“Qo‘zichoqlar sukunati”ga ehtirom, “Parazitlar”ning retrosettingdagi qayta hikoyasi, 1980- va 1990-yillarning mashhur klassikasi remeyklari. Eski syujetlarning yangicha talqinlari haqida – so‘nggi kinoyangiliklar sharhida.
“Ruh kushandasi”
Oregon, 1990-yillar. Uyatchan operativ xodim Li Xarker (Mayka Monro) FQBning eski ochilmagan ishiga qiziqib qoladi: sirli qotil shtat hududida go‘yoki jinoyat joyida bo‘lmagan holda, bir qancha dahshatli qotillikni sodir etgan. Na barmoq izlari, na buzib kirish alomatlari mavjud – faqatgina parchalangan tanalar, ichkaridan yopilgan eshiklar hamda iblisona boshqotirmali maktub va qisqagina “Longlegs” imzosi. Noyob ekstrasensorlik qobiliyatiga ega bo‘lgan Xarker ishni o‘lik nuqtadan siljitadi.
Fincher va “Qo‘zichoqlar sukunati”ning miksi sifatida e’lon qilingan “Ruh kushandasi” filmi Neon distribyutorlik studiyasi tomonidan chiqarilgan bo‘lib, studiya endilikda kino muhitida zamonaviy xorrorlarning asosiy yetkazib beruvchisi sanalgan A24 kabi urfga kirgan brend hisoblanadi. Kartina bir vaqtlar indi-segmentning yulduzi, faqatgina uzoq kadrlar, sukunat, bo‘sh xonalar va asabga tegadigan saund-dizayndan foydalangan holda, qo‘rquvni yuzaga keltira oladigan Osgud Perkins tomonidan suratga olingan. Filmda ham xuddi o‘sha slou-byorner ritorikasi seziladi: bu yerda bu-effektlar, ekspressiv kamera, xirrilashlar bo‘lmaydi, hikoya esa sekin, xotirjam, xuddi suvdga tushgan qon tomchisidek cho‘ziluvchan tusga ega.
Video ketma-ketlik ham muqobil tarzda qotib turuvchi va jo‘n – bir so‘z bilan aytganda, rejissyorning eng mashhur filmi bo‘lgan aka-uka Grimmlarning “Gretel va Genzel” adaptatsiyasida bo‘lganidek emas. Va, albatta, zamonaviy dahshatli filmlarda odatga aylangan holat – ma’lum vaqtda qishki o‘rmon qorong‘iligidan nafaqat qotil telbalar, balki unutilgan bolalik qo‘rquvlari ham chiqib keladi.
“Ruh kushandasi” katolik pansionat devorlari ichida iblis bilan tuzilgan bitim haqida hikoya qiluvchi Perkinsning “Fevral” debyut filmiga erkin avtoremeyk kabi ko‘rinadi. Yana yolg‘izlik, qish, okkultizm, jarohatlangan qalbli qiz, vaqti-vaqti bilan yuz beradigan ultrazo‘ravonlik sahnalari – faqatgina murakkab qiyshiq tuzilish, turli davrlar va protagonistlar orasida yugurish mavjud emas.
Kameoda hattoki Kirnan Shipka ham ko‘rish mumkin – “Fevral” filmida unga asosiy rollardan biri berilgan edi, bu yerda esa Longlegs hujumidan keyin yolg‘iz omon qolgan va sakkiz yillik komadan keyin uyg‘onadigan ruhiy kasalliklar shifoxonasining bemorini o‘ynaydi. Tanish rejissyorlik to‘plamiga iblisona qo‘g‘irchoqlar, shifrlangan xabarlar, nun—ekspluateyshn elementlari qo‘shilgan bo‘lib, bularning bari bosim o‘tkazadigan, qo‘rqinchli femtriller shakliga o‘ralgan.
