Skip to main content

Shokir Shukurbayev, yoki Shokir, yoki Millymallymoe — Saber Publisher tahririyatiga har doim tashrif buyuradigan  yorqin talantli va dilkash qahramonlarimizdan biridir. Suhbatdoshimiz portfoliosini shakllantiradigan bo‘lsak, uning eng qisqa talqini quyidagicha bo‘ladi: musiqachi, prodyuser, suxandon, shoumen, murabbiy. Bir so‘z bilan aytganda, iste’dodli inson. Shunday bo‘lsa-da, biz Shokirning asosiy kasbiga — oddiy toshkentlik bolani artistga aylantirgan, Youtube tarmog‘ida million martalab ko‘riladigan, o‘n minglab odamlarni bir zalga to‘plab, birgalikda jo‘r bo‘lib kuylaydigan  musiqaga e’tibor qaratamiz. Bu shunchaki chiroyli obraz emasligini biz intervyudan bir kun avval, Shokir xedlayner sifatida ishtirok etgan, 1-dekabr kuni Humo Arena sahnasida o‘tkazilgan xip-xop festivaliga tashrif buyurgan holda, bunga shaxsan iqror bo‘ldik.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

Shokir Shukurboyev

Shokirning aytishicha, bunday ko‘lamdagi tomoshadan keyin dofaminga ehtiyoj bo‘lishi muqarrar — konsertda bo‘g‘ilgunicha kuylab, holdan toygunicha bor kuchini sarflagan har bir artist bunga to‘qnash keladi. Biroq, Shokir qolgan iqtidorlaridan tashqari,  yaxshigina psixolog ham bo‘lsa kerak: u go‘yoki kecha hech narsa bo‘lmagandek, mening savollarimga ikki soatdan ortiq vaqt davomida qushday yengil qiyofada, ko‘tarinki kayfiyatda, o‘ziga ishongan holda javob berishni uddaladi. Vaholanki, intervyudan keyin u fotosuratga tushish uchun yo‘l oldi va jarayondagi tanaffuslar chog‘ida qo‘ng‘iroqlarga xushmuomalalik bilan javob qaratib, kamera oldida o‘zini suvdagi baliq kabi his qilgan holda, imkon qadar musiqa sadolari ostida raqsga tushishga ham ulgurdi.

Bularning barchasi birgina Shokirda mujassam. Hozir siz o‘qib chiqadigan katta va ochiqchasiga gapirgan intervyusida uning avval boshqalar ko‘rmagan jihatlarini kashf etishga muvaffaq bo‘ldim.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ Shokir, xayrli kun! Bu jurnalimizning yangi yil arafasidagi soni, shu bois eng birinchi va mantiqiy savolim quyidagicha: 2024-yil yakunlarini sarhisob qilsangiz, uni o‘zingiz uchun qanday holatda eslab qolasiz?

Bir yilda 10 karra o‘sish! Avvallari hammasi ta’lim olishga, tajriba orttirishga, amaliyot va sinovlarga sarflanardi. Ammo 2024-yil yanvar oyidanoq o‘z kuchimizni yaxshi anglaganimiz sabab maksimal darajada unumdor bo‘ldi, bu yil hamma rejalarni bir yerga jamladi: loyihalar, shartnomalar, konsertlar, tadbirlar, yangi chiqib kelayotgan artistlarga prodyuserlik qilish. Musiqa doim menga hamroh bo‘lgan, lekin avvallari u goh birinchi, goh ikkinchi o‘rinni egallardi, chunki boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelardi — moliyaviy tomonim izga tushib ketmayotgan edi. Aniqrog‘i, men deyarli uch yildan beri nikneymni o‘zgartirish ustida ishlab kelaman. Ko‘pchilik nomimni hech to‘g‘ri ayta olmagan — meni har ne deb atashardi, faqat Millymallymoe deb emas. Shunda o‘ylab qoldim: taxallusimni  Shokir deb o‘zgartirsam, nima qiladi?! Shuningdek, men o‘ta unumli ishlayman, artist esa qobiliyatini xiralashtirishi mumkin emas. Sen haddan tashqari ko‘p ishlamasliging kerakdir —  men esa bunday qilolmayman. Men doim ko‘p narsaga ulguraman!

■ … va Shokir kuni kecha Humo Arena sahnasida 20 ming odamni junbushga keltirdi!

Bu haqiqiy muvaffaqiyat edi! Mening g‘ayratimni toshirgan katta xip-xop festival. Men omma oldiga chiqdim va ular hech bir so‘z, hech bir harfni tushirib qoldirmay men bilan baravar kuylashdi — muxlislarim barcha qo‘shiqlarimni yoddan bilishadi! Qo‘shig‘ingga 20 ming odam jo‘r bo‘lgan vaqtdagi hisni tasvirlab berish qiyin. Bundan tashqari, qo‘shiqlarimni jonli ijro etdim.

■ Hayajon bo‘ldimi? 

Sahnaga chiqish oldidan hech narsani o‘ylamayman desam, mubolag‘a bo‘ladi. Biroq, hayajon aniq yo‘q edi. Mening ixtisosliklarimdan biri — notiqlik mahorati bo‘yicha kouch, ya’ni hayajon bilan qanday ishlashni bilaman hamda odamlardagi sahnaga chiqish qo‘rquvini yengishga yordam beraman.

Hayajon — bu tanlov. Sahnaga chiqishdan avval har qanday odamda ba’zi gormonlar miqdori ko‘tarilishi uchraydi, bir xil miqdordagi kortizol, noradrenalin oladi, so‘ngra esa miya “Hozir sahnaga chiqasan — hayajonlan” degan buyruqni oladi. Bu genetika darajasidagi holat. Bunda hal qiluvchi omil — oldindan kutishdir. Har doim ikkita yo‘l mavjud. Odatda biz yomonini kutamiz: “Voy, qoqilaman. Hushimdan ketaman. Mazam qochadi. So‘zlarni unutaman”. Biroq, bunga boshqa tomondan ham qarash mumkin: “Hozir chiqib, zo‘r ijro etaman! Hamma menga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytadi!”.

■ Xuddi Humo Arenada bo‘lganidek!

Men kechagi konsert vaqtida yer tebranayotgandek tuyulgani uchun bir zum to‘xtab qoldim. Aslida esa odamlar sakrayotgan ekan! Juda harakatchanman — sahnaga chiqib, hammasini qoyillatishni, sakrashni, yugurishni, raqs tushib, zavqlanishni yaxshi ko‘raman. Hech to‘xtay olmayman. Ichingda “hozir chiqib, hammasini maromiga yetkazaman” degan kutish bo‘lsa, hayajon ijobiy tomonga ishlaydi. Yanada yuqoriroq sakraysan, balandroq, aniqroq kuylaysan va to‘g‘ri fokusni saqlaysan, mehmonlarning har biriga e’tibor qaratasan, odamlar sening energiyangdan bahramand bo‘la olishlari uchun shu muhitni  ushlab turasan. Buning evaziga odamlardan ham shuncha miqdorda quvvat olaman.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ O‘tayotgan yil haqida gaplashdik. Kelgusi yilda oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?

Meni ikkita yirik loyiha kutmoqda. Ularning birini nazariyada tekshirib ko‘rdim, ikkinchisini tekshirish jarayonidaman. Ularni amalga oshirish uchun menga bir milliard so‘m kerak. 2025-yilda shu mablag‘ni izlash bilan band bo‘laman! (kuladi – tah. izohi)

■ Bu haqida yozishimiz mumkinmi?

Mumkin emas, shart! Mening loyihalarimga haqiqatdan homiy kerak. Albatta, o‘zim uchun ham ardoqli. Lekin menga ko‘p narsa kerak emas, chunki yetuklikka erishib bo‘ldim, ammo rivojlanishda davom etishni rejalashtirganman — o‘zimga “stop” degan holda, shunchaki bekorchilikni istamayman. O‘zim va artistlarni rivojlantirishni xohlayman. Hozirda 100 foiz ishonchim komil bo‘lgan ikkita ijrochi bor. Ularni ham ijodiy, ham shaxsiy nuqtayi nazardan ilgari surishni maqsad qilganman. Ular o‘zlari haqida nafaqat qo‘shiqlarida, balki har bir monologida, auditoriya bilan muloqotlarida so‘zlashlarini istayman.

■ O‘zbekistonda artistni ommaga tanitish qiyinmi

O‘zbekistonda umuman olganda artistlar kam, borlari esa — super professionallar. Ular yangi artistlar rivojlanishiga yo‘l bermaydi, ularning darajasi juda yuqori — oshib o‘tish qiyin. Bunda ularning aybi yo‘q, muammo yaxshi artistlar ko‘pincha yoshlarga yordam qo‘lini cho‘zmasligi bilan bog‘liq. Menda esa aksincha: o‘z tajribamdan kelib chiqib, kim nimaga erisha olishini tushunaman. O‘zim ishonch bildirgan yosh artistlarni ortimdan yetaklayman. Bunday murabbiylik muhim, chunki noto‘g‘ri yo‘ldan ketib qolish juda oson: ijodini endi boshlayotgan aksariyat yoshlar qo‘shtirnoq ichidagi urfbop repdan ko‘chirishga harakat qilib, qizlar, alkogol, tamaki va boshqalar haqida kuylaydi. Bu dahshat! Bunday ijrochilar boshlanmasidan burun o‘z ijodini tugatishga qadam tashlaydilar — O‘zbekistonda bunaqa chirkin mavzular  ildiz otmaydi. Mening vazifam, salohiyatini ko‘rgan odamimni to‘g‘ri tomonga yo‘naltirishdan iborat. Bundan, birinchi navbatda, u musiqachi va shaxs sifatida yutadi.

■ Siz bunday artistlar uchun yo‘lboshchi bo‘lishga intilasizmi?

Men superqahramon bo‘lishga havasmand emasman, ammo o‘sib kelayotgan o‘g‘lim uchun o‘rnak bo‘lishni xohlayman. Chekmayman, ichmayman, sport bilan shug‘ullanaman, har kuni yuguraman, ish jadvalim qiyin bo‘lishiga qaramay, oilamga vaqt ajratishga harakat qilaman. Baxtimga, oilam meni tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir unumdorlik cho‘qqisiga chiqqanimda, hali quvvatim borligida, hali hammasi o‘z qo‘limda ekanligida,  faqat oldinga yuraman. Dam olish va xotirjamlikka o‘rin yo‘q — bularni kelajakka qoldiraman.

■ Siz 11 yoshda she’rlar yoza boshlaganingiz, 14 yoshda esa garnitura sotib olib, treklar yozganingiz haqida hikoya qilgan intervyuni o‘qigandim. Bolaligingiz va ijodiy rivojlanish davringiz haqida so‘zlab bersangiz.

Yodimda, bir kuni parkur bilan shug‘ullanayotganimda asfaltga qattiq yiqilganman — chalqancha tushganda darhol o‘rningdan tura olmaysan. Kimdir o‘yin kataklarini chizib, bo‘rni men yotgan yer yaqinida qoldirib ketgan ekan. Xuddi kino sahnasiga o‘xshardi: o‘sha onda bo‘r shundoq qo‘limda edi. Bo‘r bilan asfaltga shunday deb yozganman: “Parkur bilan shug‘ullanaman, ahmoqona sakradim”. Hammasi shundan boshlangan. Maktabda she’rlar yozardim, romantika boshlangan, sinfdosh qizlarga bag‘ishlab she’rlar to‘qirdim. Ilk qo‘shiqlarimning aksariyati muhabbat haqida. Ehtimol, shu tariqa jiddiy haqiqatdan qochgan bo‘lsam kerak.

“Qiyinchilik” so‘zi menga yaxshi tanish. Otam qurilish sohasida ishlardi, yaxshi pul topardi, shinam xonadondayashardik. Lekin bir noxush vaziyat yuz berib, otam biznesidan ayrildi, biz boshqa, nisbatan obro‘si past tumanga ko‘chishga majbur bo‘lganmiz,  boshqa maktabga o‘tganman. Nufuzli oiladan deyarli nochor oilaga aylandik. Men esa hayotning boshqa tomonini — ko‘chani ko‘rdim: mushtlashuvlar, gop-stoplar, kattalar, kichiklar va hokazo. Ko‘pincha o‘zimni himoya qilishimga to‘g‘ri kelardi, ba’zida esa noto‘g‘ri ishlar qilganman. Ko‘p yomon ishlarning guvohi bo‘lganman. So‘ngra vaziyat o‘zgardi va shaharda tartib o‘rnatildi. Hozir hamma yerda namunali odob-axloq kuzatiladi, hamma o‘zini to‘g‘ri tutadi, bizning avlodga nisbatan hozirgi yoshlarga osonroq.

■ Bugun Shokir  O‘zbekistonda va Rossiyada to‘la-to‘kis katta san‘atkor. Musiqa ushalmas orzu emas, balki hayotingiz ishiga aylanganligini qachon angladingiz?

Bunday anglash bo‘lmagan. Doim boshqacha bo‘lishi mumkin emas, degan to‘laqonli ishonch bo‘lgan. Yo‘nalishni ko‘rardim va o‘zimga: “Yugurdik!” derdim. Albatta, bosib o‘tgan yo‘lim davomida yonimda men quloq tutgan va tutib kelayotgan odamlar; meni ilhomlantirgan ijodim bo‘lgan. Ingliz tilini juda yaxshi ko‘raman va megamusiqiy deb bilaman. Aniqrog‘i, o‘z vaqtida amerikacha va britaniyacha xip-xop sahnalar, graymerlar, drillerlari menga katta ta’sir o‘tkazgan. Erta Oxxxymironning ham ta’siri bo‘lgan.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ Ijod yo‘lingizda raqamlashtirish rolini baholang. Instagram, Youtube, Spotify va Telegram ijod va ommaboplikka qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatdi? Siz bu vositalar bo‘lmagan yillarda ijodingizni qanday ommalashtirgansiz?

Mening bir oyda 8 mln marta ko‘rilgan Youtube loyiham bor. Uni men qattiq faxrlanadigan o‘quvchim tayyorlaydi. U bilan birga bu ko‘rishlar soni bizga qancha pul keltirishini hisoblab chiqdik. Bilasizmi nima? Nihoyatda kam pul ekan!

Manashu yil davomida sakkizta trekimni joyladik — hech kimda buncha raqam yo‘q. Men hamma ishlarimni joylashtirmayman, vaholanki yil davomida 200 dan ortiq trek yozganman. Juda ko‘p ish qilaman, ammo planformalar arzimagan pul olib keladi.

■ Men monitizasiyalash muammolari faqat Rossiyada mavjud deb o‘ylagandim.

Katta platformalarda pul topish uchun yana besh yilcha vaqt kerak. Hech bo‘lmaganda hisob boshlangani quvontiradi. Biroq, masalan, yilning asosiy xiti — Tosh bu yil juda ko‘p ko‘rishlar soniga ega bo‘ldi, ammo buning evaziga hech narsa sotoib olmadim. Trek boshqa mintaqada shu qadar ommalashganida artistlar kvartira, mashina va boshqa qimmatbaho narsalarni sotib olishardi.

■ Aytgandek, nima uchun bu qo‘shiqqa haligacha klip yo‘q?

Klip albatta bo‘ladi, ammo keyinroq. Uni suratga olish bo‘yicha ilk urinishlar qator sabablarga ko‘ra omadsizlikka uchradi: uchta homiy bilan bu ishni to‘g‘ri tashkil qilolmadik, vaqt boy berildi, men butun mamlakat bo‘ylab konsertlarda band bo‘ldim, oxir-oqibat, “O‘zi shu kerakmi?” degan ikkilanishlar paydo bo‘ldi. Bugun ishonchim komil: kerak.

Biz suratga olish ishlariga Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Negalini aytib beraman. Uning Jahongir Latipov bilan intervyusi yozilganida menga qo‘ng‘iroq qilib, “Sening qo‘shig‘ining qahramonimizga juda mos keladi” deyishdi. O‘shanda qahramon kim ekanligi haqida o‘ylanib qolgandim. Efirga chiqqan videoni ko‘rganimda hamda video ketma-ketlik oxirida Tosh qo‘shig‘ini eshitganimda ko‘zlarim va quloqlarimga ishongim kelmadi — bu sobiq hokimimiz tomonidan aytilgan so‘zlarning aniq tarjimasi edi. Uning mini-film shaklida suratga olinadigan klipda ishtirok etishini istayman. Bunday suratga olishni tashkil qilish uchun homiy mablag‘lari kerak.

Ijodingiz bilan tanishganimda kuy juda zamonaviy, lirika esa o‘zbek tili ohangiga chiroyli urg‘u berayotgandek ko‘rindi. Ovoz va nutq o‘rtasida ishni qanday tashkil qilasiz? O‘zi shunday hosil bo‘ladimi yoki xip-xopga ataylab o‘zbekchada qayta yondashib, tinglovchiga yangi narsani taklif qilasizmi?

Esingizdami, bolalikda biz ik-port orqali telefondan telefonga qo‘shiq uzatardik? O‘sha vaqtdayoq men mahalliy artistlarni, ingliz tilida kuylovchi xonandalarni tinglar edim, “50 Cent” va boshqalarning kliplari yozilgan DVD-disklarni topardim. Ingliz tilini ham ixtisoslashgan o‘quv dargohida emas, balki kliplar orqali o‘rganganman. Uyga kelib, qo‘shiq qo‘yardim — harakatlar, ovoz, mimikani takrorlardim. Ya’ni, men bularni qulay vaqt kelgunicha qayta shakllantirib, arxivlashtirganman.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ Eminem borasida nima deya olasiz?

Men uchun u ko‘proq raqib kabi. Uning muxlisi emasman, ammo xeyter ham emasman. Shunchaki uning ijodi qiziqarli tuyulmaydi, chunki biz bir to‘lqindamiz, menga go‘yoki o‘zimga chetdan qarayotgandek tuyuladi. O‘zimdan mamnunman, menga ishim  yoqadi, hammasi zo‘r, ammo boshqacha qiyofadagi o‘zimga qaray olmayman. To tirik, sog‘lom ekanman, uning barcha rekordlarini yangilashim kerak deb hisoblayman.

■ Xuddi chellenjdek eshitildi! Bir soniyada 4,5 ta so‘zdan iborat o‘zbekcha Rap God’ni eshitish qiziq bo‘lardi.

Siz hozir 2025-yilga mo‘ljallagan sirlarimdan birini ochib qo‘ydingiz — naq nishonga urdingiz! Men fast flow bilan sinov o‘tkazishni juda xohlayman. Doim flow qanchalik zo‘r bo‘lsa, tinglovchilar shunchalik ko‘p bo‘ladi deb o‘ylaganman. Ammo haqiqat boshqa: ijod qanchalik tushunarli bo‘lsa, u shunchalik o‘ziga jalb qiladi. Aksi emas. Yaqinda bularni birga olib borishning imkoni bor yoki yo‘qligi ustida o‘yladim. Hammasi murakkab bo‘lib ko‘rindi. Birinchi band o‘ta tushunarli bo‘lishi kerak, so‘ngra esa Rap God’ga aylantirish mumkin. Men ikki son yig‘imining kvadrati bo‘yicha so‘zlarni qanday “yoyish” mumkinligi haqida o‘yladim — mendan boshqa hech kim bunday qilmaydi.

Ritmika va ohang haqidagi savolga juda vaqtida qaytdik.

Aynan shu formula tufayli men qo‘shiq uchun yozish kerak bo‘lgan tezlik, so‘zlar sonidan iborat soniyalarni tekshiraman. Bu men foydalanadgan layfxak. Bundan buyog‘iga  hamma shunday qilishi mumkin, bemalol! (kuladi – tah. izohi). Behazil, o‘z vaqtida — 16–17 yoshlarimda menga bu juda katta yordam bergan, chunki janrga oid lirikani yozish va so‘zlarni to‘g‘ri “taxlash” borasida tushuncha bo‘lmagan. Men hattoki rep-maktabiga ham borganman, u yerda menga to‘g‘ri qofiyalashni o‘rgatishgan, ammo hammasi bekor edi. Bazaviy tushuncha paydo bo‘lgan, ammo bularning bari yuzaki edi. Taxminan o‘sha vaqtlarda onam o‘qishga kirishim uchun qo‘shimcha tahsil olishga berganlar. U yerda esa algebra va geometriyaga urg‘u berilardi. Aynan o‘sha maskanda matnlar qanday yozishni o‘zim uchun kashf qilganman. O‘sha vaqtdan “arxivdan chiqarish” boshlangan — amerikacha xip-xop sahnaning eng yaxshi namunalarini o‘zimga singdirgan holda, uslubni moslashtirishni va o‘zbekchada yozishni boshlaganman. Ilhomlanish jarayoni hech qachon tugamaydi: men doim o‘zim uchun yangi narsalarni ochaman, hozir, masalan, arabcha mashhur qo‘shiqlarga qiziqish uyg‘ongan. Tarjimasini topib, nima haqida kuylayotganini o‘rganaman va qiziqarli tomonlarini e’tiborga olaman. Biroq, G‘arb musiqasi doim asosiy ta’sirni ko‘rsatgan. Bunda, faqat xip-xopni tilga olish bilan cheklanmayman, balki djaz, xalqaro mumtoz musiqa (Chaykovskiy, Bax), men juda sevadigan Hans Zimmer kabi neo-klassika kabi yo‘nalishlarning muxlisiman. Qaysidir lahzada na o‘zim, na do‘stlarim yoki raqiblarimni — balki faqat mumtoz kuylarni tinglayotganimni tushundim. Juda kuchli qiziqish uyg‘ongan. Aslida kayfiyat ham musiqaga kuchli bog‘liq bo‘ladi, u menga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Agar men rok tinglayotgan bo‘lsam, demak, albatta nimadir sodir bo‘ladi, agar pop-musiqa bo‘lsa — demak, ajoyib kayfiyatdaman, qandaydir mungli ohang bo‘lsa — juda tushkun holatdaman. O‘zi nima uchun Shokir yoki Millymallymoe sifatida musiqa bilan shug‘ullanaman? Chunki, aks holda aqldan ozgan bo‘lardim. Musiqa — qalbda to‘plangan yoki chuqur o‘rin olgan hislar jamlanmasidir va bu quvvatni “oshkor qilish” zarur. Menda esa adog‘i yo‘q quvvat zaxirasi mavjud.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ U qayerdan paydo bo‘ladi?

Hamma buning uchun uxlash, sport bilan shug‘ullanish kerak deb o‘ylaydi. Bu yaxshi va to‘g‘ri, ammo asosiysi emas. Qalbingda hech narsa “buralib qolmasligi” muhim. Men o‘zimda hech narsani to‘plamayman – va bu yangi quvvatni to‘plashga yordam beradi. Agar bu jarayon uzilib qolsa — salom, g‘am-anduh! O‘zimni yo‘q qilish funksiyasi yoqiladi. Men u yerda bo‘lganman va buning qanday bo‘lishini bilaman. 25 yoshimda ruhiyatim “avtomatikadan” “mexanikaga” o‘tgan. Shunchaki ko‘p narsa to‘planib qolgan. Men har doim ham shunday yaxshi, ko‘rkam yigit bo‘lmaganman. Biroq bu holatni yengib o‘tdim va bugungi kunda “Qanday dam olasan?” degan savolga “Ortiqcha zo‘riqmayman” deb javob qaytaraman.

■ Quvnoq yoki tushkun kayfiyatda va qandaydir muhim qarorni qabul qilish kerak bo‘lgan vaqtda tinglash zarur bo‘lgan Shokirning bironta qo‘shig‘ini aytsangiz?

Quvnoq kayfiyatda, bu, albatta, “Tutun”, “To‘la bak”. Qaror qabul qilish kerak bo‘lganida, bu, aniq “Arslon”. Iching to‘lib ketganini tushunganingda — bu “Kema”. Va albatta, “Yomon”  bu qo‘shiq Shokirni Shokirga aylantirgan. U o‘zbek tilida birinchi bo‘lib ommalashgan. Xuddi shunday “Chumoli” ham — bu umuman birinchi raqamli trek. Men bu asarda ishtirok etgani uchun Konstadan g‘oyatda minnatdorman. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat og‘riqlarini bandlar yordamida ochib bergan.

■ Sizning tinglovchingiz qiyofasini chizadigan bo‘lsak, u qanday bo‘ladi?

Yaxshi savol, buni o‘ylab ko‘rish kerak. Axir bu mutlaqo turli yosh va tarjimai holga ega odamlar. Lekin umumiy aytadigan bo‘lsak — mening tinglovchim, chamamda, zararli odatlarsiz, atrofida to‘g‘ri insonlarni to‘plagan, ravon hayotiy yo‘nalishdan ketayotgan va yaxshilik qiluvchi odam bo‘lsa kerak. Avvalo, bu juda harakatchan odam. Men birga suratga tushishga yoki qo‘l berishga kelgan ijodimning har bir muxlisida bu quvvatni juda yaxshi his qilaman. Ular juda o‘ziga tortuvchi odamlar!

■ Hozir qaysi zamonaviy g‘arbiy yoki boshqa hudud artistlarini tinglaysiz?

Saqlanganlardan qarab ko‘raylikchi (smartfonini oladi – tah. izohi). Aqualina guruhi va Hans Zimmer — birinchi o‘rinda. Ular ajoyib.

Musiqadan foydalanish kerak, u hayotga ta’sir o‘tkazadi. Bu xuddi nonushta, tushlik va kechki taomga nima yeyish kerakligini bilishga o‘xshaydi. Uyqudan avval rok tinglash kerak emas — men shunday qilib ko‘rganman, uyqum qochib ketgan. Bo‘rilar uvillagan,  momaqaldiroq gumburlagan ovoz ostida esa qotib uxlayman.

Grand Blanc — o‘zchaga bir olam. Don Toliver, JVKE — aniq mening topimda. Anne-Sophie Versnaeyen, bastakor, fransiyalik xonanda Zaz. Uzoq sanashim mumkin.

■ Musiqa bilan shug‘ullanishga ilhom bergan TOP-3 ta artist.

Frenk Sinatra. U hayotimga shamoldek kirib kelgan — men hamma qo‘shiqlarni tinglaganman. Afsuski, davr boshqa — uning konsertiga bora olmaymiz. Uning ortidan djaz, blyuzga qiziqib qolganman. Rey Charlzni ko‘p tinglaganman. Bolaligimda Vladimir Visotskiyni tinglashni yaxshi ko‘rardim — u ham juda katta mahorat ustasi.

■ Bir oyda yuztagacha trek yozishingiz mumkinligini aytgansiz. Buni qanday uddalaysiz?

Hozir bir oyda yuzta trek yozishga qo‘l urmasam kerak. Bundan ma’no yo‘q. Bitta yaxshi trekni chiqarish uchun  uch oy vaqt kerak. Umuman olganda rekordim — 26 soatda 13 ta trek. Bu rekordni do‘stim Ruslan bilan birga o‘rnatganmiz. Eng qizig‘i, bu treklardan biri ommalashib ketgan. O‘shanda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini tushunib yetganman. Men uchun musiqa yoqishi muhim, qolgani esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.

Panchlar sonini taxlashga, qandaydir ma’noli bandni olib, uni musiqa topilgunicha qulay vaqtga saqlab qo‘yishga harakat qilganman. Shuningdek, hech qachon buning uddasidan chiqa olmaganman. Tanaffuslar, oraliqlar bilan yaratilgan musiqa kuchini, matn esa o‘z ruhiyatini yo‘qotadi. Shu bois, men oylar davomida amalga oshiriladigan loyihalarga ishonmayman. Afsuski, o‘z sohamda bunga to‘qnash kelaman. Menikiga mehmonlar keladi va biz bir oy davomida trek yozishimiz mumkin. U yerda bor kuchim bilan tarkibiy qism va qalbni saqlab qolishga intilaman. Shunga qaramay, hech kim bundan sug‘urtalanmagan.

■ Keling, unumdorlikning aks tomoniga ham nazar tashlaymiz. Mashhur odam bo‘lish qiyin  doimiy uchrashuvlar, qo‘ng‘iroqlar, yechimlar, parvozlar, tashkiliy ishlar. Bunaqada so‘nib qolish oson. Qay tariqa dam olasiz, Siz uchun mukammal hordiq nimadan iborat?

Men yanada ko‘proq ishni kutaman. So‘nib qolish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu holat kelganida, o‘ylaymanki, tayyor bo‘laman. So‘nib qolish charchoqni tushuntirish uchun o‘ylab topilgan. Ko‘pincha vaqtidan avval charchab qolgan ajoyib artistlarni ko‘raman. Ular hammasi yaxshi chiqayotganiga qaramay, aziyat chekadilar. Juda nonko‘r odamlar — qo‘lida borini qadrlay olmaydi. Ijodkor odam aqlidan foydalana olishi, quvvatini to‘g‘ri sarflashi, qandaydir chekka holatlarga tushmasligi nihoyatda noyobdir.

■ Yugurishdan tashqari yana qanday sportga qiziqasiz?

Suzishni juda yaxshi ko‘raman. Qandaydir jiddiy, masalan daryoni suzib o‘tish fikrim ham bor.

■ Mashina haydaysiz. Orzuingizdagi avtomobil bormi?

Tahoe RST! Bu mening eng sevimli mashinam. Hozir menda Chevrolet Tracker bor, u ham ajoyib. Jigulilar ham bo‘lgan…

■ Jiguli?!

Baqlajon rangidagi “Jigul” 99 bo‘lgan, tumanda haydab yurardim, maqtanardim. Matiz, Spark, Nexia 3, Cobalt, qora Gentra boshqarganman… Ammo boshqa hech qachon qora mashina olmayman. Doim oq mashinalarda yurganman.

■ Nimaga? 

Chamamda, menda qandaydir OKB (obsessiv-kompulsiv buzilish — tah. izohi) turi bo‘lsa kerak — mashinamda changni ko‘rsam, mazam qochadi. Lekin! Aynan qora Tahoe menga  yoqadi — ana shunaqa istisno (kuladi — tah. izohi)

Aytgandek, deyarli barcha mashinalarimda qo‘shiqlar, ovoz yozishim uchun mikrofonlar o‘rnatilgan. Har bir mashinam doim yaxshi qoplamaga ega bo‘lib, yozish uchun akustik jihatdan tayyorlangan. Hozir tinglashimiz mumkin bo‘lgan kuylarning katta qismi mashinada yozilgan. Mashina — audio yozish uchun ajoyib joy. Tahoeda albatta to‘laqonli studiyani o‘rnataman. Pardachani ochib, quyoshga boqaman va treklarimni yozaman.

■ O‘z intervyularingizda oila va do‘stlar Siz uchun qanchalik qadrli ekanligini aytgansiz. Ko‘pchilik uchun bu ta’sirli savol: birgalikda ishlagan holda, do‘stlikni saqlab qolish yoki rivojlantirish mumkinmi? Kelishmovchiliklar bo‘lmasligi uchun do‘stlar bilan ishlaganda nimalarga yo‘l qo‘ymaslik zarur?

Do‘sting kim ekanligini faqatgina ulg‘ayganingda tushunib yetasan. Ya’ni, odamlar faqat sening omading orqali sinovdan o‘tadi. G‘arazli fikrlar, baxillik, orqangdan gapirishlar va xunuk harakatlar tashqariga chiqadi — bunday odamlar mening hayotimdan tezlikda yo‘qoladi.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ Ya’ni, ish ishligicha, do‘stlik esa do‘stligicha qolgani ma’qulmi?

Albatta, mening eng yaxshi do‘stlarim — bu menga foydali bo‘lgan va men foyda keltira oladigan odamlar. Faqat shunday. Mening eng yaqin do‘stim — jiddiy tadbirkor, u istalgan narsadan mahsulot yarata oladi. Mening unga foydam artikulyatsiyada, o‘zini taqdim etishda yordam berishdan iborat. Ikkinchi eng yaqin do‘stim — stomatolog. Axir stomatologsiz yashash mumkinmi? Unga mening ko‘magim ham xuddi yuqorida aytganimdek — o‘z iqtidorini ilgari surishda yordam beraman. Hamma joyda o‘zaro manfaat. Ehtimol, noto‘g‘ri  eshitilar, ammo bu hayot haqiqati. Agar odam yordam berishga yoki quvonchingni bo‘lishishga tayyor bo‘lmasa, unda do‘stlikning nima keragi bor?

■ Oilada qanday?

Bunda ikkita ssenariy mavjud: yo sen super oilaparvar bo‘lib, qayerdadir aziyat chekasan. Yoki sen o‘ta unumlisan, ammo oilada kam bo‘lasan. Men qaysi yo‘nalishda ekanligimni yaxshi tushungan bo‘lsangiz kerak. Nargizaga ishimni tushungani uchun rahmat aytaman. O‘g‘lim meni kechirmaydi, uniyam tushunaman, ammo bu ishlar shunga arziydi. Men o‘zbek tilidagi qo‘shiq va musiqa butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. To tirik ekanman, biz TOP Billboard ro‘yxatidan o‘rin olishimiz va o‘z salohiyatimizni ko‘rsatishimiz uchun bor imkonimni ishga solaman. Sizningcha, shuncha trekni bekorchilik uchun yaratamanmi? Bu mening falsafam — o‘zbek musiqasini butun dunyo tinglashi kerak. Mening buvam polkovnik, onam tomondan hamma qarindoshlarimiz harbiylar. Vatanparvarlik ruhi menda bolalikdan mavjud. Boshqacha bo‘la olmayman.

■ O‘g‘lingiz ham xuddi sizga o‘xshab musiqachi bo‘lishini xohlaysizmi?

Yo‘q, yo‘q. U o‘z yo‘lini topa olishini juda xohlayman. Unga ta’sir o‘tkazishni xohlagan yagona narsam, bu sog‘lom turmush tarziga oid masalalar. Men hammasiga roziman — katta bo‘lganida istagan ishi bilan shug‘ullansin. Balet, xip-xop, rasm chizish, dizayn, ta’mirlash yoki qurilish. Faqat o‘zini hurmatli, to‘g‘ri va intizomli tutishni unutmasa bas. Hozir o‘g‘lim 3,5 yoshda. Uning ismi Mironshoh, qisqacha Miron. Hujjatida  ham Miron yozilgan. Juda qulay va oson. Miron nasroniy dinida — iforli moy, musulmonlarda esa — qirol degani. Bu ismni xolam o‘ylab topganlar. Katta bo‘lib pasport olganida baribir to‘laqonli ismini yozdirishni maqsad qilganmiz.

■ Siz uchun otalik baxti nimadan iborat?

Minnatdorlikdan. Ota bo‘lganingda asosiy dastur ishga tushadi: nima uchun bu dunyoga kelgansan. Nasling davomchisini dunyoga keltirish uchun. Eng muhim chek-point. Men yangi vazifamni uzoq vaqt davomida anglab yetdim, buning uchun menga to‘rt oycha vaqt kerak bo‘ldi. Esimda, bir kuni ishdan kech kelganimda Miron karavotchasida yotgandi. U menga qarab, tabassum qilganida baxtiyorligimdan tizzamga yiqildim va bu tabassum —mening davomim, mening sevimli o‘g‘lim ekanligini to‘laqonli tushundim.

Reper Shokir Shukurbayev: Men o‘zbek  musiqasi butun dunyoda jaranglashi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman”, 7men.uz

■ 2025-yil arafasida obunachilarimizga qanday tilaklaringiz bor?

Fikrlaringizni bir yerga jamlang. Boshingizdagi qaysi shaytoncha oldinga intilishga yo‘l bermayotganini tushunib yeting. Go‘yoki, atigi uch qadam tashlasam yetaman, ammo negadir qadam tashlay olmayapman. Ana shunda menga halaqit qilayotgan xayollarni tutishga kirishaman. Men bu maqolani o‘qiyotgan barcha 2025-yilda o‘zlari erishadigan maqsadlardan, hamma o‘ylagan niyatlari amalga oshishidan qo‘rqmasliklarini tilayman.