Pandemiya, permakrizis va globallashuvning umumiy zaiflashishi “gegemonlik” va “gegemon” tushunchalarini joriy etdi. Bu so‘z, boshqalar singari, qadimgi yunon tilidan kelib chiqqan bo‘lib, so‘zma-so‘z “rahbariyat”, “yo‘lboshchilik” yoki “boshqaruv” degan ma’noni anglatadi. Umuman olganda, boshqalardan aniq siyosiy, iqtisodiy va harbiy ustunlikka ega bo‘lgan mamlakatlarni gegemonlar deb atash odat tusiga kirgan. Ammo nafaqat mamlakatlar: masalan, Iskandar Zulqarnayn bir vaqtlar Korinf Ittifoqining gegemoni deb e’lon qilingan, agar yodga
oladigan bo‘lsak, Yahudiya prokuratori Pontiy Pilat rasmiy ravishda igemon deb nomlangan. Ushbu nufuzli maqom egalari turli davrlarda turli imperiyalar bo‘lgan: Rim, Ispaniya, Fransiya, Britaniya va Rossiya dunyoga hukmronlik qilgan, to maqom okean ortiga suzib ketmagunga qadar. Avvalroq balni Osiyo boshqargan: Pekin, Istambul, Samarqand va Istambul – har biri o‘z davrida – ularning lashkari
yetib bormagan xalqlarni ham qo‘rquv va o’z izmida saqlagan. Biz esa 7MEN ning yangi sonida mutlaq gegemonligiga qaramay, afsonalarga chulg‘angan davlat xususida so‘zlaymiz. Demak, o‘rta asrlarning qudratli davlati – buyuk va vahshatli Oltin O‘rda.
Avvaldan kelishib olamiz: biz Fomenko, Nosovskiy va Bushkovlar kabi Oltin O’rdaning mavjudligi haqida faktni shubha ostiga qo’yishdan yiroqmiz. Muqobil tarix – qiziq va o’zicha ajib yo’nalish, biroq Chingizxon imperiyasining eng mashhur parchalangan bo’laklaridan biri haqidagi shakllangan afsonani ko’rib chiqish hamda imkoniyatdan foydalangan holda hech bo‘lmaganda uning bir qismini oshkor etishni istardik. Hech bo’lmaganda butun dunyoga dong’i ketgan nomdan boshlasak bo’ladi.
1-AFSONA
MAMLAKAT OLTIN O‘RDA DEB NOMLANGAN
Bo‘lmagan gap. Mo‘g‘ullar (yilnomalarga ko‘ra – ular o‘rdaliklar, tatarlar bo‘lgan) o‘z mamlakatlari Oltin O‘rda deb nomlanishi hatto xayollariga ham kelmagan. Bundan tashqari, davlatchilik tushunchasining o‘zi ularga agar umuman notanish bo‘lmagan bo‘lsa, katta ehtimol bilan mavhum bo‘lgan. Taxminan XVII asrga kelib, hatto Yevropada ham milliy davlatlar asosiy oqimga aylandi, ko‘chmanchilarga esa o‘zlarini ma’lum bir geografiya bilan birlashtirishga hojat bo‘lmagan. Ularning o‘z rahnamosi bo‘lgan, rahnamo ustida esa xon turgan – buni ham o‘tganmiz. Xonlar o‘z navbatida, o‘z hukmronligiga dunyoviy siyosiy yoki xalqaro huquq subyekti deb emas, balki xususiy mulk deb qaragan, shu sabab ularga nom berish ularning hatto xayoliga ham kelmagan. “Ulus” so‘zining o‘zi yetarli bo‘lgan, darvoqe, bu davlatlar ko‘pincha shunday atalgan – Buyuk Ulus yoki bo‘lmasa Jo‘ji Ulusi (buyuk istilochi bo‘lmish Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li va o‘sha yerlarni unga bergan). Undan so‘ng, tegishli ravishda, Botu Ulusi, Berka Ulusi, O‘zbek Ulusi…
2-AFSONA
O‘RDA AHOLISI KO‘CHMANCHI XALQ BO‘LGAN
Ishonchli tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi emas. Oxir-oqibat, bu tarkibiga ham aholisi kam, ham mintaqaning eng yirik shahrini birlashtiruvchi ulkan davlat bo‘lgan. Bundan tashqari, hatto aksariyat ko‘chmanchilar ham kuz- qishki davrda shaharlarda qishlab qolishni afzal ko‘rishgan va kunlar isishi bilanoq cho‘lga chiqib ketishgan. Hech narsani yodga solmayaptimi? Zamonaviy shaharliklar ham yozda joyini o‘zgartirib, tabiatga chiqib ketishga harakat qilishadi-ku, shunday emasmi?