Lekin, albatta, “Ruh kushandasi”ning bosh attraksioni – bu janrning to‘laqonli yuziga aylangan Nikolas Keydj: u avval ham “Mendi” achchiq xorrorida hamda “O‘zga olam ranglari” qo‘rqinchli say-fayida bosh rollarni ijro etgan. Bu yerda u – ham bosh prodyuser, ham keksaygan glm-rokerni eslatuvchi (film bekorga T. Rex iqtibosi bilan ochilmaydi) darhashtli yuz nuqsonlariga ega aksilqahramondir.
Premeragacha Keydjning ismi treylerda va posterlarda ko‘ringandi, ammo promomateriallarda u vizual ravishda bo‘lmagan. Neon xorror qoidalariga amal qilgan holda, uni sirli topishmoqqa aylantirgan – aslida, “Ruh kushandasi” ham qo‘rquv va noto‘g‘ri rohatlanish hissini uyg‘otgan holda aynan shundan harakatlanadi. Ma’lum vaqtgacha biz faqat kadr ortidagi Longlegs shirali pichirlashini eshitamiz va Xarkerning jarohatlangan ongidan o‘tuvchi kadr-chaqnashlarda xira qiyofani ilg‘aymiz, ammo uni batafsil ko‘rish imkoniga ega bo‘lmaymiz.
Asosiysi esa, finalda – janrning yechim muntazam ravishda tugunga yengiladigan eng zaif joyida – uning paydo bo‘lishi hafsalani pir qilmaydi: bu chindan ham so‘nggi yillar davomida xorror-sanoati tomonidan taklif qilingan eng yorqin yovuzlik timsolidir. Syujetning o‘zi qaysidir lahzada sekinlashishi, sehrli jozibasini yo‘qotishiga qaramay, Longlegs obrazi yopishqoq glem-rok ballada singari uzoq vaqt yoddan chiqmaydi.
“Ajoyib yolg‘onchi”
Yozuvchi Djey (Billi Magnussen) – oppozitsiya mediasining yulduzi, so‘l kayfiyatga ega yetakchi – o‘zining mualliflik maqolalarida bosh milliy falokatga qarshi yaxshi ishlay olmayotgan Vudro Vilsonning ma’muriyatini yomonlaydi: Shtatlarda ispanka avj olgan va hattoki ko‘plab mehnatkashlarni pul topish imkonidan mahrum qilgan lokdaun ham virus tarqalishini to‘xtata olmagan. Djey reportajlar yozishda davom etadi, ammo o‘zi oroldagi hashamatli uyida oilasi bilan birga qo‘rqoqlarcha yashirinib o‘tiradi.
Birdan xususiy maishiy muammo yuzaga keladi: stuff jamoasiga (ammo servants emas – bu so‘zni aytish uyda taqiqlangan) zudlik bilan yangi bosh oshpazni yollash zarur. Shu tariqa, orolga qulog‘ida qalloblar ziragi va Floyd Monk (Piter Sarsgaard) nomiga olingan qalbaki pasporti bilan mo‘ylovli xatarli odam suzib keladi. U xizmatchilarga isyonchilik ruhidagi g‘oyalarini yuqtirib, Djeyning xonadonida ziyofat va salkam to‘ntarishni uyushtiradi.
Mo‘jizaviy tarzda brodvey dramasi estetikasi va Roman Polanskining “Saroy” filmi kayfiyatidagi tresh-komediya elementlarini mujassam qilgan “Ajoyib yolg‘onchi” birinchi marta o‘tgan yili Venetsiyada namoyish etilgan – aynan o‘shanda Piter Sarsgaard Mishel Frankoning “Xotira” dramasi uchun “Arslon”ga loyiq topilgandi.
Retrosetting va sinflar o‘rtasidagi nizoga qaramay, film juda zamonaviy ruhda – bunda syujet kovid davridagi turmushni yaqqol namoyon etishi birgina sabab emas. Birinchidan, firibgar siymosi pop-madaniyatda yana dolzarb tus olgan – yaqinda taqdim etilgan “Ripli” yoki, aytaylik, “Parazitlar”ni olsak, “Ajoyib yolg‘onchi” ko‘p jihatdan ularga o‘xshab ketadi.
