Shilqim ma’shuqa haqidagi komedik tru-kraym, AQSHdagi fuqarolar urushi haqida drama va boshqa eng so‘nggi yangi filmlar
Stendaperlar triller yozishmoqda, Amerikada – fuqarolar urushi, xususiy izquvarlar sinefil jurnallariga obuna bo‘lishmoqda va kino klassikalarini yoddan bilishadi. Shu va boshqa paradokslar xususida – tandirdan yangi uzilgan film va seriallar haqidagi tahlilimizda.
“Bug‘u bolasi”
(rej. Veronika Tofilskaya, Jozefin Bornebush)
Stendaper Donni Dann Londondagi qovoqxonada sariq chaqaga ishlaydi, kechqurunlari esa ochiq mikrofonlarda chiqish qiladi. Orzularida u komediya qiroli, amalda esa – poytaxt shou-biznesini zabt etish uchun kelgan va butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan omadsiz qishloqi. Orzusiga yetish yo‘lida u Oksford drama maktabi aktrisasi bo‘lmish sevgan qizini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.
Kunlarning birida qovoqxonaga Marta Skott – o‘ziga hatto bir chashka choyga ham qurbi yetmaydigan yolg‘iz semiz qizni uchratadi; Donni uni mehmon qiladi. Achinishni e’tiborga yo‘ygan qiz yosh yigitga ko‘ngil qo‘yadi va uni ta’qib qila boshlaydi. Avval uning yoniga ishga keladi, u yoq-bu yoqdan bidirlayveradi, o‘zining o‘taketgan dongdor advokatlik idorasi haqida qop-qop gapiradi, piknikka chaqiradi va adog‘i yo‘q e-mail’lar jo‘natadi. Keyin esa undan ham xuddi shu munosabatni talab qiladi, uning do‘stlari va oilasini haqorat qiladi, stendap konsertlarini buzadi va odamlarning asabini buzadi.
Naqadar g‘alati tuyulmasin, Donni, bu rasvogarchiliklarning bariga qaramay, politsiyaga ariza berishga shoshilmaydi. Axir Marta unda – u o‘zini ko‘rishni xohlaydigan – kulgili, mard, kelishgan inson timsolini ko‘rayotgan edi-da.
Netflix’ning bahorgi asosiy xiti “Bug‘u bolasi” – o‘zining shu nomdagi monospektaklini ekran uchun adaptatsiyalashtirgan britaniyalik komik Richard Geddning loyihasi. Uning asosida – shaxsiy tajriba: 20 yoshga kirishga ulgurmasidan, Shotlandiyadan Angliyaga ko‘chib o‘tadi va retsidivist-stalker qiz nishoniga tushib qoladi. Ikki yil mobaynida unga ketma-ket 40 mingta xat yozadi va 350 soatlik audio yozadi, u esa barini boshini ko‘tarmay o‘qiydi va eshitib chiqadi.
Donni serialda yuzaga kelgan bog‘lanib qolish, o‘z yurish-turishini tahlil qiladi – javob izlash davomida o‘tmishdagi travmalari: qanday qilib jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylangani, tanishuvlar ilovasida trans-ayol bilan tanishgani, uni sevib qolgani va bundan uyalgani, oxir-oqibat bu o‘zidan ashaddiy nafratlanishga olib kelganini yodga oladi. Bularning bari – ham haqqoniy tajriba, shu bilan birga u yana bir monospektakl – Monkey See Monkey Do (2013)ning asosiga aylanadi.
