2019-yilda butun dunyo bo‘ylab 205 mingta fitnes-klub qayd etilgan. O‘n yil avval bu ko‘rsatkich ikki marta kamroq bo‘lgan, ammo 2030-yilga borib mutaxassislar fitnes sohasi bozorining hajmi 170 milliard dollarga yetishini va’da qilmoqda. Odamlar nafaqat zallarda, balki onlayn tarzda, shuningdek maxsus sog‘lomlashtirish klublarida ham shug‘ullanadilar. Faol turmush tarzi oddiy odamlar va yulduzlar ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishadigan trendga aylandi. Masalan, 55 yoshli Xyu Jekman Rosomaxa rolini ijro etgan “Dedpul va Rosomaxa” filmiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida faol mashg‘ulotlarga qaytib, bu jarayon haqida obunachilariga so‘zlab berdi.
Statistikaga ko‘ra, zallarga doim qatnaydigan odamlarning faqat yarmigina bir yilda 100 martadan ortiq u yerga borarkan (haftasiga ikki martadan ko‘proq). Ammo odamlar bunga qanday yetib keldi? Fitnes rivojlanishida sirk qanday rol o’ynadi? Va qachon mashq zallaridan millionlab dollarlar topa boshladilar?
ANTIK DAVR TOPINISHI
Taxminan 4000 yil muqaddam akrobatika misrliklarning sportga oid ishtiyoqlaridan biri bo‘lib, bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishish uchun muntazam mashq qilish talab etilgan. Biroq, antik davrda tanaga nisbatan e’tibor Yunonistonda o‘z cho‘qqisiga yetgan. Hozirda faqat aqliy qobiliyatlarni rivojlantirish ma’nosida tushuniladigan gimnaziyalarda qadimgi davrda butun tanaga katta e’tibor qaratilgan.
Yunoncha “γυμνός” so‘zi (undan oxir-oqibat inglizcha “gym” so‘zi hosil bo‘lgan) “yalang‘och” ma’nosini anglatgan — u davrda jismoniy mashqlar butunlay yalang‘och holda bajarilgan va bu bilan kelishgan qomat g‘oyasi targ‘ib qilingan. O‘sha davrdagi mashhur faylasuflar ham sport bilan bog‘liq turmush tarzini ilgari surganlar. Miloddan avvalgi V–IV asrlarda yashagan Platon shunday degan: “Faollik tanqisligi har bir odamning yaxshi holatini barbod qiladi, aksincha, harakat va tizimli jismoniy mashqlar uni qutqaradi va saqlab qoladi”.
Biroq, yunon va rim madaniyati qulaganidan so‘ng tanani sog‘lomlashtirishga intilish ham o‘z kuchini yo‘qotgan. Faqatgina milodiy XIV asrdan boshlab odamlarning ongida va san’atda yanada chiroyli tana haykalini yasashga intilish paydo bo‘lgan. Bu jarayonda mukammal qomatga ega antik davr qahramonlari va ma’budlarini tasvirlagan Uyg‘onish davri rassomlari muhim o‘rin tutgan.
Shunga qaramay, “fitnes” yana odamlarning kundalik hayotiga kirishi uchun qariyb 400 yil kutishga to‘g‘ri keldi. Avvaliga maktablardagi dasturlar orqali (masalan, Pushkin davrida Sarskoselskiy litseyida ta’lim oluvchilarning kechki jadvalida suzish, qilichbozlik va yugurish bo‘lgan), keyinchalik maxsus zallarda — zamonaviy mashq zallari analoglarida paydo bo‘lgan.
BOLALIK YOSHIDAN
Birinchi xususiy mashq zali Daniyadagi maktab dasturiga jismoniy tarbiya joriy etilishiga oid tashabbus bilan chiqqan Frans Naxtegel tomonidan 1799-yilda ochilgan. Uning zalida yog‘och gantellar va og‘ir medbollar yordamida guruh mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Daniyalikka o‘zining tengdoshi bo‘lgan nemis Guts-Mutsning “O‘smirlik uchun gimnastika” qo‘llanmasi ilhomlantirgan. Qo‘llanmada muallif antik amaliyotlarga tayanishdan tashqari, yangilarini o‘ylab topish orqali tanani rivojlantirish uchun mo‘ljallangan 29 ta mashqqa ta’rif bergan.
Zamonaviy dunyoda “jismoniy tarbiya bobosining” kitobi tom ma’noda ilhombahsh bestsellerga aylanishi mumkin edi. U kitobning birinchi bobini “Biz zaifmiz, chunki istagimizga qarab kuchli bo‘lishimiz mumkinligi hech qachon hayolimizga kelmaydi” degan jumla bilan boshlaydi. Va qariyb 200 betlik jismoniy tarbiya nazariyasi va falsafadan keyin Guts-Muts yugurish va sakrashdan tortib bel va tananing ustki qismini mustahkamlash uchun plankagacha — turli mashqlar texnikasini batafsil tushuntiradi.
