Skip to main content

Ijtimoiy rolingizni aniqlaydigan MBTI-test haqida gapiramiz, o‘zimizni baholash uchun ikkita muqobil variantni keltiramiz

Mayers-Briggs tipologiyasi nafaqat mashhur onlayn test, balki yirik industriya hamdir. Har yili davlat va xususiy muassasalar, universitetlar, xayriya tashkilotlari va hatto qurolli kuchlar MBTI testini o‘tkazish uchun taxminan 20 million dollar sarflashadi. Sinov natijalariga ko‘ra, inson o‘zining shaxsiy turini aniqlaydi – ular jami 16 ta. Test ilmiy asosga ega emasligi aniqlangan bo‘lsa-da, u professional muhitlarda keng
qo‘llaniladi: McKinsey kabi yirik firmalar yangi xodimlarni ishga olish jarayonida ushbu testdan foydalanadilar.

MBTI tipologiyasi nima degani?

MBTI — Myers–Briggs Type Indicator yoki Mayers-Briggs tipologiyasi 1940-yillarda amerikalik Izabel Briggs-Mayers va uning onasi Ketrin Briggs tomonidan ixtiro qilingan sinov usulidir. Ular Karl Gustav Yungning psixologik turlariga tayanganlar. Yaratuvchilar bu usulni 20 yil davomida sinab ko‘rganlar va takomillashtirganlar.

MBTI mashxur ma’noli to‘rtta shkalaga asoslangan:

Ong oriyentatsiyasi: ekstraversiya (E) yoki introversiya (I).

Vaziyatlarda oriyentatsiya: moddiy ma’lumotlarga (S) yoki sezgiga (N) tayanish.

Qaror qabul qilish: mantiq (T) yoki his-tuyg‘ular (F).

Qarorlarni tayyorlash: aniq rejalashtirish (J) yoki vaziyatga ko‘ra oriyentrlash (P).

Natijada 16 turdagi shaxsiyat kelib chiqadi: ENTP, ISFJ va boshqalar. Tadqiqotchilar har bir tur uchun qisqacha ta’rifni ishlab chiqdilar va bu turdagi shaxs o‘zini qanday tutishini va u bilan qanday qilib samarali munosabatda bo‘lish kerakligini tasvirlab berdilar.

To‘rtta ko‘rinishning har birida qaysi harf odamga mos kelishini aniqlash uchun testdan o‘tish kerak (u onlayn tarzda mavjud). Har yili 2 milliondan ortiq kishi MBTI bazasida so‘rovlardan o‘tishadi. AQShning Fortune 100 ro‘yxatidan 89 ta kompaniya undan foydalanadi.

MBTI ilmiy asosga egami? 

Ilmiy psixodiagnostik testlar har xil, lekin ularni internetdagi rasmlarni tanlashdan ajratib turadigan asosiy narsa shundaki, ular bir qator talablarga javob berishi kerak. Mayers-Briggs tipologiyasi ilmiy hisoblanmaydi, u testni tasdiqlash jarayonidan o‘tmagan. Psixologik test – bu standartlashtirilgan test bo‘lib, uning natijalari sinaluvchining psixofiziologik va shaxsiy xususiyatlarini (xislatlari, qobiliyatlari, holatlari) baholash uchun ishlatiladi.

Psixodiagnostika usullarining ilmiyligining psixometrik mezonlar mavjud:
• Haqiqiylik. Sinov nimani aniqlaydi va uni qanchalik yaxshi bajaradi.
• Ishonchlilik. Bu psixologik tekshiruvlarning to‘g‘riligini ko‘rsatadigan mezondir, ya’ni olingan natijalar ishonchni uyg‘otish yoki uyg‘otmasligini aniqlashga imkon beradi.
• Aniqlik. Psixodiagnostik eksperiment paytida yuzaga keladigan baholangan xususiyatdagi eng kichik o‘zgarishlarga texnikaning nozik javob berish qobiliyatini aks ettiradi.

Qisqacha qilib aytganda, ilmiy test ilmiy jamotchilik tomonidan tasdiqlanishi kerak, ayniqsa xalqaro miqyosda tasdiqlangan bo‘lishi kerak va uning haqiqiyligi, ishonchliligi va aniqligini tasdiqlovchi tadqiqotlar ham bo‘lishi kerak.

Ushbu mezonlarga tayanadigan bo‘lsak, Mayers-Briggs testi tanqidlarga dosh berolmaydi. Ammo bu test insonning ma’lum bir haqiqatini aks ettirishi va unga fikrlash uchun ozuqa berishi mumkinligini istisno qilmaydi. Shuni takrorlab o‘tamizki, ko‘pgina kompaniyalarning HR mutaxassislari nomzodlar bilan suhbatlarda ushbu testdan foydalanadilar.