Ilk bor Geddi “Bug‘u bolasi” bilan 2019-yilda “Frinj” Edinburg san’at festivalida ishtirok etadi, keyin esa shu bilan mamlakat ichida va Yevropa bo‘ylab gastrol safarlariga boradi, undan avval unga Netflix skautlari qiziqib qolishgandi. Loyiha ularning e’tiborini nega bunchalik jalb qilganini taxmin qilish qiyin emas. Birinchidan, serial eng buqalamun kishilar to‘dasini – yoki, aytish joiz bo‘lsa, abyuz, qurbon optikasi, LBBT, #MeToo, geteronormativ madaniyatdagi g‘ayritabiiy munosabatlar, raqamli dunyoda maxfiylik kabi mavzular ular uchun dolzarb bo‘lgan kishilarni izlaydi.
Ikkinchidan, prodyuserlarda shunga o‘xshash omadli voqea yuz berdi: o‘n yillar oldin yana bir britaniyalik komik Fibi Uoller-Brij “Bema’ni” deb nomlangan teleshousini chiqargandi; avvaliga bu ham “Frinj”dagi avtofikshen-monolog edi, keyin esa – premial televideniye xitiga aylandi. Uoller-Brij bosh rolni ijro etgan – Gedd ham shunday qildi – butun dunyo ko‘z oldida shaxsiy dahshatlarini qayta boshdan kechirdi.
Biroq muhimi, Gedd o‘z ojizliklari haqida kamsituvchi va aytishga noqulay tafsilotlarni imkon qadar dadil va ochiqchasiga hikoya qiladi. Ehtimol, ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan “yangicha samimiylik”da serialning asosiy obro‘si yotibdi. Bundan tashqari, ustida ishlanmagan travmalar (ham Martaning, ham Donnining) ayanchli oqibatlarga olib kelishi haqidagi hikoyani ijodkorlar voqealar rivojida psixologik trillergacha o‘sib boruvchi dramedi qobig‘iga o‘rashgan. Aynan janr qolipi ham yetti qismlik istig‘forlarga jo‘shqinlik va bosim baxsh etadi, shunday ekan zerikarli bo‘lmaydi.
“Shugar”
(rej. Fernandu Meyrellish, Adam Arkin)
Olifta tergovchi Jon Shugar (Kolin Farrell) – sinefil va polyglot, bedarak ketganlarni izlash bo‘yicha mutaxassis – taniqli prodyuser nafaqaxo‘r Jonatan Singlni yo ‘qlagani boradi. Chol undan ikki haftadan beri aloqaga chiqmayotgan nabirasi Oliviyani topib berishni iltimos qiladi. Qolgan badavlat qarindoshlar xavotirlanishmaydi: Oliviyani giyohvand, odatiga ko‘ra uydan qochib ketishni maqsad qilgan, deyishadi. Shunga qaramay Shugar tergovga kirishadi va izlanish mobaynida Sigllar oilasining eng qorong‘u sirlari ayon bo‘la boshlaydi.
Ssenariynavis-meynstrimchi Mark Protasevich (u “Oldboy”ning amerikacha variant va postapokaliptik janrdagi “Men – afsona” filmlarini yozgan, “Tor”ning birinchi qismiga hammualliflik qilgan) tomonidan yaratilgan serial, o‘zida gollivudcha nuar-klassikaning yuzaki rekapini namoyon qiladi. “Shugar” Bertoluchchining “Xayolparastlar”ida qanday bo‘lsa, xuddi shunday tamoyil ustiga qurilgan: hikoyada ish “Malta lochini” va “Yovuzlik tamg‘alari”dan tortib “Los-Anjeles sirlari” videoiqtiboslarigacha kirib boradi, ustiga ustak, Kolin Farrellning xatti-harakatlari eski kinoqahramonlar xatti-harakatlariga o‘xshatilgan.
Ehtimol, hammasidan ko‘ra Apple TV+ seriali Robert Oltmenning “Uzoq xayrlashuv” durdona filmiga o‘xshaydi: ikkala vaziyatda ham Los-Anjelesning zamonaviy anturaji va eskicha qahramonlar o‘rtasidagi yaqqol farq ko‘zga tashlanadi – “Shugar”da oldskulcha “Korvet”da yuradi, eskicha urfdagi qora kostyum kiyadi, xizmat quroli sifatida “Kuchli jazirama” filmi suratga olsih jarayonida Glenn Ford foydalangan revolver taqib yuradi.
