Skip to main content

Qirq besh yil avval, 1979-yilning 11-avgustida Dneprodzerjinsk (hozirgi Kamenskoye shahri, Ukraina) uzra osmonda ikkita Tu-134A yo‘lovchi samolyoti to‘qnashib ketgan. Ulardan biri Toshkent — Minsk reysini amalga oshirayotgan bo‘lib, uning bortida “Paxtakor” jamoasining 17 a’zosi, jumladan 14 nafar futbolchi va murabbiylik-ma’muriy shtabining uchta vakili bo‘lgan. Ular Minskning “Dinamo” jamoasiga qarshi matchda qatnashish uchun yo‘lga chiqqan edi. Bortdagi barcha yo‘lovchilar halok bo‘lgan.

Fojia har bir futbol muxlisining qalbini larzaga solgan, bu orada SSRIning futbol bo‘yicha reglamentiga kiritilgan moddaga ko‘ra, “Paxtakor” uch yil davomida, natijalardan qat’i nazar, oliy ligada o‘rnini saqlab turgan. Biz afsonaviy jamoaning tarixini yodga olib, shu vaqtgacha jamoaga daxldor buyumlarni to‘plab keladigan muxlis Nodir Raximov bilan Toshkentda allaqachon “Paxtakor” muzeyini tashkil qilish zarurligi haqida suhbatlashdik.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Jamoa tarixi

Jamoaning norasmiy tarixi 1951-yilda Toshkentda “Paxtakor” qishloq sport jamiyati tashkil etilgan vaqtdan boshlangan. Jamoa hattoki 1955-yil Odessada qishloq jamoalari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan Sovet Ittifoqi birinchiligida ham ishtirok etgan.

“Paxtakor” o‘zining lik uchrashuvini 1956-yil 8-aprelda o‘tkazgan. Bu SSRI chempionatining “B” toifadagi turnirida “Perm” jamoasi bilan uchrashuv edi. Match 1:0 hisobida g‘alaba bilan tugagan va jamoaning kelgusi tarixini oldindan belgilab bergan. O‘sha davrda o‘yinlar Toshkentning eski shahar qismidagi “Spartak” stadionida o‘tkazilar edi. “Paxtakor” stadioni keyinroq, 1956-yil avgustda foydalanishga topshirilgan.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Jamoa shiddat bilan rivojlanib, professional sohada o‘sib borgan. Atigi uch yil o‘tgach, 1959-yilda klub SSRI chempionati oliy ligasiga kiritilgan, 1962-yilda esa SSRI chempionatida oltinchi o‘rinni egallagan. Tabiiyki, “Paxtakor” o‘z vatanida va butun Ittifoq bo‘ylab minglab muxlislarga ega bo‘lgan.

1970-yillarning oxirida “Paxtakor” sport cho‘qqisida bo‘lgan: unda juda istiqbolli jamoa to‘plangan edi. Toshkentliklardan chempionatda yuqori natijalarni kutishardi. Ittifoq ichidagi respublikalar o‘rtasidagi doimiy raqobat inobatga olinsa, bu juda muhim vazifa edi.

So‘nggi reys

Aviahalokat 1979-yil 11-avgust soat 13:35:38 da yuz bergan. Ukraina SSR osmonida 8400 metr balandlikda Toshkent — Minsk va Chelyabinsk — Kishinyov reyslarini amalga oshirayotgan ikkita Tu-134 samolyoti bir-biriga to‘qnashib ketgan. Jami bo‘lib ikkita layner bortida 178 kishi, jumladan 17 nafar “Paxtakor” jamoasi a’zoi — 14 ta futbolchi, murabbiy, ma’mur va shifokor bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan.

Aviahodisa yuzasidan tergov olib borgan komissiyaning xulosasiga ko‘ra, halokatga osmondagi samolyotlarni oqilona yo‘naltira olmagan dispetcherlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qator xatolar va qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, fojia sabablarining “xalqona” talqinlari ham mavjud, ammo ushbu ishga aniqlik kiritishi mumkin bo‘lgan aksariyat hujjatlar “maxfiy” grifi ostida saqlanadi.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Jamoaning bir nechta a’zosi baxtli tasodif tufayli reysda bo‘lmagan. Xususan, darvozabon Aleksandr Yanovskiy kunduzi takroriy tarkib bilan avvalroq uchib ketgan. Himoyachi Anatoliy Mogilniy va hujumchi To‘lagan Isakov o‘sha safar jarohatlari sababli o‘ynamagan. Murabbiy Oleg Bazelevich rafiqasi va o‘g‘li bilan vaqt o‘tkazishga ulgurish uchun sal oldinroq uchgan. Jamoaning massajchisi Anatoliy Dvornikov aeroportga nomaqbul ahvolda kelgani uchun bortga o‘tkazilmagan.

