Skip to main content

XXI asrda nimani bilish va eplay olish kerak

Dasturlash singari amaliy ko‘nikmalar yangi murakkab dunyoda ahamiyatini yo‘qotadi. Nima sababdan minglab ko‘nikmalar foydasiz bo‘lib qolayotgani hamda XXI asrda nimani o‘rganish kerakligi haqida hikoya qilamiz.

Bilim va mahorat ko‘nikmani shakllantiradi

Ko‘nikmani shakllantirish uchun yangi bilimga ega bo‘lish va uni amalda qo‘llash lozim. Bilim – bu biz qabul qiladigan va o‘zimiz uchun eslab qoladigan ma’lumot. Bilim manbalari talaygina: kitoblar, maqolalar, ma’ruzalar, shaxsiy muloqot, murabbiy maslahati.  Misol tariqasida avtomobil haydashni olaylik. Mashina qurilmasini o‘rganish, yo‘l harakati qoidalari va haydovchilik nazariyasi – bu bilim.

Bilimni amalda qo‘llash, dastlabki va yaxshi o‘rganilmagan tajriba – mahorat.  Mahorat shahar yoki o‘quv maydonchasi bo‘ylab avtomobilda sayr qilish hisoblanadi. Bu bizning haydovchilik guvohnomasini olishimizdir, malaka esa hali shakllanmagan.

Mahorat avtomatik ravishda amalga oshish darajasiga yetgandagina malaka shakllanadi – biz vazifani tashqi sharoitlardan qat’i nazar sifatni yo‘qotmasdan birdek yaxshi bajarishni o‘rganamiz. Ishonch bilan haydash ob-havo, avariya holatlari va boshqa tashqi omillarga bog‘liq emas – bu mahorat.

“Bazaviy ko‘nikmalar” – yangi dunyoda har qanday faoliyatning negizidir

XX asrda ommaviy ta’limning asosiy vazifasi odamlarni o‘qishga, yozishga va sanashga o‘rgatish bo‘lgan. Keyin esa savodli ishchilar texnikum, universitet va kurslarda muayyan kasblar ostida ko‘nikmalarini shakllantirganlar.  O‘sha vaqtlarda kasbiy vazifalar deyarli o‘zgarmagan. Karyera pog‘onalaridan yuqorilash uchun bir nechta ko‘nikmalarga sayqal berishning o‘zi kifoya edi – masalan, oddiy ishchidan fabrika rahbarigacha.

XXI asrning boshiga kelib sayyoraning taxminan 85% aholisi bazaviy savodxonlikni o‘zlashtirdilar, shunga qaramay tor doiradagi kasbiy malakalar yetishmovchiligi yuzaga keldi.

Har bir sohada ishchilarning aksariyati qo‘llaydigan eng keng tarqalgan ko‘nikmalarning kichik yadrosi mavjud. Mazkur yadro markazida “bazaviy ko‘nikmalar”, masalan, o‘qish, yozish va hisoblash qobiliyati yotadi. Faoliyat sohasidan qat’i nazar barcha ishchi xodimlar bunday ko‘nikmalarga ega.

Hisobot mualliflari insonning har qanday faoliyat doirasida talab etiladigan malaka va “bazaviy ko‘nikmalar” to‘plamini ajratishdi.

  • Diqqatni jamlash va uni boshqarish. Haddan ortiq axborot yuklamasini yengishga va murakkab texnikani boshqarishga yordam beradi.
  • Hissiy savodxonlik. O‘zini saqlash va his-tuyg‘ular, empatiya va hamdardlik yordamida boshqalar bilan o‘zaro munosabatga kirishishda yordam beradi.
  • Raqamli savodxonlik. Raqamli muhitda, masalan, AR, VR muhitida ishlashda yordam beradi. Mualliflar raqamli savodxonlik xuddi o‘qish-yozishdek talabgir bo‘ladi, deb hisoblaydilar.
  • Ijodkorlik, kreativlik. Kundalik ishlar avtomatizatsiyasi sharoitida yangilik yaratish, nostandart fikrlashga yordam beradi.
  • Ekologik fikrlash. Dunyoning uzviy bog‘langanligini tushunishga, o‘z faoliyatini barcha ekotizim kontekstida idrok etishga, evolyutsion jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi.
  • Madaniyatlar kesishuvi. Bu avlodlar orasidagi bo‘shliqni bartaraf etishga, boshqa madaniyat va submadaniyatlarni tushunish hamda ular bilan til topishishga yordam beradi.
  • Ta’lim/mustaqil o‘rganish. Butun hayot davomida o‘rganish va shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ko‘nikmalarni mustaqil o‘zlashtirishga yordam beradi.