Chegara bilmas ko‘chirmachilikdan tashqari, serial vizual oliftagarchilik: oq-qora, golland burchagi, qo‘l kamerasi, fondagi kuchli blyur, tartibsiz manzaralarga ham to‘la. Bunday sinefilcha to‘plamni suratga olish nimaga kerak degan savol ochiq qolgan, ammo umuman olganda bu – “Tomosha qilish uchun” yig‘ib qo‘ygan ro‘yxatingiz 50taligidan joy oluvchi juda go‘zal va tinchlantiruvchi tomosha.
“Imperiya qulashi”
(rej. Aleks Garlend)
AQSH, alternativ kelajak. G‘arb kuchlari – Texas va Kaliforniya separatistlari – Vashington federal qo‘shinlari bilan urush olib borishadi. Fotomuxbir Li (Kirsten Danst) front chizig‘ini oshib o‘tishga – aniqrog‘i, prezidentdan intervyu olishga qaror qiladi: uning qo‘shini yengiladi va mag‘lubiyatga tayyorlanadi. U bilan hamrohlari – sodiq do‘sti, Reuters fotografi, The New York Times’ning eski kolumnisti va urush dahshatlarini gavdalantirish va mashhur fotomuxbir bo‘lish uchun sovun qutisi bilan frontga ruxsatsiz kiradigan notanish qiz.
“Imperiya qulashi” – sci-fi janrida (u qoyilmaqom “Dasturchilar” serialini va undan xiyla omadsizroq chiqqan “Annigilyatsiya” va “Mashinadan” seriallarini suratga olgan) ko‘p faoliyat olib borgan, shuningdek, “28 kundan so‘ng” kult zombi-horror filmini yozgan zamonaviy ssenariynavis va postanovkachi Aleks Garlendning yangi filmi.
Britaniyalik doim dolzarb mavzular: SI, zo‘ravon erkaklar, halokat yoqasidagi ekologiya kabilarga doim e’tiborli bo‘lgan. Biroq, “Imperiya”da u aftidan, prezidentlik saylovlari vaqtida Amerikadagi fuqarolar urushi haqida roud-muvi suratga olib, o‘zidan o‘zib ketdi. Qolaversa, film, darvoqe – А24 art-studiyasining 50 million dollarga olingan qimmat loyihasi, – o‘tkir kinopublitsistikaga o‘xshamaydi. Ko‘p jihatdan tomonlar va mojaro sabablari imkon qadar umulashtirib ozilgan, lekin hatto ko‘rsatib o‘tilmagan; odatda, payg‘ambarlik pamfleti emas, shartli masallar shunday yoziladi.
“Imperiya” postapokaliptik settingi ortidan Last of Us’ning sifatli rebutiga juda o‘xshash, g‘oyat noodatiy obyektiv nigohi ila taqdim etilgan janrning sof ekzersisi – fotograflar bunchalik tez-tez ekshn-kino qahramonlariga aylanishmaydi axir.
E’tiboringizni qaratishingiz lozim bo‘lgan yana to‘rt film
“Betakalluf ishlar vazirligi”
(rej. Gay Richi)
1941-yilda Cherchillning buyrug‘iga binoan tashkil etilgan Britaniya qurolli kuchlari diversantlari Fernando-Po Afrika portiga suzib borishadi – ular u yerda natsistlarning Atlantika ustidan nazoratini yo‘qqa chiqarish uchun natsistlar suvosti kemalari uchun qurol tashuvchi kemalarni portlatishi kerak. Gay Richining “Vazirligi” tarixchi va harbiy muxbir Demien Lyuisning kitobidan olingan, lekin bu, qanchalik g‘alati eshitilmasin, harbiy triller emas, balki bachkana nemislar va qalbaki zo‘ravonliklar aks etgan “Indiana Jons” ruhidagi sarguzasht eksheni. Ajablanarlisi, boyevik bema’ni va vizual jihatdan ko‘rimsiz chiqqan – aytish joizki, bu rejissyorning “A.N.K.L. agentlari” filmi bundan ancha estetik va noodatiyroq edi. Umumiy qilib aytganda, bu, afsuski, Gay Richi imzosi biror yerida aks etmagan, bir marta ko‘rishlik pop-korn film bo‘lib chiqdi.
