Chevrolet Tracker ixcham krossoveri mahalliy avtoishqibozlarga yaxshi tanish. O‘zbekistonda bu modelni yirik bo‘g‘imli yig‘ish jarayoni 2018-yilda boshlangan. 2022-yilda esa ayrim yangilanishlarga uchragan krossoverning to‘liq ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, yaqinda Tracker yana bir butlanish – Redline jihozlariga ega bo‘ldi. 2023-yil modelini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Mardonavorlik va qat’iyat
Tan olib aytish kerak, Tracker imkon qadar jozibali ko‘rinishga ega bo‘lgan. Kuzovning mardonavor relyeflari, faralarning jiddiy dizayni, shakldor bamper va radiatorning qora ko‘p darajali panjarasi zarur taassurotni yuzaga keltiradi. Aytgandek, oldindagi yorug‘lik diodli faralar burilishni yoritish funksiyasi bilan ta’minlangan bo‘lib, bu manyovr vaqtida yoritish burchagini kattalashtiradi. Redline obrazini qizil urg‘u berilgan 17 dyuymli quyma disklar to‘ldirgan. Xulli shunday ajratib turuvchi hislat yon ko‘zgular va radiator panjarasida ham mavjud. Shu o‘rinda, mazkur butlanishda orqa yon oynalar ham qoraytirilgan. Avtomobil yetti xil rang yechimida taqdim etiladi: Black Kettle Metallic (qora metallik), Summit White (oq), Darkmoon Blue Metallic (to‘q ko‘k metallik), Satin Steel Gray Metallic (kulrang metallik), Pow Zinga Metallic (firuzarang elektra metallik), Red E or not (olcharang metallik) va Switch blade silver (kumushrang metallik).
Yuqorida qayd etilganidek, Tracker ixcham shaharbop krossoverlar toifasiga mansub, shu bois undagi kuzov o‘lchamlari ham muvofiq ravishda:
Uzunligi — 4270 mm
Kengligi — 1791 mm
Balandligi — 1624 mm
G‘ildiraklar bazasi — 2570 mm.
To‘liq jihozlangan holatda Tracker vazni 1350 kilogammni tashkil qiladi.
Shinamlik va qulaylik
Ichkariga nazar tashlaymiz. Avvalo, birinchi qulaylik – salonga kalitsiz kirish va dvigatelni ishga tushirishni qayd etish kerak. Modelning interyeri xuddi tashqi qiyofasi singari uslubiy, tajovuzkor, sportga xos urg‘ularga ega – bu borada uyg‘unlik to‘laqonli bajarilgan. O‘rindiqlar qoplamasi aralash: mato va qizil chiziqli sun’iy charm (yana pozitsiya nomlanishiga havola). Salon ichi ancha shinam. Bularning bari orqada o‘tirganlarning yelka va tizzalari uchun makon yaxshi maqbullargani sababli. Avtomobildagi barcha o‘rindiqlar elektron sozlagich va isitish tizimiga ega.
Shuningdek, avtomobilda deyarli butun tomni egallagan katta manzarali lyuk o‘rnatilgan bo‘lib, u yo‘lovchilarga ajoyib ko‘rinishni ta’minlaydi. Haydovchi o‘rindig‘iga o‘tamiz. Qarshimizda charm bilan qoplangan elektr kuchaytirgichli va ostidan relefli halqa bilan kesilgan uch o‘qli rul (ha, rul ham isitiladi). Uning yordamida Bluetooth orqali qo‘ng‘iroq qilishingiz, balandlikni sozlashingiz va pleyerdagi musiqani o‘zgartirishingiz mumkin. Rul chambaragi ortida – sayoz “chuqurliklarda” joylashgan ikkita analog shkala hamda ular orasidagi bort kompyuterining rangli tablosidan iborat ixcham moslamalar paneli. Markaziy konsol boshida 8 dyuymli multimediya (sensorli, rangli) panel, pastroqda esa mikroiqlim boshqaruvi bloki joylashgan. Aytgandek, Redline modelida iqlim-nazorati ko‘zda tutilgan.
