O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchi trevel-blogger Dilmurod Axmedov @axmedov_dilmurad Instagramda safarlari haqida obunachilariga gapirib berar ekan, noyabr oyida Orol dengiziga borgani va taassurotlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
2024-yilda men O‘zbekistonning ko‘plab ajoyibu g‘aroyib joylarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim, shuningdek, nihoyat Orol dengizini borib ko‘ra oldim. Anchadan beri u yerga borishni va oldingi Orol dengizidan bugungi kunda nimalar qolganini ko‘rishni istayotgandim.
Toki tirik manzarani real hayotda ko‘rmaguningizcha, u yerda nimalar sodir bo‘layotganini tushunish qiyin. Orol dengizi — bir vaqtlar mavj urib turgan katta ko‘lning bir bir qismi sifatida qolgan. O‘ylab ko‘ring: 68 ming kvadrat kilometr suv bor-yo‘g‘i yarim asrda 3,5 mingga aylangan.
Men Orol dengizi atrofidagi 800 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdim, Borsakelmasning sho‘rxok tuprog‘iga boqar ekanman — bu yerni yomg‘ir suvining yupqa qatlami bilan qoplangan tuz vodiysi degan bo‘lar edim. Aytgancha, mana shu joyda tuz qazib olinadi.
Ha yana, bir vaqtlar katta dengiz tubi bo‘lgan cheksiz cho‘lu biyobon manzarasini aks ettiruvchi Ustyurt platosini ham bo‘ldik. Orol dengizi qirg‘og‘iga borib, ilgari kemalar bog‘lab qo‘yiladigan joyda turar ekanman, birorta ham chag‘alay qushlarining sasini eshitmadim. Meni faqat shamol va to‘lqinlar ovozi qamrab oldi, hammasidan ham achinarli bo‘lgani: bu yerda boshqa tirik mavjudotlar yo‘qligi. Faqat suv va tuz, xuddi O‘lik dengiz kabi edi. Oqtumshuq burnida turar ekanman, suvning qanchalik kamayib chekinayotganini ko‘rdim. Yo‘limizning so‘nggi nuqtasi esa “kemalar qabristoni” bilan mashhurlik qozongan Mo‘ynoq bo‘ldi.
To‘g‘risini aytsam, bularning barchasi juda qayg‘uli manzara edi: quruq shamol, tuz, qum va cheksiz cho‘lu biyobon. Lekin Orol dengizi har yili mavsumga qarab ikki kvadrat kilometr tiklanadi, deyishadi. Ehtimol, o‘nlab yillardan keyin biz bu yerda ulkan dengiz uzra charx urayotgan chag‘alaylar ovozini eshitarmiz.
Hozirda bu yer avtoturizm uchun eng ma’qul joy degan bo‘lar edim. Bu yerga kelsangiz, Ustyurt platosi uzra hayratlanarli tarzdagi quyosh botishini ko‘rishingiz, sirli Borsakelmasning sho‘rxoq yerlari bo‘ylab yugurib zavqlanishingiz va Orol dengizi sohilidagi mehmonxonada vaqtingizni ajoyib tarzda o‘tkazishingiz mumkin. Bularning barchasi xotirangizda uzoq vaqt saqlanib qoladi, deya olaman.
Bahor va kuz — bu yerga kelish uchun eng yaxshi fursat. Men noyabr oyida keldim: havo g‘oyat sovuq va izg‘irin shamolli edi, shuning uchun sentyabr — oktyabr, aprel va may oylarida safar qilgan ma’qul. Yozda bu joylar chidab bo‘lmas darajada issiq bo‘ladi.
Shuningdek, mahalliy yo‘lboshlovchilardan birontasini o‘zingizga hamroh sifatida olishni tavsiya qilaman. To‘g‘ri, yo‘nalishlar xaritada ko‘rsatilgan, lekin hayhotdek cho‘lu biyobonda turli tomonga eltuvchi yo‘llar juda ko‘p, mahalliy aholi vakillari esa qayerga borishni hammadan ko‘ra yaxshiroq biladi. Sayohat qiling va ona tabiatni asrab-avaylang!