“Iblis bilan yarim tun”
(rej. Kameron va Kolin Kerns)
Aytish mumkinki, so‘nggi vaqtda chiqqan asosiy horror-xit – bu 1970-yillarning oqshomgi tok-shoulari retrouslubiga taqlid qilib mokyumentari janrida ishlangan “Iblis bilan yarim tun” filmidir. Teleboshlovchi Jek Delroy o‘z dasturining reytingini ko‘tarish uchun xellouin arafasidagi maxsus soniga parapsixolog va go‘yoki ins-jins urgan 13 yashar qizni chaqiradi. Aka-uka Kernslarning butun filmi – xuddi reklama vaqtida olingan, oq-qora fonda vaqti-vaqti bilan uzilib qoladigan efir yozuviga o‘xshatib olingan. “…yarim tun” – avstraliyacha indi-horrorlar (o‘tgan yilgi “Ikki, uch, iblis, kelaqol!” filmini eslang) so‘nggi yillarning muhim trendiga aylanib borayotgan bir paytda o‘tkazib yuborish mumkin bo‘lmagan o‘zgacha muhit ruhini beradigan qo‘rqinchli film.
“Mars Ekspress”
(rej. Jeremi Paren)
Kann-2023 festivali va Ansidagi eng so‘nggi multfestivalda Jeremi Perenning, bir vaqtning o ‘zida ham “Tig‘ ustida yuguruvchilar” kiberpank-klassikasiga, ham Ayzek Azimovning kult adabiyotiga murojaat qilgan texno-nuari – “Mars Ekspress” namoyish etildi. Syujet markazida – melanxolik izquvar Alin Rubi va uning xayoliy futuristik megapolisda yo‘qolib qolgan xakerni izlayotgan android-sherigi turadi. Ta’rifdan, “Mars” – xiyla noommabop giklarga xos ko‘ngilochar film, biroq amalda mutlaqo har qanday tomoshabinda qiziqish uyg‘otadigan va dunyoning chuqur o‘ylanganligi bilan ta’sirlantiradigan ancha muxtasar va shiddatli detektiv.
“Qora materiya”
(rej. Yakob Verbryuggen va boshq.)
Professor-fizik Jeyson Dessenga niqobdagi allakim hujum qiladi va uni sirli kubga itarib yuborib, o‘zi g‘oyib bo‘ladi. Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, qahramon alternativ Chikagoda ko‘zini ochadi va bu dunyodan bo‘lgan doppelganger – Jeyson-2 bilan o‘rni almashib qolganini tushunib yetadi. Apple TV+ tomonidan namoyish etilgan “Materiya” ko‘proq Jey Key Simmons ishtirokidagi josuscha sci-fi janridagi “Qiyofadosh” serialiga o‘xshaydi, voqealar qizg‘in tus olishiga juda uzoq vaqt talab etiladi, lekin keyin to‘qqizinchi (oxirgi) qismning oxirigacha diqqatni mahkam ushlab turadi. Yagona kamchiligi: 2024-yilda parallel dunyolar orqali odisseyani ko‘rsatish – umidsizlarcha eskirgan syujet konsepti bo‘lib, uni “Qasoskorlar” va “Hamma narsa har qayerda va birdaniga” kabi meynstrimlarda ko‘p marotaba qo‘llanilgan.
Matn: Ilya Verxoglyadov