘lmasa, u holda skafandrsiz uchish mumkin bo‘ladi.
■ Sizda qandaydir kosmik samaradorlik bor: dars berasiz, yarim milliondan ortiq obunachingiz bo‘lgan YouTube platformasida podkast o‘tkazasiz, kitob yozasiz, mana, biz bilan ham uchrashuv o‘tkazishga vaqt topdingiz. Buncha kuch-quvvat va harakatchanlikka qanday erishgansiz?
Ehtimol, o‘z kasbimga bo‘lgan muhabbat tufaylidir.
***
EDU Masterning ikki soatlik ma’ruzasini zal to‘la odam bir nafasda tinglashdi. Bu g‘or tizimlari qanday qilib Yerdan tashqaridagi hayotni kashf qilish va u yerda birinchi aholi punktini yaratishning kaliti bo‘lishi mumkinligi haqidagi ajoyib hikoya edi, shuningdek, boshqa sayyoralar, ularning yo‘ldoshlari va Quyosh tizimidagi kichik jismlardagi g‘orlarni o‘rganishning kutilmagan jihatlarini ochib berdi. Bularning barchasi tanish janrda yangradi — Surdin murakkab narsalar haqida oson va oddiy, ammo teran gapira oladigan noyob qobiliyatga ega.
Ikkita katta proyektor, qorong‘ilik va lazer ko‘rsatkichi ma’ruzadan ko‘ra ko‘proq planetariyni eslatuvchi atmosferani yaratdi. Taqdimotdan so‘ng Surdin barcha savollarga javob berdi, ularning soni shunchalik ko‘p ediki, interaktiv qismi bir yarim soat davom etdi. Savollar talabalar, yosh olimlar, ijtimoiy tarmoq sahifalari obunachilari, hatto bolalar tomonidan ham berildi.
Shundan so‘ng, Vladimir Georgiyevich talabgorlarga dastxatlar qo‘yib berdi, ular bilan birga suratga tushdi, juda ko‘pchilik bo‘lishsa-da, hech kimni e’tibordan chetda qoldirmadi. Soat 19:00 da boshlangan astronomik kecha (bizning vaqt holatiga ko‘ra 18:00 da) 22:00 ga yaqin tugadi. Ertasi kuni ertalab oltida Surdin Olmaotada ma’ruza o‘qish uchun uchib ketdi.