Nima uchun milliarderlar abadiy yashashni istaydi va buning nimasi yomon
So‘nggi yillarda sayyoramizning eng badavlat shaxslari nafaqat xavfli kasalliklardan vaksina va dorilarga, balki yoshartirish, irsiy tahrirlash va abadiy hayot tadqiqotlariga ham investitsiya kiritmoqda. Bu sohadagi eng yirik loyihalarga kim rahbarlik qilayotganini hamda abadiy yoshlik trendining yaxshi va yomon tomonlarini ko‘rib chiqamiz.
Google hamasoschisi Larri Peydj 2013-yildayoq kompaniya doirasida asosiy vazifasi “o‘limni yengish”dan iborat bo‘lgan Calico loyihasining yaratilishi haqida e’lon qilgan. Loyihaga avval Apple’da ishlagan biokimyogar Art Levinson rahbarlik qiladi. Dastlabki bir necha yil davomida Calico go‘yoki ortiqcha shakllantirilgan budjeti hamda Google uchun odatiy bo‘lgan ochiqlik va shaffoflik siyosatiga zid bo‘lgan sirlilik uchun tanqid qilingan: ekspertlar ulkan budjet va shtatdan iborat laboratoriya aynan nima bilan shug‘ullanayotganini tushunishga qiynalgan.
Shunga qaramay, 2021-yilga kelib jumladan saraton va amiotrofik yonlama skleroz kabi kasalliklardan tajriba dorilari bo‘yicha bir nechta tadqiqot boshlang‘ich bosqichda bo‘lgan. 2023-yilda esa ilmiy adabiyotlarda ushbu tadqiqotlarning dastlabki natijalari ma’lum qilindi: ular ijobiy bo‘lib chiqdi, lekin olimlarni oldinga hali ko‘p ish kutadi.
Amazon sobiq egasi, sayyoradagi eng badavlat odamlardan biri bo‘lgan Jeff Bezos ham chetda qolmadi va 2021-yilda hujayrali yoshartirishni o‘rganishni maqsad qilgan Altos Labs startapiga pul tikdi. Startapning o‘zi rossiyalik va isroillik tadbirkor, milliarder Yuriy Milner tomonidan yaratilgan: u 2021-yilda o‘zining hashamatli uyida yetakchi olimlar anjumanini o‘tkazib, ikki kun davomida insoniyatni yoshartirish istiqbollarini muhokama qilgan. Ushbu uchrashuv natijasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilingan Altos Labs loyihasiga so‘nggi ikki yil ichida
eri-xotin Milnerlar va Jeff Bezosdan tashqari, boshqa qator yirik o‘yinchilar ham mablag‘ kiritdi (ammo, kompaniya o‘z investorlari ro‘yxatini tasdiqlaymadi va rad etmaydi).
Startap asosini 2012-yilgi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Sin’ya Yamanaka tomonidan birinchi marta shakllantirilgan tana hujayralarini qayta dasturlash g‘oyasi tashkil qiladi. U va yana bir Nobel mukofoti sovrindori – biokimyogar Jennifer Dudna Altos Labs direktorlar kengashi tarkibiga kirgan.
Nihoyat, PayPal hamasoschisi va Facebook birinchi investori, milliarder Piter Til – shiori «90, bu – yangi 50» bo‘lgan Methuselah jamg‘armasining bosh investorlaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma go‘yoki 969 yil umr kechirgan injil patriarxi Mafusail sharafiga nomlangan. Jamg‘arma vazifalari orasida – organlarni almashtirish, qon aylanishini yaxshilash, hujayralarni sog‘lomlashtirish, DNKni tahrirlash va boshqa ulkan maqsadlar mavjud: asosiy e’tibor keksayishni sekinlashtirish va imkon qadar qulay keksalikka erishishga qaratilgan.
Bunda bu kabi masalalarning yechim topishi oxir-oqibat insoniyatni abadiy hayot kechirishga boshlab borishi nazarda tutiladi. Kompaniya mafkurachilaridan biri, gerontolog Obri de Greyning fikricha, ilm-fanning maqsadi joriy odamlar avlodining hayotini tibbiyotda keyingi inqilobiy texnologiyalar paydo bo‘lgunicha uzaytirish va shu taqlidda davom etishdan iborat. (Bu orada yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Calico kompaniyasini de Grey “haqiqiy umidlar poymoli” sifatida nomlagan holda, hozirda mavjud tadqiqotlarga tayanch yetarli emasligi yuzasidan tanqid qilgan).