Jamoa kapitani va yarim himoyachi hujumchi Mixail An oxirgi g‘alaba matchida jarohat olib, Minskdagi maydonga chiqa olmagan. U aeroportga yigitlarni kuzatish uchun kelgan va mishmishlarning biriga ko‘ra, ular uni birga uchishga ko‘ndirishgan. Mixail nafaqat kapitan, balki jamoaning qalbi ham edi. Shunday muhim matchda uning bo‘lmasligi g‘alati edi. Samolyotda joy topilgan va An hamma bilan birga parvoz qilgan.

Xotira

Butun jamoa halokati to‘g‘risidagi xabar shiddat bilan tarqalgan. Markaziy gazetalar aholiga aviahalokat haqida qanday ma’lum qilish ustida bosh qotirayotgan bir paytda, qachonlardir tarkibida Pele o‘ynagan Amerikaning “Nyu-York Kosmos” klubi ta’ziyanoma telegrammasini yo‘llashga ulgurgan.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

To‘lagan Isakov esga oladi: “Halok bo‘lganlarning jasadlari ortilgan bort ertalabki soat beshda uchib kelgan. Bu haqda xabar tarqalmasligi uchun atayin shu vaqt tanlangan. Ammo butun shahar allaqachon xayrlashish uchun yetib kelgandi. Janoza marosimi aeroportning o‘zida boshlangan. Bu ruh (sink)dan ishlangan 17 ta tobut solingan 17 ta bir xil yuk mashinasi edi. Qabristongacha bo‘lgan yo‘l bo‘ylab odamlar yig‘lab turardi. Uch yuz ming odam ko‘chalarga chiqqan!

Bizda turli millatlarga mansub yigitlar o‘ynardi: tatarlar, o‘zbeklar, koreyslar, ruslar. Men qabr uchun eng yaxshi joy “Paxtakor” stadioniga kirish joyi ekanligini aytganman. Xalq baribir matchlarga kelganida qabrga gullar qo‘yib, jamoani yodga oladi. Sharof Rashidov mening g‘oyamni quvvatlagan, ammo halok bo‘lganlarning ota-onalari bunga rozi bo‘lmagan. Zero, hammaning o‘z odatlari bor.

Oxir-oqibat Toshkentdagi Botkino qabristonida faqat besh nafar odam dafn qilingan. Toshkentdagi tadbirlar tugaganida Bazarovni dafn qilish uchun Samarqandga borganman. U yerdan Shuhrat Ishbutayev dafn qilingan Navoiyga, so‘ngra Volodya Sabirovning dafniga Buxoroga ketganman. Hattoki qanday ahvolda borib-kelganim ham esimda yo‘q. Bu eng og‘ir kunlar edi”.

Keyingi bir nechta mavsumda klub butun Ittifoqdagi boshqa jamoalardan kelgan ko‘ngilli o‘yinchilar bilan kuchaytirilgan. Xususan, “Spartak”, “Lokomotiv” va Moskvaning “Dinamo”, Kutaissining “Torpedo” va Tbilissining “Dinamo” jamoalaridan odamlar kelgan. Ayrimlar iqlimga dosh berolmay, bir-ikki mavsumdan keyin ketishardi. SSRIning futbol bo‘yicha reglamentiga kiritilgan moddaga ko‘ra, uch yil davomida “Paxtakor”ga natijalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, oliy ligada o‘rin kafolatlangan edi.

2009-yilning avgust oyida, hodisaning 30-yilligi arafasida Kurilovkda (Ukraina) qishloq ustidagi osmonda fojiali halok bo‘lgan o‘zbek jamoasiga bag‘ishlangan yodgorlik toshi o‘rnatilgan. Memorial halok bo‘lgan “Paxtakor” murabbiyi Idgay Tazetdinovning bevasi “Paxtakor” faxriylari kengashiga rahbarlik qilgan Alla Shulepina-Tazetdinova ko‘magi ostida ochilgan. Kurilovkda ham o‘zining “Paxtakor” jamoasi tuzilgan bo‘lib, u xotira musobaqalarida Toshkentga kelgan.