Ikkinchidan, film soxta amerikacha demokratiya ustidan kinoya qilib, liberal jamiyat va ayniqsa uning shaxsiyatga tegmaydigan so‘zlarni tanlashga bo‘lgan ishtiyoqi ustidan kuladi. Biroq asosiysi, germetik satirik komediya ortida doim yolg‘on va buzg‘unchilik yashiringan hukumat uchun kurash, amaldagi tartibning tabiatiga doir fikrga aylanadi. Va nihoyat, “Ajoyib yolg‘onchi” – bu shunchaki o‘ta oqilona tomosha bo‘lib, unda qahramonlarning har biri o‘zining aksiga aylanadi – bunday evolyutsiyani kuzatish juda kulgili.
“Borderlends”
Qudratli sayyoralararo korporatsiyaning rahbari Atlas o‘ta xavfli Pandora sayyorasiga borib, uning yo‘qolgan qizi Tinani topishi uchun qo‘rqmas Lilitni (Keyt Blanshett) ishga yollaydi. Bu ishda unga yoqimtoy elektronik Kleptrep (Djek Blek) yordam beradi – ikkovlashib ular qizni tezda topishadi, ammo u qaytishni istamaydi.
Uni o‘g‘irlagan odamlar esa – qochoq-yollanma askar Roland (Kevin Xart) va yarim yalang‘och savdoyi Krig ham juda qo‘rqinchi jinoyatchilar emas. Ma’lum bo‘lishicha, Atlas Tinani qo‘lga kiritishni istaydi, chunki uning DNK tuzilishida noyob biologik kod mavjud bo‘lib, uning yordamida go‘yoki butun Koinotdagi fazoviy qaroqchilar orzu qiladigan afsonaviy Pandora Omborini ochish mumkin.
2010-yillarda keng ommalashgan shu nomdagi multipleyer luter-shuteri asosida suratga olingan “Borderlends” 2015-yilda, ya’ni HBO’ning “O‘zimizdan biri” va Amazon’ning Fallout serillaridan avval, geym-adaptatsiyalar hali unchalik talabgor mahsulot bo‘lmagan vaqtda yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha uzoq yillar davomida bir ssenariy rejissyoridan boshqasiga o‘tib, oxir-oqibat tresh-xorrorlar muallifi (“Xostel”, “Yashil jahannam”) va B movies darajasining muxlisi Elay Rotning qo‘liga kelib tushgan.
2021-yilda suratga olish ishlari nihoyat yakunlangan, ammo keyinroq faol qayta suratga olish boshlangan – ular uchun birinchi “Dedpul”ning postanovkachi rejissyori Tim Miller mas’ul bo‘lib, mish-mishlarga qaraganda u filmning 60 foizini qayta ishlagan. Parda ortidagi holat nima uchun “Qotillar guruhi” kayfiyatidagi zerikarli popkorn ahmoqligi bunday qulashga duch kelganini qisman izohlashi mumkin: dastlabki manbaning muxlislari va yangi tomoshabinlar na yumor, na Keyt Blanshett boshlichiligidagi bo‘yalgan superkast, na hattoki qimmatbaho kompyuter grafikasiga yuqori baho bera olmadi.
“Qarg‘a”
1994-yilda suratga olish vaqtida Brendon Li halok bo‘lgan mashhur superqahramonlar haqidagi filmning erkin qayta ishlanmasi. Syujetga ko‘ra vafot etgan rok qo‘shiqchi Erik Dreyven o‘limidan keyin qayta tirilib, sevgan qizini o‘ldirgan jinoyatchilardan o‘ch oladi.
Rejissyor Rupert Sandersning (“Oppoqoy va ovchi”) aytishicha, yangi “Qarg‘a” remeyk emas, balki dastlabki manba – Jeyms O’Barrning indi-komiksini sust melodramatizm va saralangan ginol lavhalariga qaratilgan holda qayta anglashdir. Muvofiq ravishda, 1994-yildagi “Qarg‘a” neonuar, xevi-metal va shahar fentezisini birlashtiruvchi namunali gotika asari bo‘lsa, yangi film “Zulmat ostonasidagi muhabbat” (“Twilight”) va spletter aralashmasi bo‘lib chiqdi. Sodda qilib aytganda, franshizani butunlay ko‘mib yuboradigan mahsulot hosil bo‘lgan.