O‘z navbatida, Piter Til tengsizlikning favqulodda shakli – tirik va o‘lik o‘rtasidagi tengsizlik ekanligini ta’kidlamoqda. Milliarder hatoki o‘limidan so‘ng tanasini muzlatib qo‘yishlarini vasiyat qilgan.
Tadqiqotlarning boshqa yo‘nalishi tibbiy vazifalarni hal qilish uchun raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini o‘rganadi. Masalan, Ilon Maskning Neuralink loyihasi teng darajada qiziqish va ishonchsizlik asosida bir necha yildan buyon o‘rganiladi. Kompaniya 2016-yilda neyrobiologiya, biokimyo va robot-texnikasi bo‘yicha ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi odam miyasiga o‘ta ingichka chiplarni o‘rnatishga qodir qurilmani yaratishdan iborat.
Bir tomondan, bu miya jarohatlarini tadqiq qilish yoki hattoki davolashga yordam berishi, boshqa tomondan esa – sog‘lom miyani modifikatsiyalashi yoki yaxshilashi mumkin. Ilon Maskning ta’kidlashicha, g‘oya ilmiy-fantastik adabiyotga (xususan, Ien M.Benks kitoblariga) asoslangan bo‘lib, eng yuksak maqsadga erishilganida esa inson ongi va sun’iy ong o‘rtasida aloqa yaratiladi. Masalan, ongimizdagi ma’lumotlarni bulutga «yuklash» mumkin bo‘ladi, miya kasallangan yoki jarohatlangan taqdirda esa – uning vazifalari shu bulut yordamida qayta tiklanadi.
2023-yilda Neuralink kompaniyasining odamlarda sinovlar o‘tkazishga ruxsat olishi katta voqeaga aylandi. Avvaliga kompaniya hayvonlar ustida sinovlar o‘tkazganligi uchun keskin tanqid ostida qolgan edi: xususan, sinovda ishtirok etgan maymunlar loyihaning haqiqatga mos kelmaydigan muddatlari tufayli shafqatsiz munosabat va stress ostida bo‘lgan, natijada aksariyat hayvonlarni zaharlab o‘ldirishga to‘g‘ri kelgan. Hayratlanarlisi, bu holat loyihaga bo‘lgan qiziqishni kamaytirmagan: ma’lum bo‘lishicha, sentabr oyidan buyon sinovlarda ishtirok etish uchun “chiplashtirishga” tayyor minglab ko‘ngillilar ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgan.
Yosharish va boqiylik imkoniyatiga erishishga hamda o‘z namunasi asosida boshqalarni o‘qitishga urinayotgan tadbirkorlarning shaxsiy loyihalari ro‘yxatdan alohida o‘rin olgan. Milliarder Brayan Jonson o‘ttiz yoshga to‘lmasdan bir nechta o‘ta muvaffaqiyatli startaplarni yo‘lga qo‘ygan. U Braintree elektron to‘lovlar kompaniyasini 800 million dollarga sotgan, endilikda uning asosiy qiziqishi – inson miyasi imkoniyatlarini o‘rganish va… boqiy umr ko‘rishdir.
Jonsonning amaldagi biznesi – Kernel kompaniyasi miya faoliyati tadqiqotlari bilan shug‘ullanadi va Kernel maqsadlari orasidan Alsgeymer kasalligidan tortib insult oqibatlarigacha bo‘lgan qator muammolarga yechim topish ham mavjud. Biroq Jonson oxirgi yillarda ko‘proq o‘zining Project Blueprint dasturi bilan nom qozondi. Jonson ushbu dastur yordamida boqiylikka bo‘lmasa-da, mukammal salomatlik va uzoq umr ko‘rish imkoniyatiga erisha olar emish.
Biznesmenning fikricha, kaloriyalar cheklanishi, qat’iy belgilangan kun tartibi va ko‘p miqdorda ozuqaviy qo‘shimchalar iste’moli organizm keksayishining ma’lum biokameralarini «yaxshilashi» mumkin. Hozirda har kuni yuzdan ortiq tabletka iste’mol qilish, muntazam sport bilan shug‘ullanish orqali juda qat’iy jadval bo‘yicha yashamoqda – ammo uning ahloqqa mos kelmaydigan tajribalari jamoatchilik e’tiborini ko‘proq jalb qildi. Xususan, Jonson ma’lum vaqt davomida o‘smir o‘g‘lidan o‘ziga qon quyib, bu organizmning yosharishiga yordam berishini
ta’kidlagan. Muolaja tibbiy xodimlarning keskin tanqidiga uchragan: bir tomondan, befoydaligi sababli, boshqa tomondan – Jonson-kichikning yoshligi va muolajaga xolis, o‘ylangan rozilik bera olmasligi tufayli.
