Poyga ekshni, harbiy bayopik va omon qolish yilnomasi: yanvar oyining asosiy filmlari
2024-yil bir nechta muhim relizlardan boshlandi. Prokatda baribir sportkarlar haqidagi nihoyasi uzoqqa cho‘ziladigan “Ferrari”ning hali ham namoyishi ketmoqda, platformalarda esa yangi filmlar orasida And tog‘larining muzli bo‘sh yerlariga olib ketadigan “Qor jamiyati” robinzonadasi va urush manzaralarini aks ettiruvchi “Napoleon” epik filmiga duch kelish mumkin. Mazkur yangi filmlarning har biri xususida batafsil to‘xtalamiz.
“Ferrari”
(rej. Maykl Mann)
1957-yil. Mo‘ysafid savdogar Enso Ferrari (Adam Drayver) italyan shaharchasi Modenada uyg‘onib, suyuklisining boshidan o‘padi, avtomobilini o‘t oldiradi va qishloq yo‘llaridan uyga tomon yeldek uchirib haydaydi. U yerda uni qiziqqon xotini Laura (Penelopa Krus) bevafo eriga to‘pponchadan o‘t ochishga shaylanib turgancha, telefondan baqiradi: shaharga yangi tezlik rekordini o‘rnatish uchun eng yaxshi Maserati haydovchisi kelgani haqida xabar berishadi. Enso go‘shakni qo‘yadi, o‘g‘lining qabriga, kafedral xizmatiga va orqasidan – mashq olib boriladigan trekka shoshadi.
Bu vaqt ichida Breshiyada navbatdagi Mille Miglia – umumiy foydalanish yo‘llari bo‘ylab 1500 kilometrga poygalar start oladi. Enso uchun rallida g‘alaba qozonish – hayot-mamot masalasi. O‘tgan yil ichida Ferrari antirekord darajaga tushib ketgan; endi uning haydovchilari sport haqidagi gazetalarning bosh maqolalariga chiqish va biznesni bir oqimda ushlash uchun birinchi bo‘lib finishga yetib kelishi lozim.
Laura nafaqat turmush o‘rtog‘ini, balki butun Ferrari kompaniyasini ham qo‘lida ushlab turishi bilan vaziyat murakkablashadi: uning qo‘lida kompaniya aksiyalarining nazorat paketi bor. Enzo g‘alabaga shunchalik berilib ketgandiki, u hamdardlik xususiyati ham endi unga begona: sinov poygasida pilot halok bo‘lishi bilanoq, Enso uni darhol pit-stopdagi mashina shinasi kabi yangisiga — sovuqqonlik bilan va kechiktirmasdan almashtiradi.
Kult janrshunos Maykl Mann (“To‘qnashuv”) birinchi marta o‘z qahramonlarini eski dunyoning quyoshli manzarasiga joylashtirganga o‘xshaydi. Garchi uning hikoyalariga, albatta, ko‘proq beshafqat Shimoliy Amerika urbanizmi xos. Qiyalama o‘t o‘chirish narvonlari, vayron qilingan avtoulovlarni ta’mirlash ustaxonalari, arzon ovqatlanish shoxobchalari, tarvaqaylagan po‘lat ko‘priklar va tungi qirg‘oqlar — taxminan bunaqa industrial-anturajda uning qahramonlari talonchilikni rejalashtirishadi va jinoyatchilarni ta’qib qilishadi.
Joylashuv kayfiyatga ham ta’sir ko‘rsatadi: filmdagi zaruriy triller qorong‘ulik vaqti-vaqti bilan kulgili sahnalarga o‘rnini bo‘shatib turadi – to‘pponcha o‘qini yalang‘ochlab turgan stereotipik italyan Laura va qadimiy tragifarsdan kelib qolganga o‘xshaydigan shallaqi Anna Manya uchun filmni ko‘rishga arziydi.
Biroq, “Ferrari” ning qolgan qismi Mannning klassik retsepturasi bo‘yicha tayyorlangan: tag‘in o‘sha badjahl erkaklar jamoasi, qil ustidagi hayot, mustaqillikni (bu o‘rinda – korporativ-moliyaviy) saqlab qolish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotgan qahramon va nihoyat, uni yolg‘izlikka mahkum qiladigan ish.