O‘zbekistonda “Paxtakor-79” jamoasining an’analari “Paxtakor” professional futbol klubi tomonidan davom ettirilmoqda. Bugungi kunda bu eng ko‘p maqomli klub bo‘lib, u mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston Oliy ligasi barcha chempionatlarida ishtirok etgan, 14 karra mamlakat chempioni va 13 karra O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylangan.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

1979-yil aviahalokatda vafot etgan “Paxtakor” jamoasining tarkibi Aleksandr Korchyonov (yarimhimoyachi) Olimjon Ashirov (himoyachi) Viktor Churkin (hujumchi) Vladimir Makarov (yarimhimoyachi, hujumchi) Vladimir Sabirov (yarimhimoyachi, hujumchi) Vladimir Fyodorov (hujumchi) Vladimir Chumakov (shifokor) Idgay Tazetdinov (murabbiy) Konstantin Bakanov (yarimhimoyachi, hujumchi) Mansur Talibjanov (ma’mur) Mixail An (yarimhimoyachi) Nikolay Kulikov (himoyachi) Ravil Agishev (himoyachi) Sergey Pokatilov (darvozabon) Sirojiddin Bazarov (hujumchi) Shuhrat Ishbutayev (hujumchi) Yuriy Zagumennix (chap himoyachi)

“Paxtakor” fojiasi 1949-yilda “Torino” va 1958-yilda “Manchester Yunayted” klublari uchragan aviahalokatlar bilan bir qatorda turadi. Ushbu xorij jamoalari ularning tarixini bilish va buyumlarini sotib olish mumkin bo‘lgan muzeylarga ega. “Nima uchun bizda hozirgacha “Paxtakor” muzeyi ochilmagan?” — deya savol beradi ko‘p yillardan buyon butun dunyo bo‘ylab jamoa bilan bog‘liq buyumlarni to‘plovchi muxlis Nodir Rahimov.

— Mening buvam, O‘zbekiston xalq yozuvchisi va harbiy muxbir Ibrohim Rahim faol futbol muxlisi bo‘lgan. U ko‘pincha “Paxtakor” haqida so‘zlab berardi. Masalan, jamoa halokatga uchrab, futbolchilar Toshkentga yetkazilganida aeroportdan qabristongacha xalq ko‘chaning ikki tomonida gullar bilan turganini esga olardi. Odamlar juda ko‘p bo‘lgan, ular viloyatlar va qo‘shni mamlakatlardan xayrlashish uchun kelgan. Mening qarindoshlarim ham o‘yinchilarni so‘nggi maskanga kuzatish uchun borishgan.

Men birinchi marta 1987-yilda futbolga borganman, o‘shanda o‘n yoshda edim. Bu “O‘rta Osiyo derbi” matchi edi: “Paxtakor” Qozog‘istonning eng kuchli klubi “Kayrat”ga qarshi o‘ynagan. Stadionda anshlag bo‘lgan, ko‘pchilik Qozog‘istondan muxlislik qilish uchun kelgan. O‘sha vaqtdan buyon men “Paxtakor” bilan bog‘liq buyumlarni to‘play boshlaganman. Birinchi eksponatim o‘sha matchdan qolgan chipta edi.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Hozir to‘plamda 100 ga yaqin eksponat bor. Bular dasturlar, nishonlar, kitoblar, broshyuralar, emblemalar va bayroqchalardir. Gennadiy Krasnitskiyning qalamiga mansub surat ham bor. “Paxtakor” stadionidagi suvenirlar do‘konida zamonaviy jamoa bilan bog‘liq buyumlar sotiladi. “Paxtakor-79” haqida kamdan kam, odatda qandaydir voqealarga atab nimalardir chiqariladi. Biroq oxirgi vaqtda bular ham ko‘zga tashlanmayapti.

Men to‘plamni asosan internet orqali to‘ldiraman. Saytlarga kiraman, izlayman. U yerda ko‘p qiziq narsalar bor, lekin narxlar baland. Ayrim artefaktlar hattoki 200-300 dollar turadi. Mana bu o‘tuvchi emblema “Paxtakor”da biroz muddat bo‘lgan, shu bois ham qadrli. Narxi qariyb 30 dollar edi.