“Vaqt qaroqchilari”
“Monti Payton” mashhur komik-truppasining a’zosi Terri Gilliam (1981) fantastik ertagining o‘n seriyali remeyki. Eski talqinda 11 yoshli Kevin bir nechta qaroqchi mittilar bilan davrlararo sayohat qilib, Napolen, Agamemnon, Robin Gudni uchratadi – endilikda esa syujet mitti odamlarsiz, shuningdek Apple TV+ pullariga qilingan yangicha grafika bilan taqdim etilgan.
Ajratilgan budjet tufayli vaqt oddiseyasi juda rang-barang va shiddatli chiqqan: bu yerda vikinglar va sakslar o‘rtasidagi dang, xitoylik qaroqchilarning dengizdagi jangi, qadimgi Troya, mayyalar imperiyasining taraqqiyoti, o‘rta asrlardagi Angliya, AQShdagi Garlem renessansini ko‘rish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, asosiy yangi zelandiyalik zamonaviy komiklar, “Haqiqiy qonso‘rarlar” mualliflari – Tayka Vaytiti va Djemeyn Klementning yoqimli oilaviy tomosha.
“Qopqon”
Shyamalan “Oltinchi hissiyot”dan keyin o‘zini high-concept-kino dahosi sifatida his qilib, bir-biridan yoqimsiz g‘oyalarni yarata boshladi – va natijada kam ishonarli bo‘lgan o‘tkinchi kinolar gettosiga boshi bilan sho‘ng‘idi. “Qopqon” ham bundan mustasno emas: Teylor Sviftning jonli konserti va “Qo‘zichoqlar sukunati” o‘rtasidagi meshap sifatida o‘ylangan film treyler bosqichidayoq ahmoqonaligi bilan hafa qilgandi.
Syujetga ko‘ra FQB xodimlari ko‘p minglik omma orasida mashhur qotilni qo‘lga olish uchun pop-diva Ledi Reyven chiqadigan stadionni qurshab oladilar. Bu orada, qotil bir vaqtning o‘zida bosh qahramon, g‘amxo‘r ota Kuperdir (bu spoyler emas, voqeaning boshlanishi). Agentlarda na surat, na ism bor – ular nima qilmoqchi? Afsuski, film juda shubhali javoblarni beradi, yangi savollarni yuzaga keltiradi va faqatgina Shyamanlanning qizi Saleka tomonidan yozilgan fon musiqasi bilan hayratga solishi mumkin.
“Uzuklar hukmdori: hukmronlik uzuklari”
“Hukmronlik uzuklari” Prime Video’da HBO kanalining “Ajdar uyi” seriali namoyish etila boshlagan vaqtda chiqqan – shu tariqa yangi flagman fentezi nomi uchun jang boshlandi. Tolkinning prikveli yengilmadi, ammo u qadar omadli ham bo‘lmadi: auditoriya mos bo‘lmagan kasting, asarga mos bo‘lmagan o‘zboshimchalik va birinchi navbatda, sustlik borasida shikoyat qila boshladi. Aslida, dastlabki sakkizta seriya katta va yorqin ekshn-sahnalarni taklif qilmagan holda, shunchaki kelgusi voqealar rivojiga uzundan-uzoq prologga aylandi.
Biroq ikkinchi mavsum hammasini o‘zgartirishi mumkin: rang-barang treylerga qaraganda “Silmarillion”ning kamyob parchalari va “Uzuklar hukmdori” ilovalari asosida qayta yaratilgan Ikkinchi davr tarixi nihoyat shiddatli kulminatsiyaga yetib kelgan ko‘rinadi.
Matn: Ilya Verxoglyadov