Skip to main content

Islom olamida O‘rta asrlarda ilm-fan hali Yevropada din aqidalari hukmronlik qilgan vaqtlarda ravnaq topgan, keyin esa hammasi buning aksi bo‘ldi, degan qotib qolgan qarashlar mavjud. Biroq unday emas, ingliz olimi Jeyms Poskett Islom olamida fan va din bir-birini inkor qilmaganligini, aksincha Uyg‘onish davrida tadqiqotlar faol davom etganligi, ularning asarlari asosida Yevropa, Hindiston va Xitoy olimlari o‘z izlanishlarini boshlaganligini isbotlaydi. “Alpina Pablisher” nashriyoti ruxsati bilan Poskettning “Ilm-fanning nog‘arbiy tarixi. Biz bilmagan kashfiyotlar” kitobidan parchani chop etmoqdamiz.

Ilm-fan sarchashmasida: ma’rifatli Yevropa Islom dunyosining astronomlari mehnatidan qay tariqa foydalangan, 7men.uz

Ilm-fan sarchashmasida: ma’rifatli Yevropa Islom dunyosining astronomlari mehnatidan qay tariqa foydalangan, 7men.uz

Ulug‘bek 1394-yilda tavallud topgan va Temuriylar imperiyasining asoschisi Temurlangning nabirasi bo‘lgan. XIV-asrda Temurlang Markaziy Osiyoning katta qismini zabt etdi, hududni yagona islom hukmdorligi ostiga birlashtirishga harakat qilgan. Bolaligida Ulug‘bek harbiy yurishlarda bobosiga hamrohlik qilgan va aynan o‘sha vaqtlarda astronomiyaga qiziqib qolgan. Shunday yurishlardan biri ketayotgan paytda u XIII asrda barpo etilgan mashhur Marag‘a rasadxonasi xarobalariga borgan (hozirgi Eron shimoli-g‘arbida joylashgan Marag‘a yoki Marog‘a shahridan).

Uning ulkan kvadranti (osmon yoritkichlarining balandlik o‘lchash uchun qo‘llaniladigan yana bir astronomik vosita) dan ilhomlangan Ulug‘bek Samarqandda ham xuddi shunday rasadxona qurishga qaror qiladi. Ulug‘bek uchun astronomik rasadxona ilmiy tadqiqotlar hamda diniy xizmatlar uchun teng darajali maskan edi. Islom dunyosida ilm-fan va e’tiqod hamisha yonma yon bergan. Islom dunyosida boshqa dinlardan ko‘ra ko‘proq aniq astronomik (besh mahal namoz vaqtini hisoblashdan boshlab Ramazon oyining boshi va oxirini aniqlashgacha) tayanadi.

Ilm-fan sarchashmasida: ma’rifatli Yevropa Islom dunyosining astronomlari mehnatidan qay tariqa foydalangan, 7men.uz

Ivan Bilibin. Al-Azxar masjidi hovlisi va universitet majmuasi, Qohira


Samarqand rasadxonasini qurib, Ulug‘bek o‘z diniy burchi deb bilgan ishni ado etdi. U Muhammad payg‘ambarning so‘zlarini keltirib, ilmga intilish har bir asl musulmonning burchidir, degan edi. Ilm-fanga, asosan, astronomiyaga homiylik qilish asl ildizi O‘rta asrlarga borib taqaladigan musulmon hukmdorlarining qadimiy an’anasi edi.

IX-asrda Bag‘dodda Abbosiylar xalifaligi hukmdori Hikmatlar uyiga yoki “Bayt al-hikma”ga asos soldi. Bu islom akademiyasi matematika va kimyo kabi turli fan sohalariga muhim hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk mutafakkirlarni to‘plagan. Bag‘dodda algebra yaratildi va optika qonunlari kashf etildi. Bugungi kunda qo‘llanilayotgan ko‘plab ilmiy terminlar (alkimyo, algoritm va b.) arab tilidan kelib chiqqan yoki musulmon olimlari nomi bilan atalgan. Ilm-fan tarixchilari X asrdan XIV asrgacha bo‘lgan davrni ilm-fanning oltin asri deb atashlari bejizga emas.