Sotuvchilar bularning hammasi noyob ekanligini, O‘zbekiston uchun muhimligini biladilar va bunday foydalanadilar. Imkon qadar sotib olaman, chunki bular men emas, butun mamlakat uchun. Ba’zida xobbimdan xabar topgan odamlar nimalarnidir shunchaki sovg‘a qiladilar.

Masalan, mana bu ta’ziyanoma yozilgan gazeta. Jamoa 11-avgustda halok bo‘lgan, gazeta esa 15-avgustda chiqarilgan. Mamlakat to‘rt kun davomida hech narsani bilmagan, Amerikaning “Nyu-York Kosmos” jamoasi esa ta’ziya bildirilgan telegrammani jo‘natishga ulgurgan.

Men uchun eng qadrli eksponatlar aynan o‘sha o‘yinga chiqarilgan dasturlardir. Birinchisi 13-avgustda Minskda “Dinamo” bilan o‘ynalishi kerak bo‘lgan “Paxtakor” matchi uchun chiqarilgan. Bu yerda to‘liq tarkib ko‘rsatilgan. Biroq jamoa halok bo‘lgani sababli Minskda 5000 nusxadan iborat keraksiz dasturlarni yo‘qotishga qaror qilingan. Kimdir 50 donani saqlab qolgan. Men uni Minskda internet orqali sotib olganman, o‘ziyam uch oy uning ortidan quvganman.

Keyinroq, 26-oktyabrda boshqa tarkibli dasturlar chiqarilgan. O‘shanda “Paxtakor” butun Ittifoq bo‘ylab yangi tarkib to‘plangan va baribir Minsk “Dinamo”si bilan o‘ynagan.

Men sotib olishni rejalashtirgan eksponatlar orasida 1956-yildagi ikkita dastur bo‘lib, ular chet elda erkin sotuvga qo‘yilgan. Bu jamoa tarkib topgan yil bo‘lib, o‘shanda Efiopiya terma jamoasi bilan xalqaro darajadagi ilk match o‘tkazilgan.

Aytishlaricha, hozir O‘zbekistonda “Paxtakor”ga bag‘ishlangan bir nechta to‘plam bor ekan. Lekin menda ularning egalari bilan aloqa yo‘q. Men “Paxtakor” rahbariyatiga murojaat qilib, birlashishni taklif qilganman. Ular bizni tanishtirishga va’da bergan, ammo hozircha bu amalga oshmadi. “Paxtakor” arxivining o‘zida ham ko‘plab qiziq buyumlar bor, menga hammasini ko‘rsatishni va’da qilishgan.

“Paxtakor” muzeyi bizga juda zarur. Har kim o‘z to‘plamiga ega va hech kim bu haqda bilmaydi. Yuqoridan turtki, ko‘rsatma bo‘lsa, muzey ekspozitsiyasi tezda yig‘iladi. Men O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olganman. 1995-yilda o‘qishga kirganman, 1999-yilda esa meni Badiiy ekspertiza boshqarmasiga ishga qabul qilishgan. U yerda 15 yil ishladim. San’atshunos lavozimidan boshlab bosh san’atshunos va bo‘lim boshlig‘i darajasiga yetdim. Men muzey to‘plamlarini qanday shakllantirish kerakligi yuzasidan maslahat berishim mumkin.

“Torino” klubi o‘yinchilari 1949-yilda halok bo‘lgan. Ularning xotirasi sharafiga kichikroq muzey tashkil qilingan. U yerga sayohatchilar tashrif buyuradi. 1958-yilda “Manchester Yunayted” klubi o‘yinchilarining bir qismi halok bo‘lgan. Bugungi kunda ularning stadioniga borish, kiyinish xonalari va suvenir do‘konlariga kirish mumkin. Bizga ham shunday narsa kerak.

Ko‘pchilik mendan “Paxtakor” haqida so‘raydi. Odamlar chet eldan kelishadi va “Biz «Paxtakor» matchiga borsak bo‘ladimi?” degan savolni berishadi. Shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, odamlar jamoani biladilar va yodda saqlaydilar.

Uzilgan parvoz: Toshkentda “Paxtakor” muzeyini tashkil etish vaqti yetganligi sabablari, 7men.uz

Matn: Aleksandra Stimban
Foto: Ruslan Mardanov