Skyline Chess shaxmati
Agar siz qachondir Singapurga borgan bo‘lsangiz, boring-ki agar u yerda hech qachon bo‘lmagan bo‘lsangiz ham, dunyoning eng qimmat shaharlaridan biridagi taniqli me’moriy inshootlarini shubhasiz bilsangiz kerak. Shaxmat donalari aynan ularni takrorlaydi, shu bilan birga ular zanglamas po‘latdan qo‘lda yasalgan. Doskasi esa yog‘och va marmardan ishlangan.
Neo Legend uy o‘yin avtomati
Jurnalimiz o‘quvchilari orasida 1980-1990-yillarning muxlislari bormi? Agar bor bo‘lsa, ularda tom ma’noda bolalik orzusini amalga oshirish imkoni paydo bo‘ldi – o‘tgan davrning eng mashhur arkadalariga ega bo‘lgan o‘zingiz uchun o‘yin avtomatini xarid qilish. Ehtimol, oqshomni “noyob o‘yinchoq” bilan maroqli o‘tkazish uchun ideal variant.
Holtzman’s Gorilla Survival 48 in 1 sayyor to‘plami
Agar siz safarga otlanmoqchi bo‘lsangiz – safardan yaxshiroq yana nima bo‘lishi mumkin? – o‘zingiz bilan mana bunday “granata”ni olishingizni tasviya etamiz. Dag‘al g‘ilofda – yovvoyi tabiat qo‘ynida tirik qolish uchun eng zaruriy ashyolar mavjud. Bu yerda pichoqcha ham, qisqich ham, gugurt ham, Kompas ham – umuman, sanab adog‘iga eytib bo‘lmaydi. Ham ryukzakdan ko‘ra olib yurish ancha qulayroq.
Transparent Sound Speaker kolonka-haykalchasi
Zamonaviy haykaltaroshlik shinavandalariga bag‘ishlanadi: dinamik va Bluetooth-ulanishli haykalcha – ehtimol, interyer dizaynidagi jamiiki dolzarb trendlar timsoli. Shved kompaniyasi o‘z kolonkalarining tovush sifati bilan tanilgan, ularning korpusi esa, aytish joizki, betakrordir: dunyoda bunaqa modellardan boshqa yo‘q.
Wacaco Nanopresso sayyor kofe qaynatish asbobi
Yana bir bor safarlar haqida: tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishdan ham yaxshiroq narsa faqat tabiat qo‘ynida qulaylik bilan dam olish bo‘lishi mumkin. Va sevimli qahva bilan. Endi, xayriyatki, hatto buning ham imkoni bor. Bir vaqtning o‘zida ham termos hisoblanadigan kofevarka sabab, o‘zingiz bilan tuyilgan qahva va qandaydir gullarga burkangan yalanglikda o‘tirib, tetiklashtiruvchi ichimlik tayyorlashingiz mumkin.
Tom Ford quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynagi
Bahorni, keyin esa yozni o‘zgacha uslubdagi quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar bilan kutib olgan ularsiz kutgandan ko‘ra yaxshiroq. Universal variant ham mavjud – hech eskirmaydigan klassika Tom Ford. Toshbaqa naqshli va qalin bandli model – xoh kostyum bilan, xoh futbolka bilan taqish mumkin bo‘lgan narsa. Shunday ekan, bunday gardish bilan tanlovda o‘ylanib o‘tirishga hojat yo‘q.
L’Objet shami
Nozik yoqimli hidli sham bilan hech kimni shunchaki xursand qila olmaysiz. Hozirda hamma uning g‘ilofiga e’tibor qaratmoqda – bu holatda barcha maqtovlardan ko‘prog‘iga loyiq. Malaxit naqsh oltin rang qoplama bilan qoyilmaqom tarzda uyg‘unlashgan. Iforli kompozitsiyaning asosiy notasi pushtirang shampan sanaladi – shamni hoziroq yoqishn xohlab qolasiz!
Charles Simon soat uchun g‘ilofi
Qimmatbaho buyumlarni qadrlovchilar va yaxshi soatlar kolleksionerlari uchun buyum. Unchalik katta bo‘lmagan diplomat alyuminiy, kumush karbonit va charmdan ishlangan. Ichida sevimli soatingiz uchun hamma narsa tayyor – uni yaxshilab joylashtirishingiz va so‘ng do‘stlaringizga o‘z kolleksiyangizni ko‘rsatishingiz mumkin.
Symbiosis London ko‘z atrofi uchun krem
Mutaxassislarning tasdiqlashicha, Symbiosis London vositasi – ko‘z ostidagi ko‘kariqlardan xalos bo‘lishga qarshi eng yaxshi vositalardan biridir. Tarkibida gialuron kislotasi, ribonuklein kislotasi va kollagen mavjud. Bu formula sabab ertalabgacha vaqtichog‘lik qilishingiz, keyin esa bir necha soat uxlab, ishga jo‘nashingiz mumkin va hech kim ko‘zingiz ostidagi charchoq alomatlarini sezmaydi. Ishonarsizdek eshitiladi, biroq sinab ko‘rishga arziydi.
Eufy by Anker personal fitness-treneri
Agar sizga muvaffaqiyat sari motivatsiya berishlarini xush ko ‘rsangiz, u holda Wi-Fi Fitness Tracking Smart Scale P3 – aynan siz izlagan matoh. Aqlli tarozi (maxsus ilova ham) sizning tana mushak (va yog‘) massangiz qanday o‘zgarganligini ko‘rsatadi va shundan kelib chiqib mashqlar tavsiya qiladi. Ehtimol, bu fitnes olamidan Duolingo’dir!
Tom Dixon lampasi
Kosmik 1960-yillarning minimalistik dizayni yana urfda. Ustiga ustak, bu chiroq go‘zalligi uning oddiyligida, yana u bir marta quvvatlantirganda 9 soatgacha ishlashi mumkin. O‘zgacha, ixcham va juda qulay.
Waterman Solid Wood Bar Cart bar stolchasi
Ingliz filmlaridagi har qanday tartibli jentlmenda nafaqat qimmat, balki ayrim holatlar uchun kolleksion alkogoli, yana uni saqlash uchun joy – globus shaklidagi bar stoli bo‘lishini ham bilsangiz kerak. Endi aynan shunaqasini siz ham sotib olishingiz mumkin. Model yog‘ochdan ishlangan, o‘z-o‘zidan oyoqlariga g‘ildiraklar biriktirilgan.
Lexon Oblio Qi telefoni uchun simsiz zaryadlovchi qurilma
Agar telefoningiz simsiz texnologiyani qo‘llab-quvvatlasa, ushbu ajoyib qurilmaga e’tibor qarating. U interyerga juda bop tushadi, biroq asosiysi boshqa narsa – o‘zining asosiy ishidan tashqari, ushbu gadjet ultrabinafsha yorug‘ligi sabab telefoningizdagi barcha bakteriyalarni o‘ldiradi.
Samsung Freestyle FHD HDR proyektori
Umuman, proyektor sotib olish – ko‘plarning orzusi. Ammo odatda nimadir to‘xtatib qoladi: balki kerakli devor topilmasa-chi? Balki yuza tekis bo‘lmasa-chi? Yana oynada tushadigan oftob xalal beradi… Umuman, yuzlab shubha bo‘ladi. Biroq Samsung proyektori barchasini hal etishga va’da beradi – devor ranglari ham xalaqit bermaydi, agar u xiyol qiyshiq bo‘lsa ham bu tasvirga ziyon yetkazmaydi. Yana bu modellarda Alexa o‘rnatilgan. Ahamiyatsiz, lekin yoqimli.
LEGO Icons Land Rover Classic Defender 90 10317 konstruktori
LEGO dan faqat uy qurish deb o‘ylaydiganlar bekorlarning beshtasini aytibdi. Albatta, unday emas. ayniqsa, gap mashinani yig‘ish haqida ketganda. Shunchaki mashina emas, Indiana Jonsning qaysidir sarguzashtlarini eslatadigan jipni! Qisqasini aytganda, yig‘ish jarayonidan maroq olish, xuddi natijadan mahliyo bo‘lish kabi kafolatlanadi.
Kodak Pixpro WPZ2 fotoapparati
Bu nomerda sivilizatsiyadan yiroqda dam olish uchun bizda buyumlar ajabtovur tarzda jamlanadi. Ehtimol, bu belgidir. Harholda, Kodak safaringiz haqidagi xotiralarni uzoq muddatga saqlab qoladi – apparat korpusi zarbaga bardoshli va suv o‘tkazmaydi. Xoh suvda bo‘lsin, xoh olovda. To‘rt karra yiriklashtirish funksiyasi ham yomon emas.
Boombox AM FM SW Radio magnitofoni
Agar eski buyumlarni qo‘msaydigan bo‘lsak, unda faqat o‘zgacha uslubdagi va odatiy funksionali mavjud bo‘lgani yaxshi. Model magnitofonning 1980-yillardagi barcha afzalliklariga ega – taniqli dizayn, kasseta aylanishi, – yana ko‘plab modifikatsiyalar mavjud. Masalan, tarmoqdan zaryadlanish, fleshka tiqish uchun joy va ajoyib dinamik.
Novelty Kettlebells girisi
Biz, giri – bu shunchaki giri va unda hech qanday originallik bo‘lishi mumkin emasligiga ko‘nikkanmiz. Vazn o‘zgarishidan tashqari. Biroq endilikda boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘z uy sportzalingizni yaratish – Novelty Kettlebells girisi Dart Veyder boshidan kalla suyagi diapazonida dizaynning ulkan xilma-xilligini taklif etadi. Ko‘nglingizga yoqqanini tanlang.
“O‘zbekiston: Samarqandga yo‘l” kitobi
Uyda art-buk turishi – bu hamisha yaxshi: ham bo‘sh joyni bezaydi, ham xo‘jayinni kutib turgan mehmonlar uchun ermak. Lekin bu shunchaki art-buk emas, o‘z vataningga bag‘ishlangan va eng mashhur nashriyotlardan biri – Assouline Publishingda nashr etilgan kitob bo‘lsa yana yaxshi. U ayni shu singari sifatli kitoblarni nashr etishga ixtisoslashgan – har bir loyiha san’atga aylanadi.
Soho Home qadahi
Soho Home’ning har bir qadahi o‘z ishining ustalari tomonidan tabiiy materiallardan tayyorlanishi sabab nodir sanaladi. Mazkur model agatadan ishlangan va mualliflarning niyatiga qaraganda, dengiz va Mikonoseni yodga solishi kerak edi – shakliga ko‘ra qadah chanoqni eslatadi. Bizning nazarimizda, qadah o‘zining darrov e’tiborni jalb qiluvchi dag‘al dizayni bilan ham chakki emas.
Jamladi: Sergey Vereskov