Ilm-fan sarchashmasida: ma’rifatli Yevropa Islom dunyosining astronomlari mehnatidan qay tariqa foydalangan, 7men.uz

Islomning oltin asri konsepsiyasi bilan bir jiddiy muammo mavjud. U islom ilm-fani – islom sivilizatsiyasi bilan birgalikda O‘rta asrlarning oxirida tanazzulga yuz tutdi, degan noto‘g‘ri tasavvurga asoslanadi. Bu tasavvur musulmon olamini XV va XVII-asrlar oralig‘ida yuz bergan ilm-fan inqilobini  istisno qiladi.

Shunday bo‘lsa-da islomning oltin davri konsepsiyasi Yaqin Sharqqa Yevropa ekspansiyalarini oqlash uchun XIX-asrda o‘ylab topilgan. Keyinroq, sovuq urush davrida uni G‘arbiy Yevropa va AQShning ilm-fan tarixchilari hamda psotkolonial natsionalistlar davom ettirishgan: ular Islom ilm-fani yutuqlari uzoq o‘tmish qoldiqlari ekanligini isbotlashga urinishdi.

Darhaqiqat, islom olimlari aynan O‘rta asrlarda ilm-fan rivojida muhim rol o‘ynagan bo‘lsalar-da, ular XIV asrda birdaniga qirilib ketmagan. Ulug‘bek va uning rasadxonasi – bunga muhim eslatma. Ulug‘bek o‘zidan bir necha asr avval musulmon hukmdorlarining oldingi avlodlari tomonidan asos solingan ilm-fanga homiylik an’anasini davom ettirdi va uni ko‘pincha islom ilm-fani bilan bog‘liq bo‘lgan islomning oltin asridan ancha uzoqqa olib o‘tdi.

Shunchaki homiylik vazifasini bajargan aksariyat Sharq shohlari, amirlari va sultonlaridan farqli o‘laroq, Ulug‘bekning o‘zi ham ajoyib matematik va astronom bo‘lgan. O‘sha davrlardagi hujjatlarda u “rasadxona sohibi” sifatida keltiriladi: arabcha so‘z bo‘lmish “sohib” ikki xil ma’noga ega – “rahbar” va “safdosh”, binobarin, Samarqand hukmdori astronomik ishlar dasturiga rahbarligida faol rol o‘ynagan. Ulug‘bek ko‘rsatmalaruga binoan, Quyosh va Oyni har kuni, Merkuriyni – har besh kunda, boshqa sayyoralarni – har o‘n kunda kuzatish lozim bo‘lgan.

Bizga yana shunisi ma’lumki, Ulug‘bek o‘tmishdagi astronomlarning asarlarini ham sinchkovlik bilan o‘rgangan: Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan o‘rta asr arab yulduzlar jadvalining namunasi bizgacha yetib kelgan. Hoshiyasida forscha qaydlar bitilgan harakatsiz yulduzlar kitobi. Zamondoshlari uning matematik qobiliyatlarini ham yuqori baholashgan. Bir astronom, Ulug‘bek “otda sayr qilib yurgan vaqtda Quyoshning joylashuv uzunligini ikki burchak minut aniqlik bilan hisoblaganini”ligini ta’riflagan. Butun Markaziy Osiyo allomalari buyuk shoh va astronom homiyligida ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun Samarqandga ko‘chib kelishardi.

Ali al-Qushchi – shu tafakkur xazinasining javohirlaridan biri edi. U 1403-yilda Samarqandda mirishkor Ulug‘bek oilasida tug‘ilib, saroyda qulay shart-sharoitda ulg‘aygan va Samarqand hukmdorlaridan biri tomonidan asos solingan o‘quv muassasalaridan biriga qabul qilingan. Sinchkov aqlga ega yigitcha astronomik kuzatuvlar va bir qancha matematik hisob-kitoblar uchun klassik asbob – usturlob bilan ishlashni yaxshi o‘zlashtirgan, shuningdek sayyoralar harakati qonuniyatlariga bag‘ishlangan bir qator forscha qo‘lyozmalarni o‘rgangan.