O‘ziga xos vizual uslubiyat ham mavjud: gap uning oxiridan oldingi rejissyorlik ishida ham bo‘y ko‘rsatgan tezkor montaj, shoshilib yuguruvchi qo‘l kamerasi, keskin kattalashtirishlar – Mann ijrochi prodyuser rolini o‘ynagan va pilot seriyasini suratga olgan “Tokio politsiyasi” reportyorlik protsedurali haqida ketmoqda.
Biroq asosiysi – bu hikoyaning juda tez sur’ati, qisqalik va nihoyatda ko‘p syujet ma’lumotlari xarajatlarni tejash. Masalan, “Ali” boks biopikida Mann boshlang‘ich epizodda qahramonning bolaligi, mashg‘ulotlari, shafqatsiz raqib bilan jang qilish, murabbiy bilan tanishuv, jaz kechasi va hatto Malkolm Iksning va’zini ham birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. “Ferrari” da hikoya sur’ati ham xuddi shunday jo‘shqin: sevgi uchburchagi, o‘g‘il uchun motam, korporativ inqiroz, muqaddas marosim sifatida qaraluvchi poygalar (ular katolik messasiga parallel ravishda montaj qilinganligi bejiz emas) – bularning barchasi rejissyor tomonidan ikki yoki uchta boshlang‘ich sahnalarga joylashtirilgan.
Ikki oila uchun hayot, umumiy qayg‘u va muhabbat mojarolari haqidagi ikkinchi darajali liniyaning, albatta, rejissyor muvaffaqiyatli uddasidan chiqdi. Ammo markaziy (poyga) liniyasiga baribir qalb, inson dramasi yetishmadi. Uning aybi bilan pilotlar halok bo‘ladigan avtokonstruktorning hikoyasi fojia uchun ajoyib materialdek tuyuladi! Ammo Mann oxir-oqibat hamma narsani korporativ mojarolarga, qahramonning biznes konglomeratsiyalarini tark etishga va o‘zining biznes mustaqilligini saqlab qolishga urinishlariga olib boradi.
Bularning bari, afsuski, hissiyotlarga unchalik ta’sir qilmaydi – bu borada kichkina odam va bag‘ritosh korporatsiya o‘rtasidagi ziddiyat haqida hikoya qiluvchi “Ford Ferrariga qarshi” filmi yanada sezilarliroq hissiy taassurot qoldiradi. 1991-yilgi reportyorlik non-fikshniga asoslangan filmning o‘zi juda quruq, boring-ki, insof bilan aytish kerak-ki, sportjurnalistika tergoviga o‘xshaydi. Afsuski, bu har doim hujjatli materialga keskin dramatizm va keskinlik baxsh etishni biladigan “To‘qnashuv” va “O‘zimizning odam” muallifidan kutiladigan janr emas.
“Napoleon”
(rej. Ridli Skott)
1793-yilda inqilobiy tribunal Mariya-Antuanettani jallod kundasiga ravona qiladi.Yosh artilleriyachi Napoleon Bonapart (Xoakin Feniks) – korsikalik bo‘lajak kallakesar, qatlni yashirincha kuzatadi. Keyingi sahnalarda Bonapart inglizlardan Tulonni tortib oladi, Parijdagi Qirollik isyonini bostiradi, birinchi konsul mansabiga ko‘tariladi va film asta-sekinlik bilan “G‘aroyib insonlar hayoti” uslubidagi qahramon ortidan Yevropaga ot choptirib boruvchi uzun ocherkka aylanadi.
Mariya-Antuanetta bilan jallod jodisi yana bir kartina – vatanini also tark etmaydigan munkillagan vampir bo‘lib chiqadigan Chili diktatori Pinochet haqidagi vampircha bayopik “Graf” da bo‘y ko‘rsatgandi. Pablo Larrainda ko‘rilgan inqilobiy o‘zboshimchalik hokimiyatni shakllantirishning boshlang‘ich nuqtasi, badgumonlik, shafqatsizlik va siyosiy terror bilan yakunlangan psixologik arkaning asosi bo‘ldi.