Inson ta’limi “bazaviy ko‘nikmalar” bilan cheklanib qolmasligi lozim. XXI asrda utilitar sanoat ta’limidan integral ta’lim paradigmasiga o‘tish muhim ahamiyatga ega. An’anaviy paradigma ta’limni hayotning boshqa jabhalaridan qat’iy ajratdi va ularni kelajak hayotga tayyorlash uchun faqat o‘qiydiganlarni qamrab oldi.

Yangi paradigma uzluksiz – u hamma uchun butun hayoti davomida o‘qitishni nazarda tutadi. Ta’limning bunday tizimi nafaqat bilim berish va ko‘nikmalarni o‘stirishga, balki hayotning barcha jabhalarida to‘laqonli muallif bo‘lib yetishishiga ko‘maklashishga qaratilgan.

“Uzun dum” – umringizning oxirigacha ortingizdan ergashadigan ko‘nikmalar

Ehtimoliy barcha ko‘nikma va bilimlarni hisobga olgan holda ta’lim dasturlarini benihoya kengaytirish xavfli. “Murakkab” ish joyidagi mutaxassislar malakasining katta qismi – nodir tor ixtisoslikdagi ko‘nikmalar sanaladi. Undan har bir korxona yoki barcha sohalarda bir yoki bir nechta xodimlar foydalanadi.

Muayyan sharoitda muayyan vazifani bajarish uchun zarur bo‘lgan yuzlab va hatto minglab ixtisoslik ko‘nikmalari “uzun dum”ni hosil qiladi. Masalan, dasturchilar “bazaviy” va kasbiy ko‘nikmalaridan har kuni foydalanishadi – hamkasblari bilan muloqot qilishadi, yo‘riqnomalarni o‘qishadi, dasturlash tilida kod yozishadi. Fotoshop va HTML da ishlash ko‘nikmasi yilda ikki marta qo‘llaniladi – ular va yuzlab boshqa ko‘nikmalar “uzun quyruq”ni hosil qiladi. Dunyo murakkablashgani sayin bunday “quyruq” doimiy tarzda kattalashib boradi – va bu tabiiy holat.

2014-yilda tadqiqot mualliflari 2 ming nafar muhandislarning professional ko‘nikmalarini skriningini o‘tkazishdi. Muhandislar yetakchi aviatsiya, kemasozlik, atom sanoati, yangi materiallar ishlab chiqarish kompaniyalarida faoliyat yuritishgan. Tadqiqotchilar LinkedIn’dagi har bir toifa bo‘yicha 400 nafar xodimning profilini ko‘rib chiqishgan. Turli ixtisoslikdagi muhandislar 950 dan 1500 gacha ko‘nikmalarini namoyon etdilar.

Tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatdiki, har bir yo‘nalish bo‘yicha aksariyat ko‘nikmalarning 80-90%i muhandislarning 1%idan kamrog‘ida kuzatilarkan. Ularning deyarli yarmi mutlaqo kamyob va butun namunada faqat bitta topiladi. Ko‘pchilik muhandislar faqat 30% ko‘nikmalarni namoyon qilishdi xolos.

Doklad mualliflari “bazaviy ko‘nikmalar”ni kasbiy ko‘nikmalar bilan to‘ldirgan holda o‘stirishga diqqat qaratishni taklif qilishadi. Ularga alohida e’tibor qaratadigan ta’lim dasturlarini tanlash, tor ixtisosdagi sohalardagilarini esa mustaqil o‘rganish lozim.

Yangi model shaxsiyatni rivojlantirish ko‘nikmalarini o‘z ichiga oladi

Zamonaviy boshqarish nazariyasida ko‘nikmalar “qattiq” (hard skills) va “yumshoq” (soft skills) ga bo‘linadi. Hard skills tekshiriladigan, o‘lchanadigan natijali muayyan vazifalarni bajarishga yordam beradi: mashina haydash, Java da dasturlash yoki ispan tilini bilish. Soft skills kuzatish va tekshirish mushkul bo‘lgan hayotiy va professional vazifalarni hal qilishda yordam beradi. Masalan, hamkasblar bilan muloqot, vaqtni yoki loyihani boshqarishda. Ko‘pchilik ta’lim dasturlarida qattiq ko‘nikmalarga e’tibor qaratiladi. Yumshoqlari ularni to‘ldiradi va qo‘shimcha sifatlar beradi.