Ko‘p o‘tmay Ali Qushchi olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llashga qaror qildi. U sahroni kesib o‘tib, Ummon qo‘ltig‘igacha yetib bordi va u yerda Oyning suvning ko‘tarilishi va pasayishiga bog‘liqligini tadqiq qildi. Ekspeditsiyasi natijalariga tayangan holda u o‘zining ilk ilmiy ishi– Oy fazalariga bag‘ishlangan qisqa qo‘lyozmani yozgan. O‘sha vaqtlarda Oy harakatini oldindan aytib berishning aniq yo‘lini kashf qilgan har qanday astronom hukmdorlarning iltifotiga umid qilishi mumkin edi – xususan, chunki Islomda oy fazalari almashinuviga asoslangan oy kalendaridan foydalaniladi.

Ali Qushchining amalga oshirgan ishlari haqida xabar topgan Ulug‘bek bundan mutaassir bo‘lgan va uning rasadxonadagi ishlariga qo‘shilishi uchun Samarqandga qaytishni taklif qiladi. Ali Qushchi bunga rozi bo‘ladi va astronomiya tarixidagi eng atoqli va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan asarlardan biri – “Ziji Ko‘ragoniy”, shuningdek “Ulug‘bek ziji” (taxm. 1437-yil) nomi bilan ham mashhur bo‘lgan asarning tayyorlanishiga muhim hissa qo‘shadi. Fors tilida yozilgan “Ulug‘bek ziji” eng aniq astronomik o‘lchashlar katalogini o‘zida aks ettirgan (ularning aniqligi va to‘liqligi keyingi 150 yil davomida eng mukammal bo‘lib qoldi). Ishning salmoqli qismi Ali Qushchi tomonidan bajarilgan. Ulug‘bek rasadxona markazidagi zinapoyadan yuqoriga va pastga yugurib, Faxriy sekstantining yulduz va sayyoralar harakatini kuzatib, astronomik kuzatishlarda shaxsan ishtirok etgan.

Natijasi 15 yillik har kungi kuzatuvlar mevasi bo‘lmish yakuniy katalog 1018ta yulduz va beshta mashhur sayyora (Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn)larning orbitalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, “Ulug‘bek ziji”da Samarqand astronomlari tomonidan hisoblab chiqilgan quyosh yilining uzunligi – yillik taqvimni tuzish uchun asosiy kattalik: 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa va 8 soniya keltirilgan. Bu hozirgi astronomlar tomonidan 500 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach aniqlangan qiymatdan atigi 25 sekundga farq qiladi.

Ilm-fan sarchashmasida: ma’rifatli Yevropa Islom dunyosining astronomlari mehnatidan qay tariqa foydalangan, 7men.uz

Agar uning bobosi Temurlang islom dunyosini istilo bilan birlashtirgan bo‘lsa, Ulug‘bek buni ilm-fan bilan amalga oshirdi. Uning astronomik jadvallari butun Temuriylar imperiyasining musulmonlarning kundalik hayotini belgilab bergan. Bag‘doddan Buxorogacha hamma joyda Ulug‘bek jadvaliga qarab ibodat va muhim diniy tadbirlar vaqti hisoblangan. Ular astronomlarga ham Makka tomon aniq yo‘nalishni ko‘rsatishga yordam bergan – bu musulmoncha urf-odatlarini ado etishning eng muhim jihatlaridan biri sanaladi.

Ulug‘bek astronomiya vositasida diniy va siyosiy birlikka erishish maqsadida Markaziy Osiyoning barcha xalqlarini qamrab olishga umid bog‘lagan. Tez orada “Ulug‘bek ziji” butun Temuriylar imperiyasining chegaralariga – Sharq va G‘arbga Ipak yo‘li bo‘ylab tarqaladi. Misrda Mamluk sultoni jadvallardan ro ‘yxat tuzishni amr etadi. Keyin mahalliy astronomlar mazkur asarni fors tilidan arab tiliga o‘girishgan va Qohiraga nisbatan ko‘plab koordinatalarni qayta hisoblab chiqishadi. Keyinchalik Ulug‘bek jadvallari Konstantinopol va Dehligacha yetib borgan va butun islom dunyosi bo‘ylab diniy amaliyotni shu tariqa standartlashtirishga xizmat qilgan.