INQILOBIY KAYFIYAT
Nemislarning milliy o‘zligini anglashda muhim rol o‘ynagan sport klublarining dastlabki tarmog‘iga 1811-yilda Berlinda zobit va pedagog Fridrix Yan tomonidan asos solingan. Napoleon Prussiya yerlarini bosib olganidan so‘ng Yan hamyurtlariga o‘z mamlakatini himoya qilish uchun jismonan tayyor bo‘lishga yordam berish maqsadida Turnverein ochiq osmon ostidagi gimnastika klubini tashkil qilgan.
Yarim asrdan keyin, ya’ni Germaniya mustaqil, Fridrix Yan esa allaqachon vafot etgan davrda, Turnverein tarmog‘i 150 dan ortiq klubga ega edi. Ammo bu klublar inqilobiy siyosiy pozitsiya tufayli taqiq ostida qolgan Germaniyada emas, balki ko‘p sonli nemislar muhojir sifatida ko‘chib ketgan AQShda bo‘lgan. XIX asr oxiriga kelib qariyb 68 mingta a‘zoga ega bo‘lgan Amerikadagi Turnverein vakolatxonasi sportni targ‘ib qilishdan tashqari, Shtatlarda respublika siyosatini ilgari surib, nemislarning amerikaliklar jamiyatiga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlagan.
SIRKNING KUCHI
XIX asrga mansub mashhur fransuzcha sarguzasht romanlarining muallifi Pol Feval Parijdagi ulkan mashqlar zalini quyidagicha ta’riflagan: “Barcha yo‘nalishlarda davom etuvchi, o‘zaro aralashgan, kesishgan va antiqa jimjimani hosil qilgan ko‘p sonli osma narvonlar va arqonlardan iborat harakatlanuvchi to‘r aqlni shoshiradi va hayratga soladi”.
Zal yoshligida sirk ishtirokchisi bo‘lib, keyinchalik badavlat odamlarga jismoniy tarbiyani o‘rgatishdan pul topa boshlagan tadbirkor Ippolit Triat tomonidan ochiqlangan. Triat o‘z zalini umumiy qiymati 1 million frankdan ortiq bo‘lgan 250 mingdan ziyod aksiyalarni sotish hisobiga moliyalashtirgan. Aytgandek, xarid qilingan aksiyalarni xususiy mashg‘ulot yoki zaldagi abonementga almashtirish mumkin bo‘lgan.
Aynan sirklardan chiqqan polvonlar o‘z maqomidan foydalangan holda, birinchi bo‘lib xususiy murabbiylik xizmatlarini faol sota boshlaganlar. Xususan, Yevgeniy Sandov ruscha taxallusi bilan nom qozongan va bir qo‘li bilan ko‘krakdan 122 kilogramm itara olgan nemis “bodibilding otasi” o‘zining mashg‘ulot usullarini, ovqatlanish bo‘yicha maslahatlar va maxsus moslamalar, jumladan o‘zi yaratgan kaft espanderini sotgan.
“Boy va mashhurlarning birinchi xususiy murabbiyi” nomi bilan tanilgan Yevgeniyning murabbiyi Lui Atilla esa o‘z zalini Nyu-Yorkning yuragida — Brodveyda ochgan. Uning mijozlari orasida hattoki J.P. Morgan bank korporatsiyasi direktori ham bo‘lgan, bu orada, Atillaning o‘zi aytganidek, XIX asr oxirida AQSh’dagi har bir jismoniy tarbiya o‘qituvchisi yoki uning sobiq o‘quvchisi bo‘lgan, yoki u chop etgan mashqlar tizimidan foydalangan.
O‘TMISH MODASI
Atilla o‘z zalida targ‘ib qilgan trenajorlar orasida zamonaviy zallarda shu kungacha giperekstensiya amalga oshiriladigan “yunoncha stul” bo‘lgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, Atilla bu konstruksiyani o‘zi ishlab chiqqan. Bu holat isbotlanmagan, ammo yana bir mashhur “qiynoqlar quroli” — pilates uchun trenajorning ixtirochisi haqida bahslarga o‘rin yo‘q. Odam harakatga keltiradigan, prujinalar va kamarlar esa qarshilik ko’rsatadigan platformali rom, xuddi asosini tana, aql va ruh nazorati tashkil qiluvchi jami jismoniy mashqlar tizimi nemis muhojiri Yozes Pilates tomonidan yaratilgan.