Ridli Skottda esa hayratlanarli jihat shundaki, 2 soat-u 40 daqiqada hech qanday rivojlanib boruvchi syujetlar tasvirlanmaydi: Napoleon muallifning o‘ziga xosligi va ranglaridan mahrum bo‘lgan oq varaqligicha qoladi. U kim –yovuz imperialistmi, noumid narsistmi yoki intellektual-romantik? Ulkan biografiyani kinoteatr xronometraji doirasiga kiritishga qaror qilgan Skott bu savolga javob bermaydi, xuddi Vaterloo janggi arafasidagi Bonapart kabi taraddudlanganicha qoladi.
Uning Napoleoni – tom ma’noda dunyoni suyuklisi Jozefina Bogarnening oyog‘i ostiga tashlaydigan shunchaki sentimental drama qahramoni. Filmning kengaytirilgan versiyasi bundan-da savlatliroq portretni taqdim etishiga ishonging keladi: ma’lumki, kinoteatrlarda namoyish etilgandan so‘ng, rejissyor Apple TV+ da to‘rt soatlik director’s cut ni rejalashtirmoqda. Sinchkov tomoshabinlar filmda ko‘plab tarixiy noaniqliklarni qayd etishdi, masalan, haqiqiy Napoleon ishtirok etmagan Mariya-Antuanettaning qatl qilinishi. Biroq, buni kamchilik deyish qiyin. Skott tarixiy materiallar bilan ishlashda qayta “yaratish”ni emas, balki mavzuga fantaziya bilan yondashib tasvirga olishi azaldan ma’lum – va bu narsa ba’zan haqiqiy durdona filmlarni tuhfa etib turadi. “Napoleon” bu borada – g‘oyat rang-barang fantaziya, biroq afsuski, har qanday psixologizmdan mahrum va shu sababli ham mutlaqo jonsiz.
“Qor jamiyati”
(rej. Xuan Antonio Bayona)
1972-yilda urugvaylik regbichilar jamoasi Santiagoning Chili shahrida bo‘lib o‘tadigan talabalar ligasi o‘yiniga uchib ketadi. And tog‘larida samolyot dovulga duch kelib, pastki qismi bilan muzlikka uriladi va baland tog‘ platosiga qulab tushadi. Ekipajning bir qismi halokatda vafot etadi, yana bir necha kishi falokatdan keyin ertasiga jarohat va sovuqdan vafot etadi. Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari hech qanday natija bermaydi. Tirik qolgan sportchilar oz miqdordagi oziq-ovqat zaxiralarini tezda tugatib, o‘zlarini qutqarish uchun so‘nggi choralarni ko‘rishga majbur bo‘lishadi.
And tog‘laridagi mo‘jiza – ssenariy mualliflarining xayolot mahsuli emas, balki ko‘plab ilmiy-ommabop janrdagi kitoblar va filmlar uchun asos bo‘lgan hujjatli hodisadir. Ehtimol, ular orasida eng mashhuri – bosh rolni aktyor Itan Xouk ijro etgan gollivudcha survival hisoblanmish “Tiriklar” (1993) filmidir.
Yangi versiyani ispaniyalik vizioner – “Uzuklar hukmdori” olamidagi Amazon serialiga o‘xshash filmlar, shuningdek, 2004-yilgi Indoneziya sunamisi haqidagi “Imkonsiz” film-katastrofa ustida ishlagan Xuan Antonio Bayona taqdim etdi.
Netflix da chiqqan “Qor jamiyati” da, rejissyor jek londoncha hayotga muhabbat mavzusini yana tadqiq etadi va inson jasoratiga qasida kuylaydi, ammo bu safar inson axloqining nisbiyligi va omon qolish sharoitida faraz qilinishi mumkin bo‘lgan chegaralar haqidagi ilohiyotga doir bahs-munozaralarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Tanlangan manzara ham shundan: hikoya Xudo qoldirgan joylarda Xudoning irodasi bilan yashashga harakat qiladigan o‘layotgan katolik nuqtai nazaridan so‘zlanadi.
Operator Pedro Lukening kamerasi muzliklar manzaralariga diqqat bilan ko‘z yugurtiradi, hayratga tushadi va shu bilan birga tabiatning befarqligidan dahshatga tushadi — va idrokning xuddi o‘sha ikkiyuzlamaligidan, qahramonlarga qayg‘udosh bo‘lish va shu bilan birga nafrat bilan chegaralanuvchi ular oldidagi qo‘rquvdan o‘zni tutib turish qiyin. Bunday hissiy zaryad, shubhasiz, kartinaning asosiy muvaffaqiyatidir.