Hard Skills

  • Chet tillarini bilish
  • Ma’lumotlar bazasini boshqarish va tahlil qilish
  • Dasturlash tillarini bilish
  • SMM
  • UX-dizayn
  • Moliya menejmenti
  • Sotuvlar yoki biznes-tahlil
  • Buxgalteriya
  • Matn yozish va tahrirlash
  • Injiniring
  • Loyiha menejmenti
  • SEO
  • Internet-marketing
  • Hisobot tuzish

Soft Skills

  • Kreativlik
  • Jamoaviy ish
  • Tanqidiy fikrlash
  • Tashkiliy ko‘nikmalar
  • Taym-menejment
  • Strategik fikrlash
  • Hissiy intellekt
  • Moslashuvchanlik va tanqidni qabul qilish
  • Stressga chidamlilik
  • O‘zlashtirish
  • Muzokara olib borish qobiliyati
  • O‘z-o‘zini ruhlantirish
  • Empatiya, suhbatdoshga qiziqish bildirish
  • Jamiyat sotsiologiyasi bilimlari

Mualliflar ko‘nikmalarning to‘rt bosqichidan iborat yangi modelni taklif etishmoqda.

Kelajak ko‘nikmalari, 7men.uz

Kontekstli/tor ixtisosli – aniq bir kontekstda rivojlanadigan va qo‘llaniladiga ko‘nikmalar. Masalan, Python tilida dasturlash yoki avtomobil haydash. Hard skills shu toifaga kiradi, biroq cheklanmagan.

Krosskontekstual – odamlar ijtimoiy yoki shaxsiy faoliyatning keng sohalarida qo‘llaydigan ko‘nikmalar: o‘qish, taym-menejment, jamoada ishlash ko‘nikmalari.

Metako‘nikmalar – Govard Garnerning “ko‘p sonli intellekt” nazariyasiga yaqin ongimizdagi yoki jismoniy olamdagi obyektlarni boshqarish rejimlaridir. Nazariyaga ko‘ra, inson bir qancha mustaqil intellekt qobiliyatlariga ega. Qobiliyatlar turli soha va fandagi alohida masalalarni hal etish mobaynida ochiladi.

“Ekzistensial” – shaxsiyatning turli hayotiy kontekstlaridagi biz hayotimiz davomida universal tarzda qo‘llaydigan ko‘nikmalar. Masalan, iroda kuchi – maqsad qo‘yib, unga erishish qobiliyati, onglilik – o‘z-o‘zini anglash va o‘z holati haqida qayg‘urish qobiliyati, o‘z-o‘zini rivojlantirish – o‘rganish, bilganini esdan chiqarish va qayta o‘rganish qobiliyati.

Taklif etilayotgan yangi tartibda “ekzistensial” va metako‘nikmalar yotadi – ular inson xarakterini belgilab beradi va ichki hamda tashqi olamni boshqarish qobiliyatini shakllantiradi. Keyingi qatlam insonning har qanday faoliyati tayanadigan krosskontekstli ko‘nikmalar bo‘ladi. Tashqi qatlamda kontekstli ko‘nikmalar joylashgan. Ular vaqt, vazifa va kontekstdan kelib chiqib o‘zgarib turadi. Yangi dunyoning qiyinchiliklarini yengish uchun butun umr ilm olishga to‘g‘ri keladi.

Yangi modelning kompetensiya qatlamlari insonning turli hayotiy sikllarini aks ettiradi. Hard skills ni o‘z ichiga oladigan kontekstli ko‘nikmalarni bir necha oy yoki yilga sotib olish mumkin, biroq o‘zgarib turuvchi kontekst sabab ular tezda eskirishi mumkin. Krosskontekst ko‘nikmalarning iste’moldan chiqishiga juda uzoq vaqt ketadi, biroq ularning o‘zlashtirilishiga ko‘proq vaqt talab etiladi.

Metako‘nikmalar va ekzistensial ko‘nikmalar eng uzoq hayot sikliga ega. Ular asosan bolalikda egallanadi, bunday ko‘nikmalar kamdan kam o‘zgaradi, biroq bu imkonsiz. Agar ekzistensial ko‘nikmalar bir maqsadga yo‘naltirilsa, hayotning ko‘p jabhalari o‘zgaradi. Shuning uchun psixoterapiya va ma’naviy amaliyotlar kishini balog‘at yoshida ham o‘zgartiradi.

Yodda saqlang

Ko‘nikma – bilimga asoslangan, avtomatizm darajasida yaxshilab o‘rganilgan mahorat. Uni shakllantirish uchun o‘rganish va mashq qilish lozim. “Bazaviy” ko‘nikmalaringizni rivojlantiring. Ular har qanday ishda asqotadi.  Siz kamdan kam foydalanadigan ko‘nikmalarning “uzun quyrug‘i” o‘sadi. Tor ixtisoslikdagi ko‘nikmalarga e’tibor qaratmang, va uni boshqa qo‘llamasangiz, bundan xavotirga tushmang.