Ha, ko’chmanchi ozod jamoa ham ulkan kengliklarni o’z izmida saqlab, asrlar mobaynida rus knyazliklaridan soliq undira olmasdi. Bu mutlaqo taraqqiy etgan sivilizatsiya edi: o’rdaliklar yo’llar yotqizishgan, pochta va moliya tizimlarini rivojlantirgan, aholi punktlarini qurishgan. O’rda tarmoqlaridan hech qursa zamonaviy nomlarning ba’zilarini eslash kifoya: Astraxan, Saratov, Samara, Tyumen, Tobolsk, Tomsk, Qozon, Ufa, Volgograd, Cheboksari, Azov, Bog’chasaroy, Uralsk, Aqto’be, Zaporojye… bu shaharlarning barchasi «yovvoyi
ko’chmanchilar» tomonidan qurilgan.
3-AFSONA
DAVLAT QULLAR HISOBIGA RAVNAQ TOPGAN
Bu endi afsona emas, balki shunchaki XIII–XV asrlarda insoniyat qulfurushlik degan hodisani boshidan kechirmagan, vikinglar, rajalar va mamluklar esa bu borada o‘rdaliklardan yuz qadamlar oldinda bo‘lganligi faktining tasdig‘idir. Shunday bo‘lsa-da haqiqat shunda-ki, barcha davrlarda qudratli va boy davlatlar mehnat migrantlarining tortishish markazi hisoblangan, bundan Jo‘ji Ulusi ham mustasno emas edi. Albatta, ravnaq topayotgan qudratli davlatga pul topish ilinjida va o‘z taqdirini izlab eng yaxshi hunarmand va me’morlar ko‘chib kelishgan, o‘rda shaharlari bozorlarida esa xalqaro savdo astoydil qaynagan.
4-AFSONA
O‘RDA RUSNING BIRLASHISHINI KECHIKTIRGAN
Shunday deydiganlar, aftidan, XIII asr Yevropasini bir-birini ko‘rgani ko‘zi yo‘q gersogliklar, knyazliklar va qirolliklarning quroq ko‘rpasidagi feodal o‘zboshimcha deb emas, balki inson huquqlari va liberal qadriyatlar homiysi sifatida tasavvur qilishadi. Rus bu davrda o‘zini qanday tutgani va nima sababdan mo‘g‘ullarning ilg‘or otryadiga uyushgan qarshilik ko‘rsata olmaganini ham yoddan chiqarmaymiz. Aslida, bu – nafaqat qudratli davlat, balki rus o‘zligini anglash haqidagi fikrlardan ham yiroq bo‘lgan knyazliklar majmui edi. Ryazanliklar, novgorodliklar, pskovliklar, biroq aniq velikoruslar emas – bunday bo‘lish niyatida bo‘lmagan. Knyazlardan hech biri o‘z hokimiyatining hatto zig‘irchasidan ham qandaydir markaz foydasiga voz kechishni istamagan. Bundan tashqari, ularning har ikkinchisi bunday markazni o‘zining otameros mulki deb hisoblagan. Masalan, bretonlar, sikardiylar, gaskonlar va b.lar XVII asrda kardinal Rishelye sa’y-harakatlari bilan fransuzlarga aylanishdi, nemislar esa umuman XIX asr oxirida Bismark milliy birlik sifatida jipslashtirdi. Shunday ekan, ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan istibdod rus yerlarining birlashishiga to‘sqinlik qilmadi, aksincha, zolimlar ko‘z o‘ngida jipslashish evaziga aynan shiddat bilan tezlashtirganiga ishonishga asos bor.