MBTI BO‘YICHA 16 SHAXS TURLARI

Tahlilchilar

Strateg – INTJ

Novator-perfeksionist- eng qulay holat yolg‘iz o‘zlari bo‘lishganda. Bunday odamlar mustaqil ishlashga bardosh bera oladigan eng mos shaxslar va ular jamoaga muhtoj emaslar. Ularda o‘z-o‘zini tashkil etish va shaxsiy mas’uliyat yaxshi rivojlangan. Ular intuitiv va oqilona fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan g‘oyalarni osonlik bilan amalga oshiradilar. Bunga misol kulrang Gandalf (“Uzuklar hukmdori” filmlar seriyasi).

Olim – INTP

O‘zgaruvchan, ammo malakali, algoritmga rioya qilishni va muammolarni hal qilishni yaxshi ko‘rishadu, xatolar va nomuvofiqliklarni tezda topishadi. Olimlar yolg‘izlikda o‘zlarini yaxshi his etadilar va ishlari juda mahsuldor bo‘ladi. Bunga Albert Eynshteynni misol qilib keltirish mumkin.

Polemist – ENTP

Odamlarni boshqarishni yoqtiradigan xarizmatik ziyoli. Ko‘pincha bu turga rahbarlar kiradi. Ular mantiqli oqilona va ob’ektiv bo‘lishgani bilan doimiy aqliy rag‘batlantirishni talab qilishadi. Bu kabi rahbarlar ko‘pincha katta g‘oyalarga e’tibor berishadi va bir xillikdan nafratlanishadi. Masalan, Tirion Lannister (Jorj Martinning "Muz va olov qo‘shig‘i" kitoblari seriyasi).

Komandir – ENTJ

Chegaralarni buzish va har qanday vaziyatga yechim topishni yaxshi ko‘radigan izchil rejalashtiruvchilar. Ular mahsuldorlik va professionallikni, shu jumladan maqsadlarni rejalashtirganda, struktura va iyerarxiyani belgilashni qadrlashadi. Xarizmatik va o‘ziga
ishongan, boshqalarni umumiy maqsadga erishishga undaydi. Misol tariqasida Stiv
Jobsni keltirish mumkin.

Diplomatlar

Faol – INFJ

Dangal va ijodiy, u o‘z yo‘nalishiga ergashadi, lekin ajoyib intuitsiyaga ega. Empat, u odamlarni yaxshi tushunadi va ularning his-tuyg‘ulariga e’tibor berishadi. Boshida hamisha yuzta fikr bor teran mutafakkir. Masalan, Martin Lyuter King.

Vositachi – INFP

Muvozanatli, rivojlangan qadriyatlar tizimiga ega, o‘z g‘oyalari va fantaziyalariga ko‘milgan. Haqiqiy idealist, hatto ziddiyatli vaziyatlarda ham do‘stona. Bunga misol sifatida Ameli Pulen ("Ameli" filmi) kiradi.

Jangchi – INFP

Ziyrak, tajribalarni yaxshi ko‘radigan, yuqori intuitsiyaga ega. Jamiyatda bo‘lishni yaxshi ko‘radigan va mantiq emas, balki his-tuyg‘ular bilan boshqariladi. Ijodkorlik va erkinlikni juda qadrlaydi. Masalan, Kventin Tarantino.

Murabbiy – ENFJ

Tug‘ma lider, mantiq va ratsionallikdan ko‘ra ko‘proq intuitsiya va his-tuyg‘ular bilan boshqariladi. Boshqaruv lavozimlarida u qanday qilib ilhom berishni biladi. Sobitqadam murabbiy, lekin shu bilan birga boshqalarning ehtiyojlariga juda sezgir. Bunga misol Opra Uinfri.

Qo‘riqchilar

Administrator – ISTJ

Barcha vazifalarni itoatkorlik bilan va izchil bajaradi, aniq va ravshan tashkiliylikni, sharaf, mehnatsevarlik va ijtimoiy mas’uliyatni qadrlaydi. Odatda bunday odamlar o‘zlarini imkon qadar ehtiyotkor tutadilar. Masalan, Jorj Vashington.

Konsul – ESFJ

Jamoaga sodiq, ochiqko‘ngil, e’tiborli. Jamoa manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yadi va ishga taalluqli bo‘lmagan mavzularda shaxsiy muloqotdan zavqlanadi. Konsullar aloqa o‘rnatishda olg‘ir va ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qodir. Bunga misol Monika Geller (“Do‘stlar” teleseriali).

