Skip to main content

Haqiqiy erkak – u qanday? 2024-yilda bu savolga javob berish bir vaqtning o‘zida ham qiyin, ham oson. Qiyin jihati – dunyo boshni aylantiradigan darajada tezlik bilan o‘zgarmoqda, oson jihati esa – chunki har qanday mavzudagi mavjud ma’lumotlar hajmi tarixda bo‘lgan har qachongidan ham ko‘proq. Biz zamonaviy erkak tushunchasi nimani anglatishini tushunishga harakat qildik; bundan nima hosil bo‘lganini bilish uchun maqola bilan tanishing. 

Dunyo aholisida erkaklar ulushi 

Erkaklar ko‘pchilik. Bugungi kunda 4,08 milliardi, yoki dunyo aholisining 50,24 foizini tashkil qiladi, shu bilan birga ayollarning sayyoramizdagi soni 4,04 milliard, yoki 49,76 foizini tashkil etadi. O‘rtadagi farq 39,49 million odamni tashkil etmoqda (taxminan, Qozog‘iston aholisining ikki baravari). 

So‘nggi 20 yil ichida erkaklar sonining ko‘payishi bo‘yicha birinchilikni Xitoy va Ozarbayjon o‘zida saqlab kelmoqda: har yili ushbu mamlakatlarda har 100 qizga o‘rtacha 115 o‘g‘il tug‘iladi. Biroq, trend o‘zgarmoqda. BMT prognoziga ko‘ra, dunyodagi jinslar nisbati 2050-yilga kelib tenglashishi kerak.  

Sochlari qirqilgan erkaklar sochlari bor erkaklarga qaraganda bir dyuym balandroq va 13 foiz kuchliroq ko‘rinadi.

Erkaklar yo‘qolib ketadimi?

2011-yilda Angliyaning Manchester shahrida xromosoma bo‘yicha konferensiyada olimlar erkaklar jinsiy alomatlarining rivojlanish jarayonini ishga tushiruvchi Y-xromosomaning 4,6 million yildan keyin yo‘qolib ketish ehtimoli mavjud ekanini e’lon qilishdi. U bilan erkaklar ham tur sifatida qirilib ketishi mumkin. Bunday o‘zgarishlarning sabablari hozircha ma’lum emas, erkaklarning yo‘qolib ketishi to‘g‘risidagi ilmiy taxmin ko‘p yillar davomida turli hayvonlar organizmida erkaklik genlarining kamayib borayotganligi haqidagi kuzatuvga asoslangan.        

Yapon olimlari nisbatan ijobiyroq fikrda: ular, kelajakda erkaklik genini aniqlab beradigan yangi gen paydo bo‘lishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Proceedings of the National Academy of Science jurnalida chop etilgan maqolada, tajriba kalamushlarida erkaklik genini belgilaydigan yangi SOX9 geni paydo bo‘lgan tajriba tavsiflangan. 

O‘rtacha erkakda o‘rtacha ayolga qaraganda taxminan 50% ko‘proq mushak massasi va 50 foizga kamroq yog‘ bo‘ladi.

Yoshingiz nechada?

Erkaklar yashash davlatidan qat’i nazar ayollardan kamroq umr ko‘radi. BMT dunyodagi erkaklarning o‘rtacha yashash davomiyligini 70,8 yil deb baholamoqda. Bu ayollarning xuddi shu ko‘rsatkichi 76 yilni tashkil etadi, bu erkaklar umridan besh yildan ko‘proq degani.

Statista tahlil byurosi, erkaklar hayot davomiyligi ayollarnikidan qanday farqlanishini tushunish uchun dunyoning asosiy mintaqalari bo‘yicha turli manbalardan ma’lumotlar to‘pladi. 

Erkaklar/ayollar (2023-yil)

Okeaniya 76 yosh/81 yosh

Yevropa 75/81

Shimoliy Amerika 74/80

Osiyo 72/76

Lotin Amerikasi va Karib basseyni 71/77

MRB ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi erkaklarning o‘rtacha yoshi 30,3 yoshni, ayollar uchun esa 31,8 yoshni tashkil etadi. O‘rtacha yosh butun aholini shunday ikkiga ajratadiki, bu holda aholining yarmi shu yoshdan katta, ikkinchisi esa – yoshroq bo‘ladi.  