Ulug‘bekning o‘limi Samarqand astronomiya maktabiga nuqta qo‘ydi, biroq osmon qanday tuzilganligi haqidagi tasavvurlarning muhim transformatsiyasi boshlanish bo‘sag‘asida edi. Ilm-fan inqilobi global madaniy almashinuv mahsuli sifatida rivoj topdi. XVI asrning o‘rtalaridaan XVIII asr boshigacha Yevropa, Osiyo va Afrika o‘rtasidagi aloqalar astronomiya va matematika rivojlanishiga xizmat qilgan. Bu davr diniy va savdo aloqalarining sezilarli darajada kengayishi, shuningdek, madaniy o‘zaro aloqalarning kuchayishi bilan ajralib turdi, bu esa turli odamlar va xalqlarning keng ko‘lamli yangi ilmiy g‘oyalar bilan tanishishiga olib keldi. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab yurgan karvonlar va Hind okeanini kesib o‘tgan missionerlar uylariga arab qo‘lyozmalari, Xitoy yulduzli osmon kataloglari va hind astronomik jadvallari nusxalari bilan qaytishgan.

Taxminan Ulug‘bek o‘z rasadxonasini qurgan ayni o‘sha vaqtlarda Yevropa Uyg‘onish davriga qadam qo‘ydi. Bu davr fan va san’atda XV asrdan to XVII asrgacha davom etgan shiddatli taraqqiyot davri edi (bu Uyg‘onish davrini muallif tomonidan davrlashtirishdir; ko‘pincha uning sanasi XIV-XVI asrlarga to‘g‘ri keladi. — Tahr. izohi). Renessans davrida (yoki so‘zma so‘z – Uyg‘onish) yevropa mutafakkirlari va olimlari qadimgi yunon va qadimgi Rim mualliflarini yangicha talqin qila boshladilar. Nikolay Kopernik (u birinchi bo‘lib Quyoshning koinot markazida joylashganini taxmin qilgan) singari mashhur astronomlar, oxir-oqibatda qadimgilarning hikmatini rad etib, sayyoralar harakatining radikal yangi nazariyalarini taklif qildilar.

Aynan mana shu talqin ilm-fanning an’anaviy tarixi negizida yotadi. Yevropadagi ilm-fan inqilobini dunyoning boshqa burchaklarida sodir bo‘lgan voqealardan ayro holda tushuntirib bo‘lmaydi. Kopernik Yevropaga Samarqand va Konstantinopoldan olib kelingan arab va fors qo‘lyozmalaridan olingan g‘oyalarga tayangan. Shu bilan birga, Xitoy, Hindiston va Afrika astronomlari o‘z g‘oyalarini Yevropa va islom dunyosidan kelgan g‘oyalar bilan birlashtirganlar. Yevropa, Afrika va Osiyo olimlarining asarlarida hayratlanarli o‘xshashlikni ko‘rish mumkin: yangilikning eskilik bilan qo‘shilishi, shuningdek, madaniyatlarning bir-biriga o‘zaro singishi. Bu Rimdan Pekingacha bo‘lgan dunyoviy Uyg‘onish davri edi. G‘oyalar okeanlar va Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilgan, Yevropa, Osiyo va Afrika imperiyalari esa fanning jiddiy o‘zgarishiga guvoh bo‘ldi.

Ilmiy inqilob davridagi astronomiya va matematika tarixini tushunish uchun biz yevropalik mutafakkir Kopernik haqidagi an’anaviy hikoyadan emas, balki g‘oyalari yevropaliklarga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan islom olami allomalari haqidagi hikoyadan boshlashimiz kerak.