Himoyachi – ISFJ

Introvertlar orasida eng ekstrovert, u etika va professionallikka ega va hamkasblarining his-tuyg‘ulari va afzalliklariga e’tibor beradi. Himoyachilar – jamoaviy ruhni saqlaydigan tug‘ma menejerlar. Masalan, Britaniya qirolichasi Yelizaveta II.

Menejer – ESTJ

Konservativ qarorlar qabul qiladigan va kundalik ishlar bilan shug‘ullanadigan pragmatist. U mehnatsevar, sodiq va metodik. Masalan, Duayt Shrut (“Ofis” teleseriali).

Qidiruvchilar

Virtuoz – ISTP

Dangal, izchil, hamkasblariga sodiq, lekin qoidalarga juda rioya qilmaydi. Qanday yo‘l tutishini oldindan aytib bo‘lmaydigan shaxs: u mantiqli va ratsional bo‘lishi mumkin yoki spontan ham bo‘lishi mumkin. Masalan, Jeyms Bond (agent 007 haqidagi filmlar seriyasi).

Artist – ISFP

Nozik va faol altruist. Mehribon, do‘stona, mojarolardan qochadi va yangi narsalarni o‘rganishni yaxshi ko‘radi. Artist – chinakam ijodkor insondir. Bunga misol Frida Kalo.

Biznesmen – ESTP

Qimor, g‘ayratli, xavf-xatarni yaxshi ko‘radi va eng qiyin muammolarni tezda hal qiladi. Tez va qat’iy harakat qilishingiz kerak bo‘lgan ekstremal sharoitlarda va loyihalarda eng samarali Shaxs. Masalan, d’Artanyan (Aleksandr Dyumaning "Uch mushketyor"
romani).

Ko‘ngilochar – ESFP

“Davra guli”, rassom va notiq. Baquvvat, ijodiy, g‘oyalarga boy va his-tuyg‘ularni ochiq ifoda etadi. Diqqat markazida bo‘lishni yaxshi ko‘radi, lekin shunga qaramasdan hamkasblarga saxiy va ko‘ngilchan. Bunga misol Elton Jon. Shuni yodda tutishimiz kerakki, eng yaxshi yechim shaxsiy yondashuvdir. Biror kishini to‘liq tasvirlash, uning xatti-harakatlarini bashorat qilish yoki uning salohiyatini ko‘rish uchun har qanday usullar yetarli emas. Testlar ma’lum shaxs vektorlarini aniqlashga yordam beradi: introversiya, ekstroversiya, ratsional yoki hissiy tur. Biroq, inson oddiy sharoitlarda va ekstremal sharoitlarda turlicha bo‘lishi mumkin, qulay muhitda esa yo‘q.

MUQOBIL VARIANTLAR

MBTI testiga alternativ sifatida biz ilmiy hamjamiyat tomonidan tan olingan usullar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilishimiz mumkin: 566 savoldan iborat MMPI testi yoki portret tanlash usuli – Sondi testi.

Minnesota ko‘pjihatli shaxsiyat anketasi- shaxsiyatning turli jihatlarini aniqlashga qaratilgan katta psixologik testdir. U 1940-yillarda Minnesota universitetida ishlab chiqilgan va shundan beri eng mashhur va o‘rganilgan psixologik testlardan biriga aylandi. MMPI yuqori ishonchlilik va standartlashtirish, shaxsiyat va psixopatologiya jihatlarini aniqlash uchun keng ko‘lamli shkalalar va uning samaradorligini tasdiqlovchi ko‘plab ilmiy tadqiqotlar kabi bir qator afzalliklarga ega. Biroq, noto‘g‘ri ijobiy va noto‘g‘ri salbiy javoblarning oldini olish, shuningdek natijalarni to‘g‘ri talqin qilish uchun ushbu testni mutaxassis bilan birgalikda o‘tkazish tavsiya etiladi.

Portret tanlash usuli yoki Sondi testi eng mashhur va keng qo‘llaniladigan proyektiv testlardan biridir. Usul 20-asr o‘rtalarida psixoanalist Leopold Sondi tomonidan ishlab chiqilgan. Sinovdan o‘tishda odamga oltita portret seriyasi taqdim etiladi, ularning har birida u eng jozibali va eng yoqimsiz portretni tanlashi kerak. Sinov shaxsning turli xususiyatlari va tomonlarini aniqlash imkonini beradi.