Bir qarashda yuqorida sanab o‘tilgan barcha loyihalarning maqsadi munosibdek ko‘rinadi: kim ham abadiy yashashni yoki hech bo‘lmaganda uzoqroq vaqt yosh va sog‘lom bo‘lib qolishni istamaydi deysiz? Va albatta, ilmiy taraqqiyotga birinchi bo‘lib davlatmand odamlar mablag‘ kiritishi to‘g‘ridek ko‘rinadi. Aslida milliarderlarning loyihalariga ham ma’naviy-ahloqiy, ham faqat oqilonalik yuzasidan ko‘plab savollar mavjud.
Birinchidan, qator tadqiqotchilar zamonaviy odam uchun abadiy hayotning zaruratini shubha ostiga qo‘ymoqda. Agar odamlar uzoqroq yashay olsa yoki umuman vafot etmasa, bu oziq-ovqat va boshqa resurslarning jiddiy tanqisligiga olib kelishi mumkin. Boshqa tomondan, tegishli texnologiyalar ishlab chiqarilgan taqdirda ham, ulardan birinchi navbatda dunyoning eng boy odamlari foydalanishini faraz qilish mumkin.
Ikkinchidan, har qanday jiddiy tadqiqotlar odamlarda sinov o‘tkazilishini talab qiladi, ammo bunday sinovlarning aksariyati kutilmagan oqibatlarni hamda yechim topish mumkin bo‘lmagan axloqiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Ko‘rib turibmizki, yuqorida aytib o‘tilgan deyarli barcha loyihalar shaffoflik yo‘qligi va ishtirokchilar uchun xavf ehtimoli yuzasidan tanqid qilinmoqda.
Uchinchidan, hozirda yanada muhim ortga surib bo‘lmas muammolar va moliyalashtirishni talab qiluvchi tadqiqotlar mavjud: masalan, mablag‘larni saraton, yurak-qon tomir va virusli kasalliklar hamda odamlarning hayotini qisqartiruvchi boshqa omillarga qarshi kurashishga yo‘naltirish mumkin. Ayrim ekspertlar bizga bir xil tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi shuncha kompaniyaning kerakligiga shubha bildirmoqda, zero ularning istiqboli borasida mutlaqo hech qanday kafolat mavjud emas. Masalan, Altos Labs kompaniyasi ko‘pincha Calico
kompaniyasiga juda o‘xshaganligi uchun tanqid qilinadi: emishki, insoniyatga hozir hujayralarni qayta dasturlash bo’yicha ikkita ko‘p millionli startapning keragi yo‘q. Bunda ikkala kompaniya ham hanuzgacha tadqiqotning isbot bosqichiga o‘tmaganini hisobga olish zarur.
Nihoyat, bunday tibbiy startaplarning biznes-modeli ham shubhalarga sabab bo‘lmoqda: hozirda bunday amaliyotning kelajakda davom etishi yoki etmasligini taxmin qilish qiyin, chunki mavjud startaplar ilg‘or yutuqlarga hali erishmagan. Xususan, Forbes sharhlovchisi Stendish Fleming o‘zining 2022-yildagi «Altos Labs: haddan ortiq xarajatmi yoki biotexnologiyalar kelajagimi?» nomli maqolasida quyidagilarni qayd etadi: ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilgan pullar miqdori ijobiy natijani mutlaqo kafolatlamaydi.
Aksincha, yuzaga kelayotgan vaziyatda yaxshi moliyalashtirilmagan laboratoriyalar ilmiy yutuqlarni erishmoqda, ammo ularning faoliyati natijalari ko‘zga ko‘rinmay qolishi mumkin. Bu muammoning yechimi sifatida bir nechta gigant startaplarga katta miqdorda mablag‘ sarflash o‘rniga raqobatni rag‘batlantirish va mahsuldorlikni oshirish uchun ko‘p sonli tadqiqotlarni barqaror moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taklif qilinmoqda.