5-AFSONA
KULIKOVO JANGI O‘RDANI HOLDAN TOYDIRGAN
Ha, ha, Ugra daryosi bo‘yida unga uzil-kesil unga barham bergan. Biz bu yerda yuz foizlik afsona bilan yuzlashmoqdamiz, haqiqat esa shunda-ki, Rossiya tarixchiligi uchun Kulikovo jangining shak-shubhasiz ahamiyatiga qaramasdan, o‘n yil o‘tib Amir Temur qo‘shini O‘rdani istilo qilishidan avval, o‘rdaliklarning o‘zi uchun bu ularni zaiflashtiradigan juda oddiy voqea edi. Kulikovo maydonida 6-10 ming rus bahodirlari o’sha vaqtga kelib endi Jo’ji Ulusini boshqarmayotgan, atigi bitta fraksiyasiga boshchilik qilayotgan Mamayning taxminan xuddi shuncha jangchilari bilan to‘qnash kelishganini esga olamiz, va…o’sha davrlardagi urushlar qatorida bu nihoyatda kamtarona o’rin egallaganini tushunib yetamiz. Ushbu talqin tez orada To’xtamishxon Mamaygacha bo’lgan avvalgi maqomini ancha osonlik bilan tiklaganligi tasdiqlanadi. O’rdaning yo’q bo’lib ketgunigacha yana bir nechta avlod qoldi, uning vorisi – Qrim xonligiga esa – Moskva XVII asrning oxiriga kelib o’lpon to’lashni to’xtatdi.
6-AFSONA
AMIR TEMUR O‘RDANI TOR-MOR QILGAN
Bu endi haqiqatga ancha yaqin, lekin haqiqat emas. Shubhasiz, 1391-1395-yillarda xoin To‘xtamishni ta’qib qilgan Sohibqiron lashkarining bosqini aksariyat O‘rda davlatlarini yer yuzidan supurib tashladi, Jo‘ji Ulusiga o‘nglanmas talafot yetkazdi. Biroq bu vaqtga kelib qudratli davlatning tanazzulga uchrashi allaqachon avj olgan edi: 1360-1370-yillarning Buyuk davlati, vabo va aholining katta qismining gullab-yashnayotgan Turonga ko‘chishi Samarqand kengayishi arafasida O‘rdani zaiflashtirdi. Savdo yo‘llarining qulashi bilan keyingi iqtisodiy inqiroz o‘zaro ichki nizolarining yana bir to‘lqinini keltirib chiqardi, bu Buyuk ulusni bir nechta O‘rdalarga parchalab yubordi, ulardan keyinchalik Qrim tatarlari eng katta nufuzga erishdilar.
7-AFSONA
O‘RDA ISTIBDODI RUSDA MUSTABID HOKIMIYATNI BELGILAB BERDI
O, bu aksariyat liberal kayfiyatdagi psevdotarixchilarning sevimli afsonalaridan biridir. Bu mo‘g‘ullarning Rusga bosqiniga qadar xalq vechelari va bevosita demokratiya an’analari ravnaq topganmish, degan xulosaga olib keladi. Istibdod o‘rnatilgach rus knyazlari o‘rdaliklarning mustabid elementlari va vositalarini o‘zlashtirib, ko‘z ochib-yumguncha avtoritar g‘oyalarni singdirib olgan emishlar. Shu bilan birga, ko‘pchilik negadir ham Buyuk Ulusidagi, ham butun Mo‘g‘ul imperiyasidagi nazorat va muvozanatning murakkab tizimini unutishadi.
Bemalol aytish mumkinki, xonning vakolati o‘sha paytdagi yevropa monarxlarinikiga qaraganda ancha kuchli cheklangan edi, oqsuyaklarning siyosiy masalalarga qiziqish darajasi, xonni qurultoyda tasdiqlash an’analari va ayollarning boshqaruvdagi ulkan roli esa O’rdaning davlat tuzilishi o’z davridan ancha oldinda ekanligini ko’rsatadi. Ha, O‘rda aslida unitar davlat emas, balki har bir subyekti keng avtonomiyaga ega bo‘lgan haqiqiy federatsiya edi. Shunday ekan, agar bo‘ysundirilgan xalqlar mo‘g‘ullardan nimadir o‘rgangan bo‘lsa, bu ulkan sabr-toqat va diktaturadan bo‘yin tovlash deyish mumkin.