Avval aytib o‘tganimizdek, dvigatelni ishga tushirish uchun kalit o‘rniga «start-stop» tugmasi javob beradi va u o‘g‘irlab ketishdan qo‘shimcha himoyani ta’minlaydi.
Bagajnikni ko‘rib chiqamiz. Bir qarashda uning sig‘ini ancha kamtarona – atigi 390 litr. Biroq sun’iy pol ostida turli mayda-chuydalar uchun qo‘shimcha 36 litrli bo‘lma mavjud. Bundan tashqari, ikkinchi o‘rindiqlar qatori ikki xil qismga bo‘lib tekis maydoncha holatida yig‘iladigan bo‘lsa, bagaj bo‘lmasi sig‘imi 1311 litrgacha oshadi.
Texnologiyalar va xavfsizlik
2023-yil namunasidagi Chevrolet Tracker Redline turli opsiyalarning keng to‘plamini qamrab olgan. Masalan, yon ko‘zgular va oynatozalagichlar isitilishi mavjud. Bundan tashqari, orqa ko‘rish yon ko‘zgulari elektrga ulangan, masofadan boshqariladi va oynatozalagichlarni takrorlaydi. Haydash chog‘ida yordam ko‘rsatish uchun kruiz-nazorati, to‘xtab turishda esa – old va orqa parktroniklar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, orqaga uzatish yoqilganida 130 daraja burchak ostida va 10 metrgacha masofaga ko‘ruvchi orqani ko‘rish kamerasi faollashadi.
Umuman olganda, «Treker»da xavfsizlik borasida hammasi kerakli darajada. Bu yerda old va yon xavfsizlik yostiqlarining to‘liv to‘plami, ABS va ESC, turli datchiklar (yomg‘ir, yorug‘lik), yashirin hududlar va shinalardagi bosim monitoringi va yana ko‘plab tizimlar mavjud.
Hammasidan tashqari, tog‘ga ko‘tarilishda va past tezlikda tormoz berishda yordam ko‘rsatish, qarama-qarshi to‘qnashuvdan ogohlantirish va oldinda borayotgan avtomobilgacha masofa indikatori tizimlari mavjud… Xullas, barchasi yo‘lda “ortiqcha asabiylashish”ning oldini olish uchun yaratilgan.
Baquvvat va tejamkor
Old privodli Tracker Redline avtomobilida turbouzatkichli zamonaviy 3 silindrli ECOTEC dvigateli o‘rnatilgan. Bu avtomobilga yetarlicha quvvatli va bir vaqtning o‘zida tejamkor bo‘lish imkonini beradi. Shu asnoda, modelning maksimal quvvati daqiqasiga 5500 aylanmada 123 ot kuchini, tezligi esa – soatida 180 kilometrni tashkil qiladi. “Treker” noldan yuzgacha 11,1 soniyada chiqadi. Tezliklarni o‘zgartirish 6 bosqichli avtomat uzatgichlar qutisi yordamida amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda, xarajatlar haqida: Redline aralash yurishda 100 km masofaga 6,5 litr va trassada 5,5 litr yoqilg‘i iste’mol qiladi. Qayd etish kerakki, har qanday xetchbek bunday sig‘imlar bilan maqtana olmaydi. Yoqilg‘i bakining sig‘imi – 44 litr. Bunday avto uchun tavsiya etilgan yoqilg‘i – AI-92 va AI-95, biroq aslo AI-80 emasligini aytish zarur bo‘lmasa kerak.
Kim uchun mo‘ljallangan
Aslida bu ixcham krossover universal xususiyatga ega: u ofisda ishlash, tabiat qo‘ynida dam olish yoki uzoq muddatli sayohat uchun mos keladi. Avtomobil barcha xavfsizlik talablariga javob beradi, ko‘p sonli opsiyalarga ega va anchagina tejamkor: chamasi, qomatini nazorat qiladi – axir u ixcham krossover-ku. Shu bois, narxi 285 milliongacha (maqola yozilgan vaqtdagi narxi) bo‘lgan zamonaviy va uslubga mos mashinani izlayotgan bo‘lsangiz, Tracker Redline, ehtimol, eng maqbul variant ko‘rinadi.