Dastlab uning 1920-yillarda asos solingan studiyasida balet raqqosalari va sportchilar shug‘ullangan, hozirda esa faqat AQShning o‘zida pilates uchun mo‘ljallangan apparatlar bilan jihozlangan 42 mingdan ortiq zallar ochilgan bo‘lib, yoga va pilates bozorining jahondagi hajmi 2023-yilda 167 milliard dollarni tashkil qilgan. Pilates uning uchun pul ahamiyatsiz ekanligi va shunchaki odamlarni “jonli bo‘lishga” o‘rgatishni istashini aytganiga qaramay, 1940-1950-yillarda uning studiyasidagi mashg‘ulot sessiyasi narxi 5 dollar bo‘lgan va bu Nyu-Yorkdagi turar-joyning 1/10 oylik ijara haqiga teng edi.
Biroq, “o‘z tanasiga g‘amxo‘rlikni” AQShda Vik Tenni haqiqiy biznesga aylantirgan. Hali maktab yoshidayoq u akasi bilan birga uyidagi garajda sinfdoshlari uchun improvizatsion mashq zalini ochib, ulardan har bir tashrif uchun 5 sent olgan. O‘sha vaqtdagi so‘rovlar atigi 24 foiz amerikaliklar fitnes bilan muntazam shug‘ullanganini ko‘rsatganiga qaramay, 1950-1960-yillarda uning 100 dan ortiq zallardan iborat tarmog‘i yiliga 34 million dollarga teng daromad keltirgan.
Vik eng boshidan uslub va qulaylikka e’tibor qaratgan. Uning zallarida yorqin gilam qoplamasi, xromlangan yaltiroq gantellar va musiqa sadolari, shuningdek mashg‘ulotdan keyin dam olish mumkin bo‘lgan spa-markazlar bor edi. Tennining yana bir innovatsiyasi zallarning ishchi sinf uchun ochiqligi bo‘lgan: masalan, abonementni muddatli to‘lovga olish mumkin edi. “Sport biznesi uchun Vik Tenni avtobil biznesidagi Genri Ford kabi edi”, — deya aniq qayd etgan Kaliforniya fitnes-klublar tarmog‘ining prezidenti Rudi Smit.
O‘ZIGA BINO QO‘YISHGA TAQIQ
Sobiq SSR’da kulturizm e’zozlanmagan. Ertalabki badantarbiya (maktablar, zavodlar va TVda), hovlidagi turniklar, o‘yin mashqlari, yuksak yutuqlar sporti — bo‘lgan, ammo chiroyli qomatga erishish maqsadida trenajorlarda ishlash zararli hisoblangan. “O‘ziga bino qo‘yish, tana madaniyati bilan maqtanish — bularning hammasi jamoaviylik, mehnat va siyosiy faollikni tarbiyalovchi sovetcha jismoniy madaniyat va sport tizimiga zid keladi”, — deya aytilardi Davlat sport qo‘mitasi majlislarida. Shu bois, ko‘pincha mashhur bodibilderlar, jumladan Sandovning qo‘llanma va kitoblari asosida yashirin joylarda shug‘ullanganlar.
“Mening birinchi zalim bombapanohgohda joylashgan edi, faollar ma’muriyat bilan kelishib, u yerda o‘zlari trenajor zalini jihozlaganlar — trenajorlarni yasaganlar, kimdir qayerdandir gantellar topgan yoki o‘zi yasagan. Intilish juda kuchli bo‘lgan, o‘sha davr odamlar uchun biz g‘alati tuyulardik”, — deya hikoya qiladi bodibilding bo‘yicha Rossiya mutlaq chempioni Dmitriy Golubochkin o‘zining “Ekspress-gazeta” nashriga bergan intervyusida.
1980-yillarda televideniyeda G‘arbdan tashqari, boshqa davlatlarda ham aerobika namoyish etiladigan dasturlar paydo bo‘lgan: sobiq SSRda telemashg‘ulotlar “Ritmik gimnastika” deb nomlangan va unda mashhur sportchilar, aktrisa va xonandalar ishtirok etgan. AQShda faol turmush tarzining tarqalishi va sobiq SSRdagi liberallik trenajor uskunalariga ommaviy talab ortishiga sabab bo‘ldi. Bu talabni qondirish vazifasini kichik mahalliy zallardan tashqari, dunyoning turli nuqtalarida franshiza tizimi bo‘yicha ishlaydigan yirik tarmoqlar ham o‘z zimmasiga oldi. Bu tarmoqlar nafaqat vazn ko‘tarish va yo‘lakchalarda yugurish, balki yoga, suzish bilan shug‘ullanish, velotrenajorlar pedallarini aylantirish hamda guruh dasturlariga qatnashish mumkin bo‘lgan zamonaviy ko‘p tarmoqli zallarning kashfiyotchilariga aylandi.
Matn: Igor Osipov