Dunyodagi eng yuqori o‘rtacha yosh Yevropaning eng kichik va eng boy mamlakatlaridan biri – Monakoda qayd etilgan. Bu yerda erkaklar uchun 53,7 yosh va ayollar uchun 57 yosh.

Dunyodagi eng past o‘rtacha yosh Afrikaning Niger davlatida: bu atigi 14,8 yosh – erkaklar uchun 14,5 va ayollar uchun 15,1 yosh. 

Erkaklar ayollarga qaraganda uch-to‘rt marta ko‘p o‘z joniga qasd qilishga urinishadi va shuncha marta ayollardan ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi.  

Salomat bo‘ling

Butun dunyo bo‘ylab erkaklar salomatligi uchun asosiy tahdid yurak qon-tomir tizimi kasalliklari bo‘lib qolmoqda. JSST dunyodagi erkaklar o‘limining asosiy sabablarini so‘nggi (2019) ko‘rib chiqishida bu kasalliklarni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Bundan tashqari, tashkilot erkaklar uchun o‘lim bilan tugaydigan top-5 ta kasallikni ajratib ko‘rsatdi: 

“Haqiqiy erkak” bo‘lishning ma’nosi raqamlar va faktlarda, 7men.uz

  • Yurak ishemik kasalliklari
  • Insult
  • Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi
  • Quyi nafas yo‘llari infeksiyalari
  • Neonatal holatlar

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq nogiron bo‘lib qoladilar, — ularning ko‘rsatkichlari taxminan 15 foizga yuqori. Lekin shu bilan birga erkaklar kasallik yoki nogironlik tufayli yashashga – ayollarga qaraganda 20 foiz kamroq vaqt sarflaydilar. 

AQSH kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda har to‘rt erkakdan biri yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etgan.   

JSSTning ta’kidlashicha, 2018-yilda yevropalik erkaklarning asosiy “qotillari” yurak-qon tomir kasalliklari, saraton, diabet va nafas olish kasalliklari bo‘lgan.

Yana bir bor o‘qib-o‘rganing 

MRB’ning 2022-yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi erkaklarning taxminan 90 foiz va 84 foizdan kamroq ayollarni savodli deb atash mumkin. Shu  bilan birga, 15 yoshga kelib, kundalik hayoti haqida oddiy gaplarni tushunib, yoza oladigan har bir kishi savodli hisoblanadi.      

O‘qish va yozishni bilmaydigan kattalarning aksariyati (750 millionning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i) Sahroi Kabir janubidan tortib Janubiy Osiyo va Afrikada istiqomat qiladi. 2016-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning atigi uchdan bir qismi yoki 250 millionini erkaklar tashkil etadi. 

Ta’limga kelsak, butun dunyo bo‘ylab erkaklar ham, ayollar ham o‘rtacha 13 yil o‘qishadi. Bunga boshlang‘ich maktabdan universitet yoki kollejgacha bo‘lgan hammasi kiradi.    

Qizlar aql-idroki dastlabki besh yilni ota-onalar va o‘qituvchilar tomonidan kuchli qadrlanadigan mayda motorikani, nutq va ijtimoiy mahoratni o‘stirish bilan band bo‘ladi. Shu bilan birga bolalar ongi yirik motorika, fazoviy va vizual ko‘nikmalarni rivojlantirish bilan band bo‘ladi. Bularning bari foydali ovchi mahoratlaridir. Shunday qilib, o‘g‘il bolalarda maktabga borganida odatda o‘qish va moslashish nuqtai nazaridan aniq kamchiliklar namoyon bo‘ladi. 

“Haqiqiy erkak” bo‘lishning ma’nosi raqamlar va faktlarda, 7men.uz

Uylanish vaqti yetdi

Dunyoning barcha burchaklarida uylangan erkaklarning yoshi odatda o‘z rafiqalari yoki yoridan katta, deya baholamoqda Pew Research Center tadqiqotchilari. Yosh o‘rtasidagi bunday tafovut ayniqsa musulmonlar va hindlar o‘rtasida ko‘proq, yahudiy va qandaydir dinga aloqador kishilarda kamroq seziladi. 

MRB ma’lumotlariga muvofiq, 18 yoshgacha bo‘lgan umumiy erkaklarning atigi 2,8 90 foizi uylangan. Taqqoslash uchun: 5 foizi qizlar 15 yoshgacha turmush qurishadi, 18,7 foizi esa – 18 yoshgacha.  

G‘arbda nikohsiz hayotga talab jadallik bilan o‘sib bormoqda. Pew Research Center tadqiqoti shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSHdagi 32 foiz erkak nikohga kirmaydi (ayollardagi ko‘rsatkichdan ko‘proq – 28 foiz). Bunda 51 foiz amerikaliklar jiddiy munosabatlarga, shuningdek, tasodifiy uchrashuvlarga ochiq bo‘lishadi, biroq erkaklar (56 foiz) ayollarga qaraganda majburiyatlarsiz munosabatlarga faolroq  intilishadi. 

Agar Amerika haqida gapiradigan bo‘lsak, Mayami – bosh bo‘ydoqlar shahri. Florida shahrida har 100 nafar turmushga chiqmagan ayolga 138 ta uylanmagan erkak to‘g‘ri keladi, bu esa eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. San-Fransiskoda ular 118, Nyu-York va Chikagoda – taxminan 99tadan to‘g‘ri keladi. 

Erkaklar dunyoda tanishuv ilovalaridan foydalanuvchilarning aksariyatini tashkil etadi (53 foiz). Tinder’da erkaklar ulushi 75 foizni tashkil etadi, ustiga ustak, Hindistonda, misol uchun, ular yanada ko‘proq, ayni vaqtda Yevropada foydalanuvchilarning yarmini ayollar tashkil etadi. 

Jins vakillari uchun pul

Bir xil lavozim hamda ixtisoslikka ega bo‘lgan erkaklar va ayollarning maoshlarini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, erkaklar ayollarga qaraganda o‘rtacha har bir dollar uchun bir sent ko‘proq ishlab toparkan. 

Agar turli sohalardagi hamda ularning mutaxassisligini hisobga olmagan holda barcha ayol va erkaklarning umumiy kartinasiga nazar soladigan bo‘lsak, 2023-yilda erkaklar har bir dollar uchun ayollarga qaraganda 17 sent ko‘proq ishlab topadi, bu esa ayollar erkaklar ishlab topgan har bir dollariga 83 sentdan oladi, deganidir.   

Teng huquqlilik

Jinslar o‘rtasidagi tenglik masalasi aksariyat davlatlarda dolzarb sanaladi. 

Islandiya, masalan, erkaklar va ayollar amalda teng imkoniyat va huquqlarga ega mamlakatga namuna hisoblanadi. Bu uning 2023-yildagi global jinsiy tenglik indeksida – 0,91 baho bilan birinchi o‘rinni egallagan – yuqori ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi. Bu – Islandiyada o‘qishdan tortib ishgacha bo‘lgan hayotning ko‘p jabhalarida ayollar va erkaklar o‘rtasida deyarli to‘liq tenglik o‘rnatilgan.

Islandiyadan farqli o‘laroq, Afg‘oniston dunyodagi eng past gender tenglikni namoyish etadi. 2021-yilda “Tolibonlar” hokimiyat tepasiga qaytganidan keyin ayollarning mamlakatdagi ahvoli og‘irlashdi. 12 yoshdan katta qizlarning ta’lim olishiga cheklov va ayollarning xalqaro tashkilotlarda ishlashiga qo‘yilgan taqiq muvozanatni erkaklar tomoniga keskin o‘zgartirib yubordi. 

Material Birlashgan Millatlar Tashkiloti; demografiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi Pyu tadqiqot markazi (Pew Research Center); La Troba universiteti (Avstraliya); AQSH Milliy fanlar akademiyasi; Jahon banki; AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi; Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti  ma’lumotlariga asosan jamlangan.  

 

Matn: Yegor Lednev