Skip to main content

O‘zbekistonning  1-raqamli breykeri  Talgat Sherov Braziliyadagi jahon birinchiligiga borishdan oldin 7MEN tahririyatiga bir qancha harakatni ko‘rsatdi va raqsni hayotining asosiy mashg‘ulotiga aylantirish rejalari bor-yo‘qligini so‘zlab berdi.

O‘zbekistonning 1-raqamli breykeri Talgat Sherov batllar, musiqa va raqslar haqida, 7men.uz

Talgat Sherov

Biroz o‘tmishga qaytsak. Bir kuni men teleminora yonidagi sport majmuasiga navbatdagi tennis mashg‘ulotiga bordim, shundoqqina qo‘shni kortda esa sahna qurilayotgan, ovoz sinovdan o‘tkazilayotgan va yoritkichlar o‘rnatilayotgan ekan. Avvaliga kechqurun ochiq havoda qandaydir konsert bo‘lsa kerak deb o‘yladim, ammo keyinchalik yangiliklardan bu Red Bull BC One breykdens chempionati ekanligini bildim.

Bu turnir — dunyodagi eng nufuzli turnir hisoblanadi va uzoq vaqt davomida O‘zbekistonda o‘tkazilmagan. Yurtimizdan bo‘lgan ishtirokchilar Qozog‘istonga borib, u yerda Markaziy Osiyolik boshqa bi-boylar va bi-gyorllar (breykdensdagi raqqoslar aynan shunday ataladi) bilan bellashishgan. Biroq so‘nggi yillarda chempionat Toshkentda o‘tkazilayotgani tufayli raqqoslarimiz har yilgi jahon turnirida bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Qahramonimiz Talgat Sherov yigitlar o‘rtasida g‘olib bo‘lib, Braziliyada o‘tadigan yakuniy chempionatga yo‘llanma oldi. Yil oxirida u o‘z faoliyatida ilk bor u yerga boradi. Shu munosabat bilan biz u bilan uchrashib, shunday qiziqish hayot ishiga aylanishi mumkinmi, degan savolga javob berishini so‘radik.

 

O‘zbekistonning 1-raqamli breykeri Talgat Sherov batllar, musiqa va raqslar haqida, 7men.uz

Ba’zan fank xohlab qolaman. Ba’zan esa — “go‘sht”

■ O‘zingiz breykingni qanday qabul qilasiz — bu sportmi, qiziqishmi yoki ish?

Menimcha, bu allaqachon ishga aylangan. Men deyarli har kuni raqslar bilan shug‘ullanaman va shu orqali daromad qilaman.

■ Ya’ni, aytish mumkinki, siz raqqos bo‘lib ishlaysiz.

Yo‘q. Mening asosiy ishim bor: men o‘zbek seriallarini suratga oluvchi kompaniyada montajchiman. U yerda Instagram uchun “reels”lar tayyorlayman, ba’zida esa yirikroq loyihalarni ham suratga olaman. Ammo raqslar men uchun ikkinchi darajali mashg‘ulot, deb ayta olmayman.

Bu boshidanoq aynan raqsmidi? Yoki siz ularga qandaydir sport orqali kirib kelganmisiz?

Bolaligimda taekvondo va futbol bilan shug‘ullanganman — hammasi odatdagidek. Ehtimol, ota-onam meni u yerga yuborishgan. Lekin besh-olti yoshimda futbolni jiddiy narsa deb qabul qilmasdim, aniqrog‘i ko‘proq shunchaki vaqt o‘tkazish uchun borardim. Taekvondoga ham hech qanday qiziqishim yo‘q edi, opamga hamroh bo‘lib birga borardim, xolos. Ammo uyda raqsga tushishni doim yaxshi ko‘rardim, nimalarnidir suratga olardim. To‘g‘risi, o‘shanda breyking nimaligini bilmasdim, lekin bularning barchasi meni chindan ham qiziqtirardi.

■ Mashhur raqqoslarni tomosha qilganmisiz? Yoki filmlardan ilhomlanganmisiz?

O‘shanda “Oldinga qadam” (Shag vperyod) guruxi chiqqanmidi-yo‘qmi, esimda yo‘q. Ammo menda zo‘rg‘a ishlaydigan internet bor edi, men bu mavzuni o‘rgana boshladim. Bundan tashqari, men har doim o‘zimni suratga olardim, lekin hech qayerga joylamasdim – joylash uchun ham hech narsa yo‘q edi.

Shunday qilib, o‘n yoshligimda maktabimizga amaliyot o‘tash uchun bir qancha vaqt koreys tili darslarini olib borgan talabalar kelishdi. O‘shanda men breyking bo‘yicha birinchi murabbiyim Semyon Xam bilan tanishdim. Bir kuni do‘stlarim bilan maktabdan chiqdik, u esa bizga: “Bolalar, maktabingizda raqs, tektonika, xip-xop, breyk-dans ochidibdi” dedi. Esimda, o‘shanda bir-bir yarim soatlik mashg‘ulot uchun 2000 so‘m to‘lanardi. (Kuladi.)

■ Breyking mashg‘ulotlari umuman qanday bo‘ladi?

Avvalo majburiy chigalyozdi mashqlar: oyoqlar, qo‘llar, hatto barmoqlarga ham. So‘ng asoslarni o‘rganamiz. Masalan, toprok — yuqoridagi harakatlar, futwork — oyoqlar bilan ishlash. Bular murakkab harakatlar emas. Biror holatda muallaq qolganimizda frizlarni yoki aylanayotganimizda “power move” harakatini o‘rganish ancha qiyinroq.

Lekin, to‘g‘risini aytsam, o‘sha birinchi boshlagan damlarimda shug‘ullanish qiyin edi. Polda taxtalar orasida katta-katta yoriqlar bo‘lib, u yer-bu yerda hatto mixlar chiqib turardi. Dastlab ikkita do‘stim bilan birga bordim, keyinchalik ular darslarga kamroq qatnay boshladilar, men esa qoldim. Hozir Zlotnikov Dance Centerda mashq qilyapman, men Sergey Zlotnikovdan ko‘p narsa uchun minnatdorman, u doim meni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar mashq qilish kerak bo‘lsa, kechqurun ham kelish mumkin.

■ Birinchi konsertingiz esingizdami?

Bizda konsertlar emas, balki bellashuvlar bo‘ladi, ammo ularga ham barcha do‘stlarni taklif etish mumkin. Birinchi bellashuvimda meni guruhimizdagi eng kuchli, eng uslubli va istiqbolli raqibga qarshi qo‘yishdi. Uning ismi Kolya edi. O‘shanda men unga yutqazdim va o‘zimga, undan ham zo‘rroq bo‘lish uchun yanada ko‘proq mashq qilishga va’da berdim.

■ Bu yil Red Bull BC One’da ishtirokchilar soni nechta edi?

Erkaklar o‘rtasida 16 nafar ishtirokchi bo‘lib, musobaqalar olimpiya tizimi bo‘yicha o‘tkazildi. Ya’ni, mag‘lub bo‘lgan ishtirokchi darhol musobaqani tark etadigan jadval asosida. Qizlar esa juda kamchilikni tashkil  etdi.

■ Nega? Bu ayollar mashg‘uloti hisoblanmaydimi?

Ehtimol, hozircha shunday. Ammo dunyoda breyking bilan shug‘ullanuvchi qizlar juda ko‘p.

■ Biror marotaba sizga biror kishi aksini, raqs erkaklar ishi emasligini aytmaganmi?

Albatta, bunday gaplarni ko‘p bora eshitganman. Lekin vaqt o‘tishi bilan odamlar o‘zlari bu yerda yaxshi jismoniy tayyorgarlik zarurligini, bularning barchasini uddalash uchun kuch keraklininga amin bo‘lishadi. Bu ish zaiflar uchun emas.

■ Jismoniy kuch nuqtayi nazaridan — to‘g‘ri. Ammo erkak kishi, qisqa qilib aytganda, raqsda vaqt o‘tkazmasdan, oyoqqa turib, oilasi uchun pul topishi kerak, degan nuqtayi nazar jihatidan qaralganda, bu borada bosim yo‘qmi?

 Endi yo‘q. Ehtimol, ilgari ota-onamdan shunga o‘xshash gaplarni eshitgandirman, bu jiddiy emas, kelajakda daromad keltirmaydi, tarzidagi gaplar.

■ Ularga nima deb javob berardingiz?

Baribir raqs tushaverishimni, menga hech kim to‘sqinlik qilolmasligini, aytardim. Ehtimol, men biroz erka boladirman. Bizning mamlakatimizda, har holda, bolalarga va ular nima bilan shug‘ullanishiga juda qattiq munosabatda bo‘lishadi. Ba’zi ota-onalar farzandlariga shunchaki diniy e’tiqodlarga ko‘ra raqs tushishni man etadilar. Biroq ota-onam mening rivojlanayotganimni ko‘rishdi, ko‘chada sanqib yurmayapman, hovlida ichkilik ichmayapman.

Raqs bilan pul topishim mumkinligini esa allaqachon isbotlab kelmoqdaman. Raqslar tufayli dunyoning yarmini kezib chiqdim. Shuning uchun, endi savollar yo‘q. Adolat yuzasidan aytishim kerakki, faqat endigina bu ko‘nikmalar tobora ko‘proq daromad keltirmoqda. Musobaqalardagi g‘alabalardan tashqari, sizni konsertlarga raqqos sifatida taklif qilishlari mumkin, ba’zi brendlar o‘zlarining reklama kampaniyalari uchun raqqoslarga e’tibor qaratishmoqda.

■ Bu yil breyking umuman Olimpiya dasturiga kiritildi.

Ha. Ammo Olimpiadada, rostini aytsam, hamma narsa sport haqida. Juda murakkab harakatlar, kuchli frizlar – bularning barchasi ajoyib, lekin breyking dunyosida raqs birinchi navbatda sport emas, balki san’at sifatida qabul qilinadi. Musiqani qanday tinglashing, qanday ko‘rinishing, o‘zingni qanday namoyon qilishing, qanday obraz yaratishing muhim. Shuning uchun raqqoslarning o‘zlari Olimpiadaga uncha jiddiy qarashmaydi.

Musiqani qanday tinglayotganing, qanday ko‘rinishing, o‘zingni qanday namoyon qilishing, qanday shaxs ekanliging muhim

Bu figurali uchishga o‘xshaydimi? Qandaydir majburiy elementlar ro‘yxati…

Yo‘q, bizda to‘liq erkinlik bor, xohlaganingizni qilishingiz mumkin. Lekin, aytaylik, hakamlarda baholashlari uchun o‘z mezonlari bor. Va bu mezonlardan xulosa qilish mumkinki, g‘olib — eng chidamli, kuchli, tayyorgarlik ko‘rgan kishi bo‘ladi.

■ Lekin eng kreativ kishi emas.

Ba’zan shunday. Anderraund-bazmlarda musiqiylik, ijodkorlik, o‘ziga xoslik qadrlanadi va u yerda “mazali” raqsga tushgan, bundan o‘zi mast bo‘lgan odam g‘alaba qozonishi mumkin.

Olimpiadada ishtirok etish baribir qiziqarli, albatta, lekin bunga sport sifatida qarash uchun qayta tizimlashish kerak. Masalan, “bite” — “tishlamoq” so‘zidan kelib chiqqan bayt mavzusi bor. Bu bir bi-boy chin ma’noda boshqa bi-boydan qandaydir elementni o‘g‘irlashi va undan o‘z chiqishida foydalanishi. Umuman, bu juda yomon, batllarda hakamlar bunga juda keskin munosabat bildirishadi.

Ammo Olimpiadada bu holat mumkin ekan. Parijda xitoylik bir raqqos bor edi, uning har bir ishi bayt edi. Bular ijro etish uchun juda murakkab narsalar, lekin bari bir bayt. Olimpiadada va andegraund-batllarda bunga turlicha munosabat bildirishadi.

■ Avstraliyalik bi-gyorl Reychel Gann bilan bo‘lgan Olimpiadadagi voqea-chi, u o‘z chiqishlaridan keyin shunchaki memga aylandi. Bu aslida nima edi?

Hozir har qanday narsa mem bo‘lishi mumkin. Bilishimcha, unga Avstraliya va Okeaniyadan saralashdan o‘tish unchalik qiyin bo‘lmagan, bu yerda asosiy rolni aynan Olimpiadaga kvotalar bo‘yicha saralash o‘ynagan.

Albatta, Olimpiadani tomosha qilayotgan odamlar g‘ayrioddiy narsalarni kutishgandi. Ammo Gann raqslarida “noto‘g‘ri” hech narsa yo‘q, dunyoda undan ham yomonroq raqqoslar bor. Buni uning uslubi deb tasavvur qilishimiz mumkin, men aynan sport sifatida breyking va san’at sifatida breyking o‘rtasidagi farqlar haqida gapirdim – ikkinchisida nafaqat mahorat, balki o‘ziga xoslik ham qadrlanadi. Gann memga aylandi, chunki Olimpiada tomoshabinlari breykingni unchalik tushunmaydilar. Ehtimol, u andergraund bellashuvlarda ham g‘olib bo‘lmagan bo‘lardi, lekin u yerda ustidan kulishmasdi.

■ Siz “Osiyo Olimpiadasi” — Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgansiz.

Ha, u yerda men ilgari faqat videolarda ko‘rgan barcha bi-boylarni jonli ko‘rdim. Masalan, Venesuelalik bi-boy Lil Ji, uning chiqishlari doim meni hayratga solardi. Boshqa musobaqalarda, Braziliyada, men bellashuv jadvali bo‘yicha aynan u bilan yuzlashdim va biz hatto tay-breykgacha yetib bordik — bu durang bo‘lib, hal qiluvchi raundda hamma narsa hal qilinadi. Oxir-oqibat u bir-ikki ovoz bilan g‘alaba qozondi, lekin men hatto uni ham, nafaqat uni, balki boshqa ko‘plarni ham yutishim mumkinligini angladim. Bu yanada ko‘proq shug‘ullanishim uchun motivatsiya bo‘ldi. Ammo, masalan, keyingi Los-Anjeles Olimpiadasida breyking bo‘lmaydi.

■ Musobaqalarda sizga mutlaqo tasodifiy musiqa qo‘yishadimi? Yoki har kimning o‘zinikimi?

Yo‘q, bu doim tasodifiy musiqa bo‘ladi. U yerda batllarda ishlatiladigan treklarning miksi bo‘lgan didjey bo‘ladi. Ammo bizda oldindan tayyorlangan to‘plamlar bor, kimdir ularni bog‘lamlar deb ataydi, bular shunday mashq qilingan harakatlarki, ularni chiqish paytida aralashtirib foydalanishingiz mumkin. Raqqoslarning turli harakatlar arsenali qancha keng bo‘lsa, shuncha zo‘r bo‘ladi.

■ Lekin boshqalar nima tayyorlayotganini bilmaysiz-ku. Agar siz kimdir bilan bir xil harakatlarni qilib qolsangiz va buni bayt deb hisoblashsa-chi?

Albatta, odamlar allaqachon turli xil harakatlarni sinab ko‘rishgan. Biz bugun asosiy deb hisoblaydigan harakatlar qachonlardir, 1990 yillarda  yangi bo‘lgan. Lekin bu asosiy harakatmi yoki yo‘qligini doimo bilib olish mumkin. Agar bu asosiy harakat bo‘lmasa, faqat ikkita variant bor — yo u buni o‘zi o‘ylab topgan, yoki o‘g‘irlagan. O‘g‘irlanganligini qanday tushunish mumkin? Barcha raqqoslarning o‘z uslubi, o‘z ijro tarzi bor. Agar biror harakat uning odatdagi raqsiga o‘xshamasa, bu o‘g‘irlangan deb xulosa qilish mumkin. Hakamlar, albatta, ko‘proq tajribaga ega, ular buni tushunishadi. Lekin shunday ham bo‘ladiki, biz biror harakatni beixtiyor takrorlaymiz, ehtimol, hatto uni asl ijrosidagidan yaxshiroq bajaramiz.

Bir bellashuv qancha davom etadi?

Qat’iy chegaralar yo‘q. Ikki, uch raundli bellashuvlar bo‘ladi. Butun bellashuv taxminan besh-olti daqiqa davom etadi, bu vaqt ichida har bir bi-boy bir necha marta chiqib, taxminan 40–50 soniya raqsga tushadi. Raqsning o‘zida ham to‘liq erkinlik bor, raqqos ko‘proq vaqt ham raqsga tushishi mumkin.

■ Tushunishim bo‘yicha Red Bull BC One breyking olamidagi eng muhim musobaqa to‘g‘rimi?

 Ha, ko‘pchilik bi-boylar Red Bull BC One musobaqasini eng nufuzli deb hisoblashadi. U har yili o‘tkaziladi va agar siz uni yutsangiz, bu shubhasiz sizning jahon miqiyosidagi raqqos ekanligingizni ko‘rsatadi. Hatto 16 kishidan iborat asosiy guruhga tushib qolishning o‘zi ham katta yutuq. Har holda, hozir mening vazifam xuddi shunday.

Toshkentda o‘tkazilgan saralash turnirida g‘olib chiqqaningizdan so‘ng hali asosiy musobaqaga yo‘l olmadingizmi?

Men bilishimcha, dastlab Red Bull BC One butun dunyo bo‘ylab turnirlar o‘tkazadi va shu tariqa 32 nafar eng yaxshi raqqosni tanlaydi. Keyin ular bir-birlari bilan bellashishadi va eng yaxshi to‘rtlik, nihoyat, asosiy guruhga, TOP-16 talikka kiradi. Ushbu guruhdagi qolgan 12 kishini Red Bull BC One yil davomida o‘zini eng yaxshi ko‘rsatgan raqqoslar orasidan o‘zi tanlaydi. Natijada, tashkilotchilar tomonidan taklif qilingan 12 ta eng yaxshi raqqos va saralash bellashuvlaridan o‘tgan to‘rt nafar raqqos chiqadi.

■ U yerda yana qaysi mamlakatlar ishtirokchilari bo‘ladi?

Koreya, Niderlandiya, Yaponiya, Venesuela, Fransiya, Misrdan ishtirokchilar tashrif buyuradi.

■ Breykingda aniq ustunlik qiladigan mamlakatlar bormi?

Odatda, koreyaliklar va yaponlar har doim kuchli hisoblanishgan.

■ Nimaga?

Menimcha, ular mehnatkash bo‘lganlari uchun.

■ Unda nima uchun, xitoyliklar emas, masalan??

Yaqinda ular ham breykingga kirishdi, ilgari Xitoydan hech kim yo‘q edi. Ular juda murakkab harakatlarni bajarishadi, lekin gap shundaki, bularning aksariyati — baytdir. Umuman olganda, bi-boylar doimo sayohat qiladilar, ular geografik jihatdan biron-bir maktabga, masalan, jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanuvchi sportchilar kabi unchalik bog‘lanmagan.

■ Breyk-dans qachon breykingga aylandi?

Raqqoslarning o‘zlari o‘zaro “breyk-dans” deyishmaydi. “Bi-boying” yoki “breyking” deyish mumkin. Shunchaki hozir hamma buni bildi — chamasi, Olimpiya o‘yinlari tufayli.

Unda breyk-dans qayerdan paydo bo‘ldi?

Afrika Bambaataa ismli didjey va prodyuser bor, uning treklarida sof barabanlar chalinadigan fragmentlar tez-tez uchraydi. Bu qismlarda nog‘orachilar biz hozir raqsga tushishga odatlangan bitlarni chalishadi. Barabanli bu qismlar breykbit deb ataladi. Ularning ostidagi raqslar esa, mos ravishda, breyk-dans deb atala boshlandi.

■ Siz o‘zingizga qanday musiqa tanlaysiz?

Hozir aynan bellashuvlar uchun musiqa yaratayotgan didjeylar ko‘p. Ha, raqslarning o‘zi ham faol ravishda o‘zgarib bormoqda, haqiqiy “go‘sht” sodir bo‘ladigan new-school-breykingning ko‘plab yo‘nalishlari mavjud: u yerda gitara yoki baraban kabi ko‘plab cholg‘ular yo‘q, juda ko‘p elektron ovozlar bor. Ammo aksariyat raqqoslar hali ham haqiqiy cholg‘ular mavjud bo‘lgan qandaydir “estetik” narsa ostida raqsga tushishadi. Bu vaziyatga qarab — ba’zan “fank”ni, ba’zan “go‘sht”ni xohlaysiz.

■ Necha yoshgacha breykingda raqs tushishadi?

Har xil bo‘ladi. 50 yoshli raqqoslar ham bor, lekin ular, to‘g‘risi, o‘z ustaligini isbotlab bo‘lishgan, hozir mamlakatlarni kezib, mahorat darslari berishadi, hakamlik qilishadi.

■ Kelajagingizni shunday tasavvur qilasizmi?

Har kimning o‘z yo‘li bor. Hozircha musobaqalarga aynan shunday qatnashaman degan aniq rejam yo‘q. Men O‘zbekistonda media orqali ham rivojlanishni rejalashtirganman, balki qandaydir blogerlikka o‘tarman. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar yaxshi rivojlanish imkonini beradigan kuchli vositadir. Raqsdan tez charchash mumkin, shuning uchun men har doim raqsdan tashqari boshqa narsa bilan shug‘ullanishni xohlayman.

O‘zbekistonning 1-raqamli breykeri Talgat Sherov batllar, musiqa va raqslar haqida, 7men.uz

Pidjak jun va ipak aralash matodan — Feraud
Shim chiyduxoba matosidan — HILTL
Kardigan tabiiy jun matosidan, sviter — LUIGI BORRELLI
Charm krossovka — HOGAN