JSST xavotirda: ko‘plab mamlakatlarda bolalar va o‘smirlar orasida veypingning keng tarqalishi kattalarnikiga qaraganda o‘sib bormoqda. O‘smirlar veypingining avj olgan pallasi garchi pandemiyagacha bo‘lgan yillarga to‘g‘ri kelsa-da, bugungi kunda vaziyat hamon tashvishli ko‘rinishda qolmoqda.
2023-yilda AQShda yuqori sinf o‘quvchilarining 11,4–23,2 foizi veyp iste’mol qilgan. Rossiyada so‘rovnoma o‘tkazilgan 5 225 nafar maktab o‘quvchilarining har uchinchisi veypni chekib ko‘rgan yoki muntazam chekadi. Shu bilan birga, 36,8 foiz respondentlar ota-onalari ularning zararli odati haqida bilishini va unga xotirjam munosabatda ekanligini aytib o‘tgan. (Shuni o’rinda e’tiborga olish kerakki, bu ixtiyoriy so‘rovnoma bo‘lib, unda respondent chekishini tan olmasligi mumkin.)
Aksariyat o‘smirlar veyplar o‘rganib qolishni chaqirishini va salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xabardor. Ularni tutatishga undovchi asosiy sabab – do‘stlarining elektron sigaretlardan foydalanishi. Ba’zilar veypingni stressdan xalos etuvchi vosita sifatida qabul qiladi. Kimlardir uchun esa bu ichda to‘planib qolgan agressiyadan xalos bo‘lishga imkon beruvchi o‘ziga qasddan ziyon yetkazishdir.
Kattalarning nojo‘ya qiliqlari bilan ularga namuna bo‘lishi ham Bolani chekishga undashi mumkin. Avstraliyaliklarning hisoblab chiqishlaricha, ota-onalarning elektron yoki oddiy sigaret chekishi o ;smirlar orasida veyping avj olish xavfini 42–81 foizga oshiradi. Oqibatda ilgari faqat kattalarga tashxis qo ‘yilgan kasalliklar hozirda o‘smirlarda ko‘proq aniqlanmoqda.
Balog‘atga yetish davri – ruhiy buzilishlar shakllanishi uchun eng zaif davr sanaladi. Nikotin va veyp mahsulotlarining boshqa tarkibiy qismlari ijro funksiyalari va hissiy reaksiyalar uchun mas’ul bo‘lgan miya tuzilmalarining shakllanishini buzadi, bu esa qisqa va uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi. O‘smirlar veypingi boshqa qaramliklarning rivojlanishi, shu jumladan alkogolizm, depressiv buzilishning namoyon bo‘lishi, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va o‘z joniga qasd qilish xavfining yuqoriligi bilan bog‘liq.
Elektron sigaretlar tutunida 30ta kimyoviy birikmalar, jumladan, nikotin va boshqa tamaki alkaloidlari, og‘ir metallar, propilen oksidi va glitsidol – o‘tkir zaharli va kansrogen birikmalar mavjud. Veyp-aerozollar nafas yo‘llari epiteliysining yallig‘lanishi va epitelial hujayralarning halok bo‘lishiga olib keladi. Shu bilan birga, aerozollarning hujayralarga zaharli ta’sirining kuchi ulardagi aromatizatorlarning miqdori bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pchilik veyperlar ularni xavfsiz deb hisoblashadi.
Veyping bilan shug‘ullanadigan ko‘pchilik o‘smirlarda nafas yo‘llarining u yoki bu darajadagi obstruksiyasi aniqlanmoqda. Yana bir keng tarqalgan nafas yo‘llari kasallik – o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi. Asosan u 40 yoshdan keyin boshlanadi, ammo bugungi kunda bolalar va o‘smirlar tez-tez kasallanmoqda. Faol ravishda tutatishdan uch yil o‘tgach, o‘smirda birinchi qo‘ng‘iroqchalar paydo bo‘lishi mumkin: tinkani quritadigan yo‘tal, hushtakli nafas, surunkali tumov, tez-tez qaytalanuvchi O‘RK.
24 971 o‘smir ishtirok etgan boshqa bir Amerika tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, balog‘at davrida tarkibida nikotin bo‘lgan veyplar iste’moli keyinchalik tamaki chekish va alkogolizm xavfini 6 barobar oshirar ekan. Yosh veyperlarning boshqa qaramliklarni shakllanishiga nisbatan zaifligining sababi balog‘at davrida nikotinli xolinergik retseptorlarning to‘liq rivojlanmaganligi bilan izohlanadi.
O‘smirlarning bosh miyasi bilish, hissiyotlar va qaror qabul qilish uchun mas’ul bo‘lgan prefrontal po‘stloqning egiluvchanligi bilan ajralib turadi. Miyaning bu qismini rivojlantiruvchi regulyatorlar nikotin ta’sirida faol holatga keladi. Balog‘at davrida ularning nikotinga ta’sirchanligi katta yoshdagiga nisbatan ancha yuqori bo‘ladi.
Aslida, elektron sigaretalar o‘smirni har qanday yo‘l bilan kayf-safoning yangi dozasini olishga intiladigan “dopamin giyohvandiga” aylantiradi. Dopamin tizimini faollashtiruvchilarga veyp mahsulotlarining xushbo‘ylantirgichlari ham kiradi. Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalarda mentol va mevali xushbo‘ylantirgichlarning nikotin retseptorlari faolligini va dopamin ishlab chiqarishni oshirish qobiliyati isbotlangan.
Ota-onalarga o‘smir farzandining veyper ekanini aniqlash imkonini beradigan belgilar mavjud.
- Bola kiyimidagi yog‘li dog‘lar. Bular tarkibida glitserin bo‘lgan elektron sigaret suyuqligining to‘kilishi natijasida paydo bo‘ladi.
- Yangi gadjetlar va zaryadlash qurilmalari. Har qanday elektron sigaretaning asosiy qismi – muntazam ravishda zaryadlashni talab qiladigan batareyadir.
- Xulq-atvordagi o‘zgarishlar. Veyping bir qator ruhiy buzilishlarni keltirib chiqaradi, shuning uchun bolada ham tushkunlik alomatlari, ham tashqi buzilishlar belgilari kuzatilishi mumkin (tez-tez o‘zini nazorat qilishni yo‘qotish, xulq-atvorning qo‘zg‘atuvchi va tajovuzkor shakllari).
- Jismoniy salomatlikning yomonlashuvi. Veyping birinchi navbatda nafas olish tizimiga zarba beradi. Yo‘tal, xirillash, yengil jismoniy zo‘riqishda ham nafas qisilishi, tez-tez nafas yo‘llari kasalliklarining paydo bo‘lishi – bularning barchasi faol chekishga ishora bo